Spiker oʻrinbosari boshchiligidagi deputatlar Soʻx tumaniga tashrif buyurdi

14:39 04 Iyun 2020 Siyosat
4861 0

Joriy yilning 31-may kuni Oʻzbekiston – Qirgʻiziston davlat chegarasi “Chashma” uchastkasida Oʻzbekiston va Qirgʻizistonning chegaradosh hududlari aholisi oʻrtasida mahalliy darajadagi hodisa yuz berdi.

Voqea sabablarini ikki tomon rasmiy shaxslari oʻrganishi shuni koʻrsatdiki, Chashma bulogʻining ariqlarini birgalikda tozalash paytida yuzaga kelgan bahslashuv natijasida ikki mamlakatning ayrim fuqarolari oʻrtasida mojaro kelib chiqqan.

Shu sababli davlatimiz rahbarining topshirigʻi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov zudlik bilan voqea joyiga yetib keldi va Qirgʻiziston Respublikasi hukumati rahbari vazifasini bajaruvchi K.Boronov bilan uchrashuv oʻtkazdi. Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikka oid keng koʻlamli masalalar muhokama qilindi.

Ayni damda hukumat komissiyasi hududdagi muammolarni oʻrganib, vaziyatni barqarorlashtirish, ijtimoiy-siyosiy holatni yaxshilash, aholi muammolarini oʻrganish va hal qilish borasida manzilli birlamchi vazifalar dasturini ishlab chiqyaptilar.

Taʼkidlash joizki, ushbu voqea Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, ayniqsa, parlament quyi palatasidagi OʼzLiDeP fraksiyasi aʼzolarini ham befarq qoldirmadi.

Spiker oʻrinbosari A.Xaitov boshchiligidagi bir guruh deputatlar, tadbirkor va fermerlar bir tanu bir jon boʻlib, hududdagi mavjud muammolarni aniqlagan holda, ularni bartaraf etish borasida faollik va fidoyilik koʻrsatmoqda.

Aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbai boʻlgan tomorqachilikni rivojlantirish, aholini oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan birlamchi talabini qondirish, tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab‑quvvatlash orqali ishlab chiqarish surʼatlarini tiklash va tadbirkorlarni barqaror faoliyat yuritib ketishi zarur sharoitlarni yaratish choralarini koʻrmoqda.

Shuningdek, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi vakillari hamda “Tomorqa xizmati” MCHJlari qaysi turdagi ekinlarni ekish, parvarishlash, mahsulotni yigʻib olish va uni sotish boʻyicha amaliy yordamlar koʻrsatayotir.

Bugungi kunda tumanda 47 ta fermer xoʻjaliklari mavjud boʻlib, ularga 692 gektar ekin yer maydonlari biriktirib berilgan. Shundan 37 ta fermer xoʻjaligi bogʻdorchilik yoʻnalishida, 6 tasi chorvachilik, 4 ta xoʻjalik esa parrandachilik va tutchilik yoʻnalishida faoliyat yuritadi.

Lekin ayni paytda tumanda aholi bandligini taʼminlash, yoshlarni kichik biznes subyektlariga jalb etish, ularning istiqbolli loyihalarini qoʻllab-quvvatlashga eʼtibor yetarli darajada emas. Vaholanki, ularda koʻplab istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, yangi ish oʻrinlari yaratish imkoniyati mavjud. Ushbu muammoga faqat tumandagi suv taʼminotini yaxshilash va tomorqadan samarali foydalanish orqali yechim topish mumkin.

Uchrashuvlar davomida «Tomorqa xizmati» korxonalarini texnika taʼminotini yaxshilash uchun moliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralari belgilanib, xalqimiz orasida tomorqasidan yuqori hosil olayotgan omilkor insonlar tajribasini ommalashtirish, tomorqalarda bozorbop ekinlar ekilishini tashkil etish boʻyicha zarur tavsiyalar, maslahatlar berildi.

Endilikda tumandagi mavjud fermer va shirkat xoʻjaliklari uchun ajratilgan yer maydonlarida hududdagi ishsiz fuqarolar biriktirilib, ularni bandligini taʼminlashga erishiladi.

Shu bilan bir qatorda tuman deputatlariga, tadbirkorlariga amaliy yordam berish maqsadida partiyaning doimiy hamkorlikda ishlovchi ishchi guruhi tuzilib, pandemiya sharoitida yuzaga kelgan dolzarb muammolarni, jumladan, karantin cheklovlari sababli vaqtincha ishsiz qolgan fuqarolarni bandligini taʼminlash choralari koʻriladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosarining Fargʻona viloyatidagi oʻrganishlari davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?