Spiker oʻrinbosari Amudaryo tumanida qanday obyektlar faoliyati bilan tanishdi?

13:27 07 Oktyabr 2020 Jamiyat
255 0

Yoshlar masalasi mamlakatimizda olib borilayotgan davlat siyosatining eng muhim ustuvor yoʻnalishi sanaladi. Bugungi kunda faqat yuksak bilimli, zamonaviy fikrlaydigan yoshlargina mamlakatning buyuk kelajagini taʼminlashi mumkin.

Vatanimiz kelajagi, xalqimizning ertangi kuni, mamlakatimizning jahon hamjamiyatida munosib obroʻ-eʼtiborga ega boʻlishi esa yoshlarning bugun qanday taʼlim-tarbiya olishi, qanday inson boʻlib hayotga kirib kelishiga bogʻliq. Zero, buyuk yunon olimi Aristotel aytganidek, “Vatan taqdirini yoshlar tarbiyasi hal qiladi”.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, OʼzLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi tashrifini amudaryolik yoshlar bilan muloqot qilishdan boshladi.

Uchrashuvda partiya Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kengashi vakillari, tuman hokimi, xalq deputatlari tuman kengashidagi  OʼzLiDeP deputatlik guruhi aʼzolari hamda “Yoshlar qanoti” faollari ishtirok etdi. 

Oʻzaro muloqotlar chogʻida davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasining yetmish beshinchi sessiyasidagi nutqi chindan ham tarixiy voqea boʻlgani aytib oʻtildi.  

— Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida soʻzlagan nutqida boshqa koʻpgina muhim masalalar qatori Yoshlar huquqlari boʻyicha xalqaro konvensiyani qabul qilishga oid Oʻzbekiston tashabbusiga yana bir bor jahon hamjamiyatining eʼtiborini qaratdi, — deydi Spiker oʻrinbosari A.Xaitov. — Negaki, unib-oʻsib kelayotgan yosh avlodning barkamol boʻlib voyaga yetishi, sifatli va mukammal taʼlim olishini taʼminlash hamisha ustuvor vazifa hisoblanib kelgan.

Suhbat va muloqotlar davomida yoshlarning fikr va takliflari tinglandi. Xususan, xalq noibi T.Yusupova “Temir daftar”ga kiritilgan ayollarning bandligini taʼminlash maqsadida tuman aholi bandligiga koʻmaklashish markazi bilan hamkorlikda bepul oʻquv kurslar tashkil etib, xotin-qizlarga tikuvchilikni sir-asrorlarini oʻrgatish taklifini bildirdi.   

Spiker oʻrinbosari yigʻilishda koʻtarilgan barcha takliflarni qoʻllab-quvvatlab, mutasaddilarga ularni oʻz vaqtida amalga oshirish boʻyicha zarur koʻrsatmalar berdi.

A.Xaitov tadbirkor taklifini qoʻllab-quvvatladi

Pandemiya tufayli koʻplab fuqarolar daromad manbaidan uzilib, vaqtincha ishsiz qoldi. Shu bois tumanda kambagʻallikni tugatish maqsadida mahallabay, tumandagi sektorbay ishchi guruhlar tuzilib, har bir xonadonning yashash sharoiti oʻrganib chiqilyapti. 

Xoʻsh, bugun tumanda aholi bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha qanday ishlar olib borilmoqda? Pandemiya sababli yuzaga chiqqan bu kabi muammolar bartaraf etilyapti?

Xalq vakili, OʼzLiDeP fraksiyasi rahbari A.Xaitov tumandagi uchrashuvlari doirasida shu masalalar bilan birga, koʻplab tadbirkorlik subyektlari, fermer xoʻjaliklari va tomorqa xizmatlari  faoliyati bilan tanishdi.   

Tumandagi «Tamara-tekstil» MCHJning faoliyat boshlaganiga 2 yildan oshdi. Korxonada asosan ayollar va bolalar kiyimlari, maktab formalari, xotin-qizlar uchun koʻylaklar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqariladi.

Ishchi guruh aʼzolari korxona faoliyati bilan tanishar ekan, tadbirkorning taklif va muammolari, kelgusidagi rejalari bilan qiziqdi.

Yuzma-yuz muloqotlar chogʻida korxona rahbari Tamara Yusupova faoliyatini yana-da kengaytirish, yangi ish oʻrinlari yaratish harakatida yurganini aytdi. A.Xaitov bu masalada qanday muammolar boʻlsa, deputatlar ularni bartaraf etishga tayyorligini bildirib, mahsulotlarni xorijga eksport qilish boʻyicha zarur tavsiyalar berdi.

Asosiy maqsad – oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash

 Amudaryo xalqi mirishkor, dehqonchilikning hadisini olgan. Tuman qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan boʻlib, hududda asosan meva-sabzavot, poliz ekinlari yetishtiriladi.

“Amudaryo tomorqa xizmati klasteri” MCHJ tomorqa yer egalari, dehqon va fermer xoʻjaliklariga xizmat koʻrsatish bilan birga, ular tomonidan yetishtirilgan mahsulotlarni uzoq muddatda sovutqichda saqlab beradi.

Spiker oʻrinbosari boshchiligidagi ishchi guruh aʼzolarining uchrashuvlari mazkur jamiyatda davom etdi.

— Hozir butun dunyoda kechayotgan pandemiya har bir davlatga oʻzining mavjud ichki resurslarini koʻrib chiqib, foydalanilmagan imkoniyatlarini ishga solishi lozimligini koʻrsatdi, — dedi A.Xaitov. — Shu sababli yurtimizda tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, “Tomorqa xizmati” MCHJ moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Masalan, hozirgi kunda “Amudaryo tomorqa xizmati klasteri” MCHJ negizida tomorqa xizmati klasterini tashkil etish ishlari jadal tusda olib borilmoqda. Umumiy qiymati 4,8 mlrd soʻmlik loyiha doirasida 15-17 ming xonadon qamrab olinadi. Maqsad bitta – dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalariga ajratilgan maydonlardan samarali foydalanish, qishloq aholisining bandligi va turmush darajasini oshirish.

Uchrashuvda tadbirkor kelgusida ham rejalari katta ekanini, faoliyatini yana-da kengaytirish maqsadida muzlatgich yonidan mevalarni quritish sexlari, koʻchat pomidor yetishtirish uchun issiqxona qurmoqchiligini qayd etdi.

 Spiker oʻrinbosari bu tashabbusni toʻliq qoʻllab-quvvatlab, faoliyatini kengaytirishda deputatlar hamda Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi koʻmaklashishini maʼlum qildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?