Spiker: Hozirgi sharoitda ekologik muammo bir mamlakatning yoki bir mintaqaning emas, balki butun dunyo hamjamiyatining muammosiga aylanib bormoqda

22:21 06 Mart 2020 Siyosat
206 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda deputatlar Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi lavozimiga nomzodni koʻrib chiqdilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan taqdim qilingan Shavkat Abdurazzoqovning nomzodi dastlab Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi yigʻilishida, soʻngra, barcha siyosiy partiyalar fraksiyalarining yigʻilishlarida muhokama qilindi.

Shundan soʻng, Qonunchilik palatasining yalpi majlisida Sh. Abdurazzoqov nomzodi maʼqullandi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N. Ismoilov quyidagilarga toʻxtalib oʻtdi:

“Hozirgi sharoitda ekologik muammo bir mamlakatning yoki bir mintaqaning emas, balki butun dunyo hamjamiyatining muammosiga aylanib bormoqda. Dunyoda aholi soni ortib boryapti. Bu esa aholi uchun qoʻshimcha oziq-ovqat mahsulotlari, boshqa isteʼmol tovarlarini ishlab chiqish zaruratini tugʻdiradi. Oʻz-oʻzidan insoniyat tabiiy resurslardan, tabiiy boyliklardan foydalanadi. Bu oʻrinda ekologik xavfsizlikni taʼminlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Oʻzbekistonda ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalariga oxirgi yillarda alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oʻzbekiston Ekologik partiyasining mamlakat siyosiy maydonidan oʻrin olganligi, Orolboʻyida olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar va boshqalar shular jumlasidandir.

Eng muhimi, bu sohada muhim qonunchilik bazasi yaratilgan. Yaʼni oʻndan ortiq maxsus qonunlar ishlab turibdi.

“Ekologik nazorat toʻgʻrisida”gi Qonunda atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlari talablari buzilishining oldini olish, uni aniqlash va unga chek qoʻyishga, tabiatni muhofaza qilish faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan davlat va jamoatchilik chora-tadbirlari ekologik nazoratning tizimi sifatida ifodalangan.

Qonunda ekologik nazorat davlat, idoraviy, ishlab chiqarish va jamoatchilik ekologik nazorati kabi turlarga ajratilgan.

Afsuski, nazorat turlarining barchasi ham samarali amalga oshirilmayapti.

Shuni ham alohida taʼkidlash lozimki, bironta mahalliy davlat hokimiyati organlari ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boʻyicha hududiy dastur ishlab chiqib, uni samarali hayotga tatbiq qilganini koʻrganimiz yoʻq.

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga esa bu sohada ular amalga oshirishlarining imkoniyati yoʻq vazifalarni yuklaganmiz.

Ekologik barqarorlikni taʼminlash, tizimda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda fuqarolarning faolligi oshib borayotgani alohida tahsinga loyiq. Atrof-muhitga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan holatlar, daraxtlarning noqonuniy kesilishi kabi faktlar fuqarolarimiz tomonidan tanqid ostiga olinayotgani, ijtimoiy tarmoqlar bu masalalarga jiddiy yondashayotgani bunga misol boʻla oladi.

Oʻz navbatida, aholining ekologik madaniyatini yana-da oshirish, parlamentning masʼul qoʻmitasi hamda deputatlar ushbu sohaga koʻproq eʼtibor qaratishlari lozim”.

Majlisda deputatlar tomonidan Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi lavozimiga koʻrsatilgan nomzodga bir qator taklif va tavsiyalar berildi.

Ziyoda ASHUROVA

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?