Sotuvchi va haydovchida karantinni buzishga huquq bormi?

14:11 02 Iyun 2020 Jamiyat
129 0

Koronavirus infeksiyasining keng tarqalib borayotgani jahon ahlini jiddiy tashvishga solmoqda. Bu balo xalq, millat, chegara, mintaqa tanlamasligini har birimiz koʻrib, his qilib turibmiz.

Shuni hisobga olgan davlatimiz rahbari koronavirus xavfidan respublikamiz aholisini himoya qilish uchun qator chora-tadbirlarni koʻrmoqdalar. Prezidentimiz tomonidan bu ofatga qarshi kurash boʻyicha qabul qilinayotgan Farmon va qarorlarida vazirliklar, davlat va jamoat tashkilotlari hamda keng jamoatchilik oldidagi shu kunning eng ustuvor vazifasi yurtdoshlarimiz sogʻligini saqlash ekanligini taʼkidlamoqdalar. Mutaxassislar ham koronavirus infeksiyasini oldini olish boʻyicha eng ishonchli chora bu- sanitariya, gigiyena talablariga qatʼiy rioya qilib, virusni yuqtirishdan saqlanish, sababsiz uydan chiqmaslik lozimligini alohida eslatyaptilar.

Biroq, baʼzi fuqarolarimiz bunga amal qilmayotganlari achinarli hol. Oʻrganishlar davomida aniqlandiki, Qarshining “Eski shahar”dagi yer osti yoʻlidagi bir nechta nooziq-ovqat doʻkonlari faoliyat yurityapti. Biroq, bu yerda sotuvchilar ham, xaridorlar ham sanitariya normalariga amal qilishmayapti. Xaridorlar va sotuvchilarning aksariyati niqob taqmagan. Odam tirbandligidan oraliq ikki metr masofani saqlashni unutib qoʻyishayotir. Xuddi shunday manzarani “Yangi bozor”ning tashqarisida ham uchratish mumkin.

Shu oʻrinda yana bir achinarli holatni oldini olishda mutasaddilar tezroq choralar koʻrishlari zarur. Ayni paytda respublikamizning barcha hududlarida qatnovchi taksilar karantin qoidalariga amal qilgan holda 3 nafar yoʻlovchi bilan harakatlanishlari belgilangan. Ammo biz oʻrgangan Qarshi shahrida, qolaversa, Qarshi-Beshkent yoʻnalishi boʻylab harakatlanayotgan taksilar ham 4 nafar yoʻlovchi bilan erkin qatnayotganini qanday izohlash mumkin. Buning ustiga taksi haydovchilari oʻzlari xohlagancha narx belgilab olishgan. Masalan, Qarshi-Samarqand yoʻnalishi boʻylab harakatlanayotgan taksilar 250 ming soʻmdan, Beshkent-Qarshi yoʻnalishi boʻylab harakatlanayotgan taksilar 5-10 ming soʻmdan, Qarshi shahar boʻylab yurayotgan taksilar ham xuddi shunday oʻzlaricha narx qoʻyib yurayotgani aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda. Eng achinarli tomoni shundaki, taksi haydovchilari choʻntakni oʻylab, karantin qoidalarini mensimasdan 4 nafar yoʻlovchi bilan harakatlanyapti. Qarshi shahri va tumanlardagi koʻpgina oziq-ovqat doʻkonlarida ham xaridorlar oraliq masofani saqlamagani holda, ayrim sotuvchilar niqobsiz ishlamoqda.

Kezi kelganda aytish kerakki, bugun davlatimiz xalq uchun qaygʻurib, karantin davrida juda katta mablagʻ yoʻnaltirayotgan bir paytda, nega baʼzi yurtdoshlarimiz oʻzini va oʻzgalar sogʻligini asrashga hali-hamon panja orasidan qarab kelmoqda.

Darvoqe, bugungi holat shuni koʻrsatmoqdaki, har birimiz xalqimiz azaldan ulugʻlab kelgan tozalik, ozodalik, orastalik va salomatlikka jiddiy eʼtibor berib, sogʻlom turmush qoidalariga amal qilishimiz lozim. Bu nafaqat karantin payti, balki hamisha oʻz salomatligimizni asrashda muhim ekanligini unutmasligimiz lozim.

Umuman olganda, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Yuksak tafakkur, temir intizom, sabr-toqat va chuqur masʼuliyat koʻrsatish” gʻoyasini endilikda barchamiz kunlik shiorimizga aylantirib, unga har daqiqa,har soniyada amal qilsak, koronavirus xavfini qisqa kunlarda bartaraf etib, yurtimiz kelajagi uchun oʻz hissamizni qoʻshgan boʻlamiz.

Ruiddin RAUPOV,

Oʻzbekiston “Adolat” SDP Qashqadaryo viloyat

Kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat

Kengashi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?