Soʻz va matn uyg'unligi

09:34 13 Oktyabr 2020 Jamiyat
152 0

Foto: Sputnik

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning oʻzbek tilida soʻzlagan nutqi oʻzbek xalqi uchun ham mazmunan, ham maʼnan faxr-iftixor bagʻishladi. 

Chinakam yangi davr boshlandi

Zero, taniqli olim Nizomiddin Mahmudov taʼkidlaganidek, "Bugun oʻzbek tilining mamlakatimizda davlat tili sifatidagi rivojini taʼminlash borasida ham chinakam yangi davr boshlandi. Davlatimiz rahbari 2019-yil 21-oktyabrda “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilinganining oʻttiz yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan tantanali bayram tadbirida soʻzlagan tarixiy nutqida juda katta iftixor bilan shunday degandi: “Hozirgi vaqtda oʻzbek tilida soʻzlashuvchilar soni jahon miqyosida 50 million kishiga yaqinlashib qoldi. Bu ona tilimizning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi”. Prezidentimiz ana shunday yirik tillardan biri boʻlmish oʻzbek tilining oʻtgan yillar davomida davlat tili sifatidagi rivoji jarayonlarini tahlil qilib, bu jarayonlarga jadal surʼat va sifat baxsh etishga qaratilgan tadbirlarning tamoman yangi tarhini chizib berdi. Bu tarhning maqsad-muddaosi mazkur nutqda loʻnda qilib shunday ifodalandi: “Muxtasar aytganda, har birimiz davlat tiliga boʻlgan eʼtiborni mustaqillikka boʻlgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim”.

Matn va zamonaviy siyosiy hayot uchun muhim masalalar hamohangligi

Bizga maʼlumki, 75-yubiley sessiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti tarixida birinchi marta butunlay yangi formatda — koronavirus pandemiyasi tufayli onlayn muloqot rejimida boʻlib oʻtdi. Bu holat oʻz oʻrnida soʻz va uning kuchi naqadar buyuk ekaniga nafaqat millatimiz vakillari, balki dunyoning boshqa mamlakatlari liderlari va xalqlari ham guvoh boʻldi. 

Siyosiy matnda koʻtarilgan mavzular, muammolar zamonaviy siyosiy hayot uchun muhim hisoblanadi. Siyosiy matnning umumiyligi esa sharoitdan kelib chiqadi. Agar siyosiy auditoriya siyosiy jarayonning asosiy subyekti deb hisoblansa, matn ham siyosiy ahamiyat kasb etadi. Chunki, odatda, siyosiy matn zimmasiga strategik va taktik vazifalar yuklatiladi. Har qanday siyosiy matn, strategik reja, mavjud hokimiyat kuchini oʻzgartirish yoki uni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan boʻladi.

Optimallashgan maʼlumot sandigʻi

Keling shu oʻrinda «Siyosiy imijli mediamatn» tushunchasiga alohida toʻxtalib oʻtsak. Maʼlumki, ushbu termin oʻz ichiga reklama matnlarini qamrab oladi. Bunday matnlarda har doim siyosiy faoliyatga oid tanlangan va optimallashgan maʼlumot saqlangan boʻladi. Shuningdek, siyosiy xabarlarda tanlov kampaniyasi yoki siyosiy liderlar faoliyati, xalq deputati va boshqalar haqida maʼlumot beriladi. Demokratik saylovlar jarayonida aynan siyosiy partiyalardan koʻrsatilgan nomzodlar imijini saylov uchastkalarida xalqqa tanishtirishda reklamalarning oʻrni va ahamiyati katta. Zero, reklamada nomzodning siyosiy imiji har tomonlama oʻz ifodasini topgan boʻlishi lozim. Unda nomzodning kasbi, mehnat faoliyati, amalga oshirgan ishlari, erishgan yutuqlari, mukofotlariga oid maʼlumotlar qamrab olinadi.

Siyosiy xabarlar nimalarda namoyon boʻladi?

Bizningcha, siyosiy xabarlar yuqori matn (matn denotanti – nomzod, partiya, siyosiy lider boʻlib harakatlanuvchi) sifatida quyidagicha namoyon boʻladi: OAVning saylov kampaniyasida ishtirok etish uchun aniq muddat berishi, toʻgʻridan-toʻgʻri targʻibotning mavjud emasligi, siyosiy rahbarlar haqidagi xalqaro fikrlarning paydo boʻlishi, saylov kampaniyasining boshlanishiga qadar boʻlgan jarayonlar va hokazo. Bundan tashqari, murojaat qiluvchi va murojaat qilinuvchilar aniq boʻlsa, siyosiy xabarlarning kommunikativ doirasi kengayadi. Oqibatda, xalq nafaqat turli siyosiy voqeliklarni tasavvur qiladi, balki ular oʻrtasida sogʻlom raqobat shakllanadi. Shu tariqa, siyosiy xabarlar yuqori matn boʻlib, oʻzida fikrlar birligini ifoda etadi. Siyosiy matnlar chegaralangan, mazmunan uygʻun holda namoyon boʻladi.

Faoliyatni baholash mezonlari

Biron-bir partiyaning faoliyatini baholash, alohida siyosiy yetakchini aniq bir siyosiy vaziyat yo holatga nisbatan nuqtai-nazari va uni yechish yoʻllarini aniqlash orqali siyosiy elitaning munosabatini belgilash mumkin boʻladi. Bunda maqsadni belgilovchi shaxs buyurtmachi hisoblanadi. Uning oldiga qoʻygan vazifalari aniq masala yuzasidan kelajak faoliyatining maqsadini belgilaydi. Tahlil, belgilab olingan masalalar manfaatdor boʻlgan muassasalarning eʼtiboriga havola qilinadi.

Til nafaqat aloqa vositasi, balki...

Xulosa qilib aytganda, siyosiy til kishilar oʻrtasida faqat aloqa vositasigina boʻlib qolmay, siyosiy vazifani bajaradi. Yaʼni, ijtimoiy-siyosiy hayotda yuz berayotgan har qanday hodisa, qaysi davrda boʻlishidan qatʼi nazar, siyosiy gʻoyalar kelajak avlodlarga til orqali yetkaziladi. Siyosiy til davr ruhini aks ettirishda, siyosatchilar tilini individuallashtirishda, ularning ruhiy kechinmalarini berishda, maʼnaviy darajasini koʻrsatishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Moxira Eshanova,
Toshkent davlat yuridik universitetining
Ixtisoslashtirilgan filiali Umumtaʼlim fanlar kafedrasi katta oʻ
qituvchisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?