Solijon Sharipov: «Koinotda boshimda do‘ppi, qo‘limda O‘zbekiston bayrog‘i edi»

11:49 12 Aprel 2018 Jamiyat
1017 0

Koinot — Yerdan tashqarida bo‘lgan kosmik fazo, sayyoralar, yulduzlardan iborat mo‘’jizaviy makon. Unga qiziqmagan yoki bolaligida “Katta bo‘lsam, kosmonavt bo‘laman”, deya orzu qilmagan odam bo‘lmasa kerak. Ayni 12 aprel — Aviatsiya va kosmonavtika kuni arafasida hammamiz bu orzularni bir entikib eslab qo‘yamiz. 

Shunday paytda beixtiyor har bir hamyurtimiz ko‘z o‘ngida o‘zbek kosmonavti Solijon Sharipov gavdalanadi. Solijon aka bilan suhbatlashishni ancha oldin dilimga tukkan edim. Shuning uchun mobil raqamini uni yaxshi bilgan insonlardan so‘rab topdim. O‘shanda martning o‘rtalari edi. Suhbatdoshimga Toshkentdan qo‘ng‘iroq qilib, maqsad-muddaomni aytar ekanman, bu insonning menga bergan kutilmagan savolidan hayajonlanib ketdim. U kishi so‘radi:

— Toshkentda o‘rik gulladimi?
Ishxonamizning derazasidan qarab, Solijon akaga yon-atrofning go‘zalligi, tarovati, moviy osmon haqida so‘zladim. U inson katta zavq, o‘ziga xos quvonch bilan eshitayotgani yaqqol bilinib turardi.
— Bizda (Moskvada — muallif) havo juda sovuq, vaqti-vaqti bilan qor-yomg‘ir aralash yog‘ayapti. O‘zbekistonimizning betakror tabiatini juda sog‘inibman.
Ana shu qisqa muloqotdan keyin Solijon Sharipov bilan bafurja gaplashishga kelishib oldik. Buni qarangki, muloqotimiz ayni 12 aprel — Aviatsiya va kosmonavtika kuni arafasiga to‘g‘ri keldi. Siz, aziz gazetxonga ham ushbu suhbatni ilindik.

— Solijon aka, siz birinchi asl o‘zbek kosmonavtisiz. Nima deb o‘ylaysiz, O‘zbekiston o‘zining keyingi kosmonavtini qachon kashf etishi mumkin?
— Ochig‘i, bu birdaniga bo‘ladigan ish emas. Kosmonavtika bosqichma-bosqich rivojlantiriladigan soha. Hozirgacha 600 dan ziyod insonlar kosmosga parvoz qilgan. Men dunyoning 372-kosmonavti, Rossiyaning sakson sakkizinchi va birinchi o‘zbek kosmonavtiman. Koinotga uchish juda katta mablag‘ talab etadi. O‘zbekistonda bu yo‘nalishda dastlabki qadamlar tashlandi, desam, yanglishmayman. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 14 sentyabrdagi “Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatini va “Astronomiya va aeronavtika” bog‘ini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori hamda 2018 yil 12 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida kosmik tadqiqot va texnologiyalarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishi bu yo‘nalishdagi dadil qadamdir. Davlat shu muhim yo‘nalishni rivojlantirishni istayaptimi, demak, oldinda bizni katta umid va maqsadlar kutib turibdi.
Qolaversa, kosmonavtika sohasining bugungi yutuqlariga bizning O‘zbekiston, bu yerda yetishgan ulug‘ ajdodlarimiz sababchi. Chunki astronomik tadqiqotlar ildizi diyorimizda uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Mazkur ishlarni bugungi o‘zbek yoshlari davom ettirishini davlat rahbari chin dildan xohlayapti. Va, albatta, bunday muvaffaqiyatlarni yaqin istiqbolda ko‘rishimizga ishonaman.

