Spiker oʻrinbosari boshchiligidagi ishchi guruh Navoiyda tomorqa xizmati klasteri tashkil qilish ishlari bilan tanishdi

08:04 09 Iyul 2020 Siyosat
399 0

Koronavirus pandemiyasi davrida tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, “Tomorqa xizmati” MCHJ moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda mahsulotlarni eksport qilish imkoniyatlarini yana-da koʻpaytirish ustuvor vazifa etib belgilandi. Negaki, hamma vaqt tiriklik manbai boʻlib kelgan yerdan oqilona foydalanish qishloq xoʻjaligini barqaror rivojlantirishning zaruriy sharti, farovon hayotimizning mustahkam poydevoridir.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 30-iyundagi “Aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori odamlarning oʻz tomorqasidan daromad topish manbalarini kengaytirish, ularga koʻproq qulayliklar yaratishda muhim huquqiy asos boʻldi. Ayni paytda mazkur qaror ijrosini taʼminlash boʻyicha joylarda keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, OʼzLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Haitov Navoiy viloyatidagi uchrashuvi davomida odamlarning oʻz tomorqasidan daromad topish manbalarini kengaytirish, ularga koʻproq qulayliklar yaratish borasida olib borilayotgan ishlar bilan birga, mazkur hujjatning joylardagi ijrosini ham oʻrgandi.
 

Maʼlumki, joriy yilda respublika boʻyicha 25 ta tomorqa xizmati klasteri tashkil qilish rejalashtirilgan. Navoiy viloyatining Karmana tumani ana shu tumanlardan biri.

Ayni damda bu yerda xonadon sharoitida 2 sotix yer maydonida Fransiyaning intensiv zotdor kurkasi koʻpaytirilib xonadonlarga tarqatilmoqda. Bu yerda 8 tonna baliq yetishtirilgani yigʻilganlar eʼtiborini tortdi. Zero, bu parrandalar 20-25 kilogrammgacha goʻsht beradi.

Spiker oʻrinbosarining uchrashuvi jarayonlarida yangi tashabbuslar qanot yozdi. Xususan, yarim gektarli koʻchatchilik issiqxonasi, 209 tonnalik muzlatgichli ombor, meva sabzavotlarni quritish sexi va boshqa aholiga xizmat qiluvchi tizimlar tashkillashtirilishi rejalashtirildi.

Endilikda bunday korxonalarning oʻz yer maydonlariga ega boʻlishi koʻchatchilikka ixtisoslashgan 20-30 sotixli issiqxonalar qurib, ularda kafolatlangan koʻchat yetishtirish va aholi xonadonlariga yetkazib berish imkoniyatini yaratadi.

Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, 2018-yilda tomorqa xizmati klasterlari 128 ta, 2019-yilda 244 tani tashkil qilgan boʻlsa, joriy yilda mazkur koʻrsatkich 314 taga ortishi belgilangan.

— Mazkur loyiha qiymati 165 milliard soʻmni tashkil qilib, bu klasterlar “Tomorqa xizmati” MCHJlar negizida bunyod etiladi, – dedi A.Haitov. – Oʻz mablagʻi 63 milliard soʻmdan iborat boʻlsa, Fermerlar kengashi huzuridagi jamgʻarmadan 102 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi belgilangan. Masalan, 7,5 milliard soʻm mablagʻ evaziga barpo boʻlgan bitta tomorqa xizmati klasteri 10-12 mingta xonadonni qamrab oladi. 35 ta ish oʻrni yaratilishi bilan 500-600 dollar daromad olinadigan yillik eksport yoʻlga qoʻyiladi.

Spiker oʻrinbosari shu yerda aholi bilan suhbatlashib, ularga davlatimiz rahbarining qarori mazmun-mohiyatini tushuntirdi. Oʻz navbatida, fuqarolarga har bir ishni ehtiyotkorlik bilan, karantin qoidalariga rioya qilgan holda bajarish lozimligini taʼkidladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, OʼzLiDeP fraksiyasi rahbari A.Haitovning joylardagi uchrashuvlari davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?