Spiegel: “Oʻzbekistonning asosiy boyligi – uning xalqi”

15:06 04 Fevral 2020 Welcome to uzbekistan
130 0

Anʼanaviy dam olish maskanlari germaniyalik sayyohlar uchun tobora jozibasini yoʻqotib, kompleksli turlar oʻtmishda qolmoqda. Turistik tendensiyalar oʻz qoidalarini aytmoqda va zamonaviy turist taʼtilini oʻzi tashkil qilyapti — chiptalarni, mehmonxonalarni bron qilib, ekskursiyalarga buyurtma berayotir. Germaniyaliklar orasida taʼtilni sogʻliq uchun foyda bilan oʻtkazish tobora ommalashib bormoqda.

Gamburgdagi “BAT” Ilgʻor tadqiqotlar fondi maʼlumotlariga koʻra, nemis sayyohlarining qariyb 70 foizi ushbu taʼtil turini afzal koʻradi, turli shaharlarga ekskursiyalar esa Germaniya aholisining 61 foizdan ortigʻini jalb qiladi. Bu yoʻnalishda Buyuk Ipak yoʻli mamlakatlari, ayniqsa, mashhur boʻlib boryapti. “Spiegel” jurnali shu haqidagi maqolasini oʻquvchilar eʼtiboriga havola etdi, deb xabar berdi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati.

“Samarqand va Buxoroning moviy gumbazlari, sahroda joylashgan qadimiy shahar — Xiva, shiddat bilan oʻsib borayotgan poytaxt Toshkent butun dunyodan sayyohlarni oʻziga jalb qilmoqda. “Lonely Planet” nashriga koʻra, Oʻzbekiston 2020-yilda sayohat uchun eng yaxshi 10 yoʻnalish roʻyxatiga kiritilgan”, — deyiladi nashrda. Bundan tashqari, Germaniya media gigantlari, sayyohlik agentliklari va riteylerlari Oʻzbekistonni sayyohlik yoʻnalish sifatida faol targʻib qilyapti. Bosh qarorgohi Gamburgda joylashgan eng yirik ijtimoiy-siyosiy nashrlardan biri “Spiegel” (“Koʻzgu”) jurnali Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyatiga bagʻishlangan rangli reklama risolasini nashr etdi. Qoʻllanma Buyuk Ipak yoʻlining tarixiy shaharlari — Xiva, Buxoro, Samarqand va Toshkent orqali oʻtuvchi oʻn kunlik sayyohlik yoʻnalishini oʻz ichiga olgan salohiyatli nemis sayyohlari uchun moʻljallangan.

“Qadimgi davrlardan beri karvonlar Buyuk Ipak yoʻli boʻylab Xivaning ajoyib vohalari, bepoyon Qizilqum choʻli etaklari, qadimiy Buxoro va Samarqand shaharlari boʻylab sayohat qilishgan. Siz oʻrganilmagan sehrli Sharq boʻylab sayohat qilishingiz va oʻzingizni “Shahrizodaning 1001 kechasi” ertagidagi kabi his qilishingiz mumkin. Sharqning mashhur shaharlari, qadimiy meʼmoriy yodgorliklari va nafis oshxonalari bilan bir qatorda Oʻzbekistonning asosiy boyligi – uning xalqi. Sharqona samimiy mehmondoʻstlikni his eting”, — deb yozadi muallif. Maʼlumot uchun: “Spiegel” jurnali 1940-yillarning oxiridan beri nashr etiladi va “Bertelsmann Media Group” media kompaniyasi tarkibiga kiradi.

Jurnalda Germaniya va xorijiy mamlakatlarning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hayotidagi asosiy hodisalar yoritiladi. Haftalik adadi — 1 million nusxadan ortiq. 2020-yil yanvar oyidan boshlab u “Usbekistan – Magische Seidenstraße” (Oʻzbekiston — Ipak Yoʻli moʻjizasi) deb nomlangan reklama qoʻllanmasini tarqatmoqda. Taʼkidlash lozimki, soʻnggi yillarda germaniyalik sayyohlar taʼtillarini tobora koʻproq Oʻzbekistonda oʻtkazishni rejalashtirishmoqda. Statistikaga koʻra, Germaniyadan Oʻzbekistonga sayyohlar soni 4 baravarga koʻpaydi hamda 2019-yilda qariyb 30 ming kishini tashkil etdi. Bunda Germaniya fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejimning joriy etilishi muhim ahamiyat kasb etdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?