...soʻzlashni qotiramiz, lekin Soʻz magʻzini chaqish aksar xayolimizga kelmaydi

17:44 21 Oktyabr 2019 Madaniyat
169 0

...Soʻzni eshitamiz, soʻzlashni qotiramiz, lekin Soʻz magʻzini chaqish aksar xayolimizga kelmaydi. Nega shunday deymiz, deya oʻzimizga savol bermaymiz.

Bu sinoat toʻla olam bamisoli olisdagi yulduzlardek noayon qolaveradi.

Uzum yedim, “uzum” dedim, bilsam, tokdan uzib yedim, degandek, oʻz qoʻlim bilan ishkomdan uzum uzaturib, bu soʻzning uzmoqdan olingani xayolimga kelgan edi. Axir ungan narsani unum, gʻuj oʻsgan mevani gʻujum, jamiyat tuzilishini tuzum, choʻgʻning qoʻridan qolgan kulni qurum, deymiz. Ogʻizga solib yutganimiz yutum, tomoqdan qult etib oʻtgan suv qultum boʻlganidek, ishkomdan uzib yeganimiz uzum boʻladi-da, deya oʻz sodda kashfiyotimdan suyungan edim.

Kuraydigan qurolimiz kurak, ichki aʼzo ichak, gul tubida turadigan idish tubak — biz uni tuvak deymiz. Kaftni kaftga urish — olqish belgisi. Chiqqan tovush chapillasa, chiqqan tovush chapak, qarsillasa qarsak boʻladi. Buni anglash qiyin emas, lekin koʻksimizda gursillab urgan yurakni yurak deyish toʻgʻrimi yoki urak? Yurak yuradimi, uradimi? Koʻkrak-chi? Nega koʻksimizni shunday ataymiz? Koʻksim osmon, degandek bu nom koʻk, yaʼni osmon bilan bogʻliqmi? Undoq desak, emikdosh maʼnosida keluvchi koʻkaldosh soʻzidagi koʻk oʻzagi nimani anglatadi? Qozoqlar akani koʻka deb chaqiradilar. Bu soʻzlarning koʻkrakka aloqasi yoʻqmikan?.. Bunday jumboqlar yuzlab, minglab soʻzlarimiz zamirida yotibdi. Ular bizni qiynashi, uyqu bermasligi kerak. Mahmud Koshgʻariy bobomizning kitobi yostigʻimiz ostida boʻlmogʻi kerak.

Biz tabarruk qadriyatlarimiz tiklanayotgan zamonda yashamoqdamiz. Istiqlol yillarida ona tilimiz rivoji uchun sezilarli ishlar qilindi. Lekin koʻp asrlik yoʻqotishni sanoqli yillarda tiklash mushkul ekan.

Ona tili umummillat mulkidir, demak, til oldidagi masʼuliyat ham umummilliy. Men oʻzbekman, degan har bir inson oʻzbek tili uchun qaygʻurmogʻi kerak. Unutilgan soʻzlarni tiklash, borini boyitib borish, xorijiy atamalarga munosib istilohlar topish yolgʻiz tilshunoslarning emas, millatning ishidir.

Erkin VOHIDOVning

“Soʻz latofati” kitobidan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?