Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

10:19 28 Iyun 2019 Iqtisodiyot
614 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Mamlakatimizda raqobatbardosh ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish, tadbirkorlikni va sogʻlom raqobat muhitini qoʻllab-quvvatlash, mamlakatning eksport salohiyatini kengaytirish va ragʻbatlantirish hamda ichki bozorni sifatli isteʼmol tovarlari bilan taʼminlashga yoʻnaltirilgan soliqqa tortish va bojxona-tarif tizimini tartibga solish samarali tizimini shakllantirish boʻyicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, iqtisodiyotning ayrim sektorlarida tadbirkorlik subyektlariga sezilarli miqdorda imtiyoz va preferensiyalar berilganini hisobga olgan holda qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblash va toʻlashning amaldagi tartibidagi mavjud boʻlgan nomutanosibliklar barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun teng sharoitlarni taʼminlashda qoʻshilgan qiymat soligʻining toʻlaqonli zanjirini yaratish va iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish imkoniyatini bermayapti.

Mamlakatimizning investitsiyaviy muhitini yanada yaxshilash, adolatli raqobat tamoyillarini joriy etishni taʼminlash hamda soliqlar va bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar berish amaliyotini tartibga solish maqsadida:

1. 2019-yil 1-avgustdan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

yagona yer soligʻi toʻlovchisi hisoblangan qishloq xoʻjaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilari ixtiyoriy ravishda qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashga oʻtishi mumkin;

kalendar yili davomida xizmatlarni realizatsiya qilishdan olgan tushumi 100 million soʻmdan oshgan, biroq bir milliard soʻmdan koʻp boʻlmagan telekommunikatsiyalar operatorlari va (yoki) provayderlariga vositachilik xizmatlarini koʻrsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar xizmat haqi summasidan 25 foiz stavkada yagona soliq toʻlovini toʻlashga oʻtadi.

2. Belgilansinki, 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab:

a) benzin, dizel yoqilgʻisi va gazni yoqilgʻi quyish stansiyalari orqali oxirgi isteʼmolchilariga sotadigan yuridik shaxslar, ushbu tovarlarni sotishdan tushumning miqdoridan qatʼi nazar, qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari hisoblanadi;

b) tovarlarni import qiluvchi tadbirkorlik subyektlari, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotishdan tushum miqdoridan qatʼi nazar, qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari hisoblanadilar. Bunda tovarlarni birinchi marta import qiluvchi tadbirkorlik subyektlari import shartnomasi tuzilgan oydan keyingi oyning 1 sanasidan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi sifatida hisobga turishi shart;

v) quyidagilar boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻidan, shu jumladan, import qilinganda ham imtiyozlar bekor qilinadi:

asbest, koʻmir, yogʻoch materiallari, yogʻoch va undan tayyorlangan buyumlar, uglevodorod xom ashyosi;

soya danagi, kungaboqar va kunjut urugʻlari, moyli xom ashyo va shakar xom ashyosi;

qishloq xoʻjaligi texnikasi, avtotransport vositalari, avtotransport vositalarini ishlab chiqarishda foydalaniladigan butlovchi buyumlar, materiallar va texnologik asbob-uskunalar;

g) yuridik shaxslarning tijorat banklariga joylashtirgan mablagʻlaridan foiz koʻrinishida olingan toʻlov manbaini foyda soligʻidan ozod qilish boʻyicha imtiyozlar bekor qilinadi.

3. Qoʻshilgan qiymat soligʻining toʻlaqonli zanjirini yaratish va barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun teng sharoitlarni taʼminlash maqsadida belgilansinki:

2019-yil 1-oktyabrdan boshlab oʻzi ishlab chiqargan qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga va Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan belgilangan qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha imtiyozlar bekor qilinadi;

2019-yil yanvar oyidan sentyabr oyigacha 1 milliard soʻmdan ortiq pul aylanmasi (tushumi)ga ega boʻlgan yoki 50 gektardan ortiq qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer maydonlariga ega boʻlgan yagona yer soligʻi toʻlovchilari qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari hisoblanadilar va belgilangan tartibda qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi sifatida roʻyxatdan oʻtishlari shart. Bunda 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab belgilangan pul aylanmasi (tushumi) chegaraviy darajasiga yetgan yagona yer soligʻi toʻlovchilar ushbu darajaga erishilgan oydan keyingi oyning 1 sanasidan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashga oʻtadi;

paxta xom ashyosini ishlab chiqaruvchilar 2019-yil hosilidan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashga oʻtadilar. Bunda ularga 2018-yilning 1-oktyabridan ilgari boʻlmagan vaqtda haqiqatda olingan va paxta xom ashyosini yetishtirish uchun ishlatilgan tovarlar (ish, xizmatlar) uchun toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini hisobga olish huquqi beriladi.

Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlari qismi boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻidan imtiyozga ega boʻlgan yuridik shaxslarga imtiyozdan voz kechish toʻgʻrisida xabarnoma berish asosida, ushbu xabarnoma berilgan oydan keyingi oyning 1 sanasidan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlash huquqi berilsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan fermer xoʻjaliklariga buxgalteriya hisobini yuritish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish uchun maxsus dasturiy mahsulot ishlab chiqilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini hisoblash va hisobga olish imkoniyatlarini nazarda tutgan holda dasturiy mahsulotni qayta ishlab chiqsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda qoʻshilgan qiymat soligʻining kiritilishi munosabati bilan paxta xom ashyosining 2019-yil hosili uchun yangi xarid narxlarini tasdiqlasin.

6. Mahalliy davlat hokimiyati organlariga, yuridik shaxslarining mol-mulkiga solinadigan soliq, yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi va yagona yer soligʻining toʻlov muddatini 24 oygacha muddatga kechiktirish vakolati ularning mazkur soliqlar boʻyicha imtiyoz berish huquqini bekor qilgan holda berilsin.

Soliq toʻlovlari muddatini kechiktirish, soliq qarzdorligi boʻyicha belgilangan penya miqdoridagi foizlarni undirish sharti bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda berilishi nazarda tutilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yuridik shaxslarga beriladigan soliqlar toʻlash muddatini kechiktirish tartibini tasdiqlasin.

7. Belgilansinki, 2019-yil 1-avgustdan boshlab jismoniy shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi hududida sugʻurta faoliyatini amalga oshirishga litsenziyasi boʻlgan yuridik shaxslarga hayotini uzoq muddatli sugʻurtalash (barcha toifadagi hayot sugʻurtasi sohasi) boʻyicha sugʻurta shartnomasining har bir amaldagi yili uchun sugʻurta mukofotini toʻlashga yoʻnaltiriladigan ish haqi va boshqa daromadlari soliqqa tortilmaydi. Bunda sugʻurtalangan shaxsning hayoti uchun sugʻurta toʻlovlari shartnoma boʻyicha sugʻurