Spiker oʻrinbosari 551 400 AQSH dollarlik mahsulot eksport qilgan «Sherobod Agro Impeks» MCHJga bordi

19:28 19 Sentyabr 2020 Jamiyat
514 0

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari sifatini va eksport salohiyatini oshirishga boʻlgan yondashuv mutlaqo oʻzgardi. Zero, oziq-ovqat xavfsizligi mamlakat aholisini shu kabi asosiy mahsulotlar bilan oʻzini oʻzi, mustaqil taʼminlashga qodirligini ifodalaydi.

Shu boisdan, koronavirus pandemiyasi davrida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbai boʻlgan tomorqachilikni rivojlantirish, tomorqa maydonlariga bozorbop ekinlar ekilishini tashkil qilishga alohida eʼtibor qaratildi. Issiqxona tashkil etib, tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻymoqchi boʻlgan fuqarolarga imtiyozli bank kreditlari ajratib berildi.

Xoʻsh, bugun fuqarolarimiz bu imkoniyatlardan qanday foydalanyapti? Tomorqalarda yetishtirilayotgan mahsulotlar ichki bozorlarga yetkazib berilyaptimi?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari A.Xaitov Surxondaryo viloyatidagi uchrashuvlari chogʻida Sherobod tumanidagi «Sherobod Agro Impeks» MCHJda ham boʻlib, ayni shu jihatlarga alohida eʼtibor qaratdi.

Hozirgi kunda jamiyat tomonidan 23 gektar yer maydonida tomchilatib sugʻoriladigan issiqxona barpo etilgan boʻlib, bu yerda pomidor va bulgʻor qalampiri yetishtirilmoqda. Quvonarlisi, gidroponika usulida qurilgan issiqxonada yetishtirilayotgan mahsulotlar nafaqat ichki bozor, balki tashqi bozorga ham xaridorgir. Xususan, korxona tomonidan joriy yilning oʻzida 551 400 AQSH dollarlik poliz mahsulotlari Rossiya davlatiga eksport qilingan.

A.Xaitov issiqxona faoliyati bilan yaqindan tanishib, bu yerda mehnat qilayotgan ishchilar bilan muloqot qildi.

–Oziq-ovqat xavfsizligi butun dunyo mamlakatlari oldida turgan eng dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi, – dedi A.Xaitov.– Chunki ayni paytda oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talab oshyapti, aholi coni oʻsishi asnosida jon boshiga icteʼmol koʻpaymoqda. Demak, ixcham va samarador bunday issiqxonalarni boshqa hududlarda ham tashkil etish, aholining qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini qondirish va eng muhimi, yangi ish oʻrinlari yaratish lozim.

Gʻalvirni suvdan koʻtaradigan vaqt keldi

Xalq vakili mazkur uchrashuvi davomida Sherobod tumanidagi “Shaymon bobo” fermer xoʻjaligi paxta dalasida ham boʻlib, mavsum ishtirokchilariga yaratilgan sharoitlar bilan qiziqdi.

Oʻzaro muloqotlar chogʻida dalalarda javlon urib mehnat qilayotgan terimchilar bilan suhbatlashib, ularning ishiga muvaffaqiyat tiladi.

–Yurtimizda joriy yilgi paxta yigʻim-terimi mavsumi boshlandi. Ayni damda oldimizda dolzarb mavsumni uyushqoqlik bilan oʻtkazish, aholini koʻngilli ravishda terimga jalb etishdek oʻta masʼuliyatli vazifalar turibdi, – dedi A.Xaitov.– Donishmand xalqimiz aytganidek, “Gʻalvirni suvdan koʻtaradigan vaqt keldi”. Ishonamanki, mashaqqatli mehnatlar evaziga yetishtirilgan bu yilgi hosilni sizlar bilan birgalikda yogʻin-sochinli kunlarga qoldirmay, tez va soz yigʻishtirib olamiz.

Uchrashuv davomida xalq vakili terimga jalb qilinadigan hasharchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib, mavsumda mehnat qilayotgan terimchilar, fermer va otryad rahbarlariga sovgʻa-salomlar ulashdi.

Muzrabot “Tomorqa xizmati” MCHJni qanday muammo qiynayapti?

Tomorqa xoʻjaligida mahsulot yetishtirishni klasterlar asosida tashkil qilish — bu qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash, mahsulot sotish, taʼminot va kreditlash sohalarini qamrab oluvchi kooperatsiya orqali tomorqa yer egalarining birlashuvidir.

Tomorqa yer egalarining klasterlarga birlashib oʻz tomorqalaridan foydalanishi ularning mehnati samaradorligini bir necha marotaba oshirishga imkon beradi. 2018-yildan boshlab mamlakatimizda “Tomorqa xizmati” MCHJlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bugun esa “Tomorqa xizmati” MCHJlar negizida klasterlar tashkil etilishi orqali tomorqa yer egalarining imkoniyatlari birlashmoqda.

A.Xaitovning navbatdagi uchrashuvi Muzrabot tumanidagi “Tomorqa xizmati” MCHJga qarashli 1-dala doʻkonida davom etdi. Bu yerda jamiyat faoliyati bilan tanishib, dala doʻkonidagi mahsulotlar, ularning sifati, sotuvi, eksporti bilan bogʻliq holatlarni koʻzdan kechirdi.

Uchrashuvda Muzrabot “Tomorqa xizmati” MCHJ rahbari Olim Xurramov ATB “Mikrokredit” banki Muzrabot tuman filialidan 17,5 mlrd. soʻm miqdorida kredit olish uchun hujjat topshirganini, lekin kredit ajratilishida biroz muammolar boʻlayotganini aytdi.

Spikeri oʻrinbosari bu masala yuzasidan mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar berib, muammoni imkon qadar tezroq bartaraf etish kerakligini taʼkidladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?