Sotsiologik tadqiqotlar yanada takomillashadi

17:20 02 May 2019 Jamiyat
198 0

1 may kuni Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashining kichik majlislar zalida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Oʻzbekiston Milliy universitetining Sotsiologiya kafedrasi, “Ijtimoiy fikr” — Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining markaziy kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Jizzax davlat pedagogika instituti bilan hamkorlikda “Axborotlashgan jamiyatda zamonaviy sotsiologiyaning dolzarb masalalari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy anjuman konferensiyasi boʻlib oʻtdi.

Unda soha mutaxassislari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Bu haqda Oliy va oʻrta taʼlim vazirligi huzuridagi “Maʼnaviyat va maʼrifat” markazi Matbuot xizmati xabar berdi.

Konferensiya oʻz ishini Prezidentimizning joriy yil 22 fevralda qabul qilingan “Sotsiologik tadqiqotlar oʻtkazishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari” toʻgʻrisidagi Farmoni ijrosi asosida olib bordi. Oʻzbekiston Respublikasi ijtimoiy hayotida sotsiologik tadqiqotlarni qoʻllash, sotsiologiya fanini oʻqitishning nazariy-metodologik jihatlari, zamonaviy sotsiologiyaning bugungi holati, xorijiy tajriba va undan Oʻzbekistonda foydalanish imkoniyatlari, sotsiologiya olamidagi asosiy tendensiyalar, xalq bilan muloqot oʻtkazishda amaliy sotsiologik tadqiqotlardan foydalanishning ahamiyati kabi masalalar muhokama qilindi.

— Xalqning fikrini yaqqol namoyish etishda sotsiologiyaning oʻrni muhim ahamiyatga ega deydi, — Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Maʼnaviy-axloqiy tarbiya boshqarmasi boshligʻi Otabek Bozorov — Zero, har bir sohani rivojlantirish uchun avvalo, sohadagi muammo ustida chuqur oʻrganish olib borish lozim. Buning uchun esa sotsiologik tadqiqotlarni tizimli rivojlantirish, har bir tadqiqot ustida yangi metodik ishlab chiqarish, zamonaviy asosda ish olib borish zarur.

Tadbirda yurtimiz ijtimoiy hayotida dolzarb boʻlgan masalalar oila, yoshlar, turmush tarzi va kundalik hayot, “shaxs va jamiyat” masalalarining yoritilishi, taʼlimni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, sogʻliqni saqlash, bandlik va urbanizatsiya masalalari, madaniyat, sport va harbiy sohada sotsiologik tadqiqotlar oʻtkazish va muammo va yechimlarini koʻrsatib berish borasida toʻxtalib oʻtildi.

—Hozirgacha sotsiologik tadqiqotlar davlat boshqaruvini takomillashtirishda, aholining eng dolzarb muammolari oʻrganilmoqda edi, — deydi “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi direktori Raʼno Ubaydullayeva. — Sotsiologik tadqiqotlar qamrovini kengaytirish va takomillashtirish bugungi kuning talabi boʻlmoqda.

Ilmiy konferensiya nazariy-amaliy tavsifga ega boʻlib, unda Oʻzbekiston Respublikasida sotsiologik tadqiqotlarni tashkil etish, barcha taʼlim muassasalarida sotsiologiya fanini oʻqitilishiga erishish, davlat boshqaruvi, jamoat tashkilotlari, idora, ilmiy markazlarda professional sotsiolog kadrlar bilan taʼminlash hamda Oʻzbekiston Sotsiologlar Assotsiatsiyasining istiqboldagi faoliyati masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?