Soʻnggi ikki yilda Oʻzbekistonda salkam 1200 nafar fuqaro ovqatdan zaharlandi

09:43 17 May 2019 Jamiyat
201 0

2017 yilda reja asosida oziq-ovqat ishlab chiqarish korxonalari, savdo obyektlari va umumiy ovqatlanish joylarida oʻtkazilgan sanitariya nazorati davomida 587 ta tadbirkorlik subyektining barchasida sanitariya qoidalari va gigiyena normativlari qoʻpol ravishda buzilgani aniq­langan.

Respublika davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining “Xalq soʻzi“ga taqdim etgan maʼlumotiga koʻra, 2017-2018 yillarda 1190 nafar fuqaro, shundan 222 nafar bola ovqatdan zaharlangan. Achinarlisi, ularning 9 nafari vafot etgan. Uyushgan jamoalarda guruhli ovqatdan zaharlanish 2017 yilda 8 ta, 2018 yilda esa 7 ta holatda qayd etilgan. Shulardan 4 tasi maktabgacha taʼlim muassasalarida roʻy berib, 73 nafar bola “oʻtkir diareya, dizenteriya” infeksion kasalligi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Soʻnggi ikki yilda jami 102 ming 44 ta umumiy ­ovqatlanish va oziq-ovqat savdo obyektidagi 54 ming 62 nafar ishchi tibbiy koʻrikdan oʻtmaganligi aniqlangan. Bundan tashqari, tadbirkorlik subyektlari vaqti-vaqti bilan zararsizlantirish (suvarak, pashsha va bosh­qa shu kabi hasharotlarga qarshi kurashish) tadbirlarini oʻtkazish, buning uchun xoʻjalik hisobidagi dezinfeksiya stansiyalari bilan shartnoma tuzishi talab etilsa-da, ular tomonidan bu masalaga umuman ahamiyat berilmagan. Shu bilan birga, dehqon bozorlarining hammasini ham sanitariya-epidemiologik holati talab darajasida, deb boʻlmaydi.

Afsuski, 2018 yilning sentyabrida Qarshi shahridagi “Baxtli oila” toʻyxonasida oʻtkazilgan toʻyda 70 nafar fuqaro ov­qatdan zaharlangan boʻlishiga qaramay, sanitariya-epidemiologiya markaziga ushbu obyektdagi zaharlanish holatini tekshirish va profilaktika choralarini amalga oshirish maqsadida qisqa muddatli sanitariya nazoratini oʻtkazishga ruxsat berilmagan.

Shu bois xu­susiy tadbirkorlik subyekt­lariga tegishli oziq-ovqat va umumiy ov­qatlanish joylarida ham davlat sanitariya nazoratini istalgan vaqt­da, hech qanday moneliksiz, moliya-xoʻjalik faoliyatiga aralashmagan holda oʻtkazish huquqini berish masalasini koʻrib chiqiladi. Insonning hayoti va sogʻ­ligʻi barcha narsadan, jumladan, tadbirkorning moliyaviy manfaatlaridan ham ustunligi bosh mezon qilib olinadi.

Bu haqda Respublika davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi direktori Bahrom ­Almatovning fikrlari bilan qiziqdik.

— 2018 yil ­davomida respublika boʻyicha 509 ming 489 ta oziq-ovqat namunasi laboratoriya tekshiruvidan oʻtkazilganda, 22 ming 661 tasi sanitariya qoida va meʼyorlariga javob bermaslik holatlari aniqlangan, deydi u.

Almatovga koʻra, hududlarda monitoring olib borilganda yangi qurilgan yoki qayta tashkil etilgan toʻyxona, oshxona va kafe-restoranlarning loyiha boʻyicha bunyod etilmagani va bunda mahsulot ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash hamda realizatsiya qilish uchun yetarli sharoitlar yaratilmagani, oziq-­ovqat mahsulotlarini tayyorlash bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar va oshxona xodimlarining faoliyatga doir mutaxassislikka ega emasligi, bilim hamda maʼlumotining yoʻqligi ana shunday muammolarni keltirib chiqaryapti. Bundan tashqari, toʻyxonalarda sanitariya qoidalariga zid ravishda tayyorlangan sifatsiz ovqat, salat va kremli qandolat mahsulotlari dasturxonga qoʻyilayotgani, umumiy ovqatlanish obyektlari, jumladan, maktabgacha taʼlim muassasalari oshxonalaridagi uskunalar, yaʼni pech, elektr qozon, idish-tovoq yuvish mashinalari, sanitariya uskunalari, ventilyatsiya tizimi, sovitkich va muzlatkichlar bilan yetarlicha taʼminlanmagani salbiy oqibatlarga sabab boʻl­moqda.

Yuqoridagilarni inobatga olib, senatorlar tomonidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash masalalari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziriga parlament soʻrovi yuborilgan.

Munisxon KARIMOVA, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?