Soʻz — forum ishtirokchilariga

21:51 22 Avgust 2019 Jamiyat
191 0

Muhammad Nazrul ISLAMXAN, Bangladesh Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi taʼlim sohasi boʻyicha kotibi:

— Forumda Bangladesh uchun foydali boʻlgan imkoniyatlar haqidagi maʼlumotlarga ega boʻldim. Masalan, bu yerda yetishtiriladigan mevalar rang-barangligi va mazaliligi bilan yurtimiz isteʼmolchilariga juda manzur keladi, degan umiddamiz. Qolaversa, narxlari ham maʼqul darajada.

Bizning mamlakatimiz mevaning katta qismini Janubiy Amerikadan import qiladi va yoʻlning uzoqligi hamda boshqa omillar tufayli ular yurtimizga qimmat narxda yetib keladi. Oʻzbekiston esa bizga yaqin. Muhimi, mahsulotlaringiz sarxil va sifatli. Ana shu jihatlarni eʼtiborga olib, bu tadbirdan soʻng davlatimiz rahbariyatiga yurtingizdan bogʻdorchilik va poliz mahsulotlarini import qilish boʻyicha takliflarimizni yetkazishga qaror qildik.

Yana bir jihat, boshqa viloyatlar singari Sirdaryoda ham turizm, xususan, ekoturizm uchuntabiiy imkoniyatlar mavjud ekan. Albatta, bu borada hamkorlikni kuchaytirishdan manfaatdormiz.

Vlad KIREYEV, Italiyaning “Advice&Consultinq” kompaniyasi menejeri:

— Biz ushbu biznes maydonchasida kompleks agronomiya xizmatlarimiz bilan qatnashdik. Bular yerdagi sizot suvni qochirishdan to mahsulotlarni saralash, saqlashgacha boʻlgan barcha jarayonni oʻz ichiga oladi. Yana Italiyada yaratilgan va Oʻzbekiston sharoitiga moslashtirilgan, moʻl hosil beradigan yuqori navli mevali daraxt koʻchatlarini ham taqdim qildik. Hozirgi kundaNamangan, Samarqand va Fargʻona viloyatlarida xizmatimizdan foydalanib, katta natijalarga erishayotgan hamkorlarimiz koʻp.

Forumda ham bir necha sirdaryolik ishbilarmonlar xizmatlarimizga qiziqish bildirdi. Xususan, zamonaviy saralash texnologiyasi majmuasi koʻpchilikning eʼtiborini tortdi. Shuningdek, mahsulot eksportida muhim ahamiyatga ega boʻlgan sovitish tizimimizga eʼtibor qaratildi. Natijada yangi hamkorlar bilan kelishuv memorandumlari imzolashga erishdik.

Chu Yon YAO, Xitoy Xalq Respublikasi “Stecol Corpordtion” kompaniyasining Markaziy Osiyo direksiyasi bosh direktori:

— Mana, yigirma yildirki, Oʻzbekistonda faoliyat yuritib kelyapmiz. Xususan, Qoraqalpogʻistonda, Fargʻona va Toshkent viloyatida bir necha loyihalarni amalga oshirdik. Ayni chogʻda Sirdaryo viloyatida ham muqobil energiya resurslarini oʻrganyapmiz. Bugungi forumlf bu haqda koʻp maʼlumot oldik. Kompaniyamiz loyihalashdan to ishga tushirish jarayonigacha boʻlgan barcha bosqichni oʻzi bajaradi. Biz taklif qilayotgan loyihalar har jihatdan tejamkor va yuqori samaradorligi bilan eʼtiborga tushdi.

Anjuman davomida yurtingizning investitsiyaviy jozibadorligi tobora ortib borayotganligiga guvoh boʻldik. Xalqingizda yuksak taraqqiyot sari gʻayrat-shijoat bilan intilish mujassam. Oʻz navbatida, mamlakatingizda chet ellik hamkorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhiti va shart-sharoitlar yaratilgan. Ishonchim komilki, bu saʼy-harakatlar, imkoniyatlarning barchasi yaqin kelajakda oʻz mevalarini beradi.

Ahmadali SHERNAZAROV

(Xalq soʻzi).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?