So‘nggi uch oyda O‘zbekistonga 1,33 mlrd dollar xalqaro pul jo‘natmalari yuborildi

18:33 15 Avgust 2018 Iqtisodiyot
215 0
Illyustrativ foto

Joriy yilning ikkinchi choragida O‘zbekistonga xalqaro pul o‘tkazmalari orqali yuborilgan pul miqdori oshdi. Bu haqda Markaziy bank hisobotida ma’lum qilingan.

Qayd qilinishicha, joriy yilning I choragida O‘zbekistonga xalqaro pul o‘tkazmalari orqali 950 mln. dollar miqdoridagi valyuta mablag‘lari kirib kelgan bo‘lsa, II chorakda ushbu ko‘rsatkich 1,4 barobarga oshib 1 335 mln. dollarni tashkil etdi.

O‘z navbatida, tijorat banklari tomonidan I chorakda aholidan 420 mln. dollar miqdoridagi (3,4 trln. so‘m) xorijiy valyuta sotib olingan bo‘lsa, II chorakda ushbu ko‘rsatkich 2 barobarga oshib 868 mln. dollarni (6,9 trln. so‘m) tashkil etdi. Mazkur holat naqd pulga bo‘lgan 3,5 trln. so‘mlik qo‘shimcha talabni yuzaga keltirdi.

Shu bilan birga, aholi tomonidan chet el valyutasini milliy valyutaga ayirboshlashga bo‘lgan talabning oshishi milliy valyuta kursining joriy yil boshidan mustahkamlanib borishi bilan ham izohlanishi mumkin.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?