— Siz shu sohaning yetuk vakili sifatida O‘zbekistonda mazkur yo‘nalish rivojiga qanday hissa qo‘shmoqchisiz?
— O‘z vaqtida kosmonavtika bo‘yicha eng kuchli mutaxassislar O‘zbekistonda bo‘lgan. Texnika hamda texnologiyalarni ishlab chiqish, fundamental ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishda bizga teng keladigani yo‘q edi. Kosmonavtika — ilm-fanning so‘nggi yutuqlarini o‘zida aks ettiradigan soha. Biroq orada shunday holat vujudga keldiki, bu yo‘nalish e’tibordan chetda qoldi. Oqibatda mutaxassislar xorijga, asosan, Rossiyaga chiqib ketdi, shu yo‘nalishdagi ko‘plab ishlab chiqarish korxonalari faoliyati to‘xtab yoki susayib qoldi.
Toshkentga har yili bir necha marta boraman. U yerda yoshlar, talabalar bilan uchrashamiz, suhbatlar uyushtiramiz. Yigit-qizlarning ko‘zida olov borligini ko‘raman. O‘zbekiston rahbari ana shu jihatlarni hisobga olib, yuqoridagi hujjatlarni imzolagani, shubhasiz. Men O‘zbekistonda kosmonavtikani yo‘lga qo‘yish, taraqqiy toptirish uchun yordam berishga hamisha tayyorman.
Bir sirni ayta qolay. Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga maktub yo‘lladim. Unda ikki marta fazoga uchganim, ochiq kosmosda, Xalqaro kosmik stansiyada bo‘lganim va eng asosiysi, to‘plagan tajribamni O‘zbekistonda tatbiq etishga tayyorligim haqida aytdim.

— O‘zbekiston bayrog‘ini koinotga olib chiqqaningiz haqida har gal eshitganimizda beixtiyor to‘lqinlanib ketaveramiz. Agar malol kelmasa, hozir shu haqda gapirib bersangiz.
— 1998 yili “Shattl”dagi birinchi parvozimga tayyorgarlik ko‘rish chog‘ida menda O‘zbekiston bayrog‘ini koinotga olib chiqish g‘oyasi tug‘ilgan. O‘shanda o‘zim bilan o‘zbek do‘ppisini ham olgandim. Koinotda boshimga do‘ppini kiyib, qo‘limda O‘zbekiston bayrog‘ini ushlab suratga tushganman. Keyinchalik shu samoga chiqqan bayroqni, uchgan parvozim bilan bog‘liq hujjatlar va NASA dublikatini Toshkentga kelganimda O‘zbekiston tomoniga topshirgan edim.

— Sizni ko‘pchilik “bu bizniki, bu bizniki” deb qizg‘anishadi. Jumladan, biz ham...
— Bir qiziq holatni aytib beraman. Men o‘zim o‘zbekman. Qirg‘izistonning O‘zgan shahrida tug‘ilganman. Ukrainada o‘qiganman. Hozir Rossiya fuqarosiman. Birinchi bo‘lib fazoga AQShning kemasida uchganman. Shundan kelib chiqib, meni xalqaro miqyosdagi fuqaro deyish mumkin.

— Fazoda bo‘lganingizda, ko‘nglingizdan qanday o‘ylar o‘tgan?
— Koinotdan Yerimiz bir tugma hajmidek ko‘rinadi. Birinchi parvozga chiqqanimda taassurotlar, o‘ylarim ostin-ustun bo‘lib ketgan. Va shunday xulosaga kelganman: Yerda milliardlab odamlar yashaymiz. Kimdir och-nahor yashamoqda, kimdir jangda, yana kimdir bolalarni tarbiyalash, kimdir pul topish bilan band. Nima uchun biz barchamiz bir tanu jon bo‘lib, ahil-inoq yashay olmaymiz?! Fazo qo‘ynidan qaraganingizda davlatlararo chegaralar ko‘rinmaydi. Bularning barchasi falsafiy mushohadaga undaydi kishini...
Koinotga chiqquncha boshqa odam bo‘lgan bo‘lsam, Yerga butunlay o‘zgarib tushganman. Yer va biz, odamlar — bir yaxlit butunlikmiz. Biz sayyoramizni juda ehtiyotkorlik bilan asrashimiz kerak. Bu tuyg‘uni, ayniqsa, siz kosmosda bo‘lganingizda aniq his etasiz. Biz, kosmonavtlar hammamiz Yerni asrash, uni his qilish uchun har bir odamni koinotga chiqarish kerak, deb hisoblaymiz. Koinotdan Yerni ko‘rgan odam ko‘p ishlar juda arzimas, mayda ekanligi, aslida Yerni asrash, odamlar esa bir-birini e’zozlashi muhimligiga ishonch hosil qiladi.

