Spiker oʻrinbosari Aktam Xaitov Muzrabotda investor muammosini oʻz nazoratiga oldi

12:27 17 Sentyabr 2020 Jamiyat
132 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov Surxondaryo viloyatida boʻlib, qator tadbirkorlik subyektlari, ishbilarmonlar, fermerlar va tomorqa xizmati vakillari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Spiker oʻrinbosari Aktam Xaitov Muzrabot tumanida ham boʻlib, “BIO AGRO-Amudaryo” xususiy xorijiy korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Bu yerda bir sutkada 300-400 tonna pomidor qayta ishlanib, 50 tonna tomat pastasi ishlab chiqariladi. Mazkur jarayonga shartnoma asosida ishga qabul qilingan 40 nafar mahalliy aholi vakili yordam berishmoqda.

— Korxonaning toʻliq quvvat bilan ishlashi uchun 1 sutkada 1200 tonna pomidor mahsuloti kerak boʻladi va yana 150 ta yangi ishchi oʻrin yaratiladi, — deydi korxona rahbari Rizo Soqolli. — Hozirgi kunda xususiy xorijiy korxonamizga qarashli Denov tumanida 600 gektar, Muzrabot tumanida esa 500 gektar yerda mahsulot yetishtirilmoqda.

Uchrashuv davomida mazkur korxona vakillari qator taklif va muammolarini ham bildirib oʻtdi.

Muzrabot tumanida 300 gektar maydonga uzum, 200 gektar yerga anor ekilgan. Uzum ekilgan yer uchun viloyat hokimini qarori chiqqan, biroq anor ekilgan yerga faqat tuman hokimining qarori chiqarilgan xolos. Bundan tashqari, Oltinsoy tumanidan pomidor mahsulotlarini ekish uchun 200 gektar yer ajratilsa, korxonaning toʻliq quvvat bilan ishlashi uchun ayni muddao boʻladi. Tadbirkor ushbu masalalar yuzasidan yordam soʻradi va A.Xaitov mazkur muammolarning ijobiy yechim topishida koʻmaklashadigan boʻldi.

Darvoqe, zavodning orqa tomonida “BIO AGRO Amudaryo” xususiy xorijiy korxonasiga qarashli 2 gektar joyda zamonaviy issiqxona qurilgan. Qolaversa, yana 20 gektar maydonda zamonaviy issiqxona qurish uchun Oʻzbekistonga qurilish materiallari olib kelib qoʻyilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?