— Bugun Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarni Yerni asrash yo‘lidagi qadam, deb hisoblaysizmi?
— Markaziy Osiyo xalqlarini bir-biridan ayro tasavvur qilib bo‘lmaydi. Biroq orada shunday tushunmovchiliklar vujudga keldiki, ota farzandi, opa singlisi bilan o‘n yillab ko‘risholmadi. Biz asli Andijondan, Poytug‘ shaharchasidanmiz. Chegaralar ochilgani odamlar qalbiga yo‘l ochilganidan darakdir. Men O‘zbekistonning qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlarini odamlarning tilidagi, dilidagi gaplardan yanada chuqur his etayapman. Qachonlardir bizning yurtda o‘ta abjir, dovyurak yo‘lbarslar ko‘p bo‘lgan. Buni bobolarimizning ertaklarida, hikoyalarida ko‘p eshitganmiz. U tasavvurimizda xaloskorlik, najot, qudrat va shijoat timsoli bo‘lib muhrlanib qolgan. Shuning uchun ham xalqimizning unga mehri bo‘lakcha. Lekin bugungi kunga kelib, qachonlardir ona-tabiatning bir gavhari bo‘lgan Turon yo‘lbarsi endi yo‘q, u qaytmaydi, deguvchilar ko‘payib ketgandi. Olimlar, sinchilar shunday xulosa berishgandi. Bugun ana shu gap-so‘zlar puchga aylandi. Bizning ona-yurtimiz — qadim Turkistonga Turon yo‘lbarsi qaytdi. Qaytganda ham, dadil, katta shijoat va kuch-g‘ayrat bilan kelajak sari qadam qo‘ydi... Bugun mintaqamizda amalga oshirilayotgan tarixiy jarayonlar ana shunday deyishimizga asos bo‘ladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev butun Markaziy Osiyo xalqlarining o‘zaro yaqinlashuvida tengsiz shijoat ko‘rsatayaptiki, bu bir-biri bilan birodar ellarning tarixiy rishtalarini bog‘lamoqda.
Omonulla FAYZIYEV suhbatlashdi.
Moskva shahridan «Xalq so‘zi» uchun maxsus.

Solijon Sharipov 1998 yil 23 yanvarda AQShning “Space Shuttle” ko‘p marta uchish tizimidagi “Endeavour” kemasida samoga ko‘tarilib, 8 kun 19 soat 46 daqiqa 54 sekund parvozda bo‘ldi. Parvoz davomida kemani “Mir” Rossiya orbital stansiyasiga biriktirish ishlarini amalga oshirdi. Uning ikkinchi parvozi 2004 yil 14 oktyabrda amalga oshdi. Solijon Sharipov “Soyuz TMA-5” kosmik kemasining sardori sifatida koinotga ko‘tarilib, Xalqaro kosmik stansiyada olti oydan ko‘proq muddat mobaynida ilm-fan ravnaqi uchun zarur bo‘lgan ellikdan ortiq tajriba ishlarida qatnashdi. Parvoz chog‘ida ikki marta ochiq fazoga chiqib, umumiy hisobda 10 soat davomida stansiyani ta’mirlash, unga yangi jihozlar o‘rnatish va boshqa muhim tadbirlarni o‘tkazdi. Solijon Sharipov jami 201 kun 14 soat 48 daqiqa 53 soniya parvoz qilgan. Shuningdek, u “Soyuz TM-29” va “Soyuz TM-30” kosmik kemalari dublyor ekipajlarining sardori bo‘lgan. Solijon Sharipov Rossiya Federatsiyasi Qahramoni, Qirg‘iziston Respublikasi Qahramoni unvonlari, O‘zbekiston Respublikasining “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.
Ayni paytda u Kosmonavtlarni tayyorlash ilmiy-tadqiqot sinov markazi qoshidagi kosmomarkazga rahbarlik qilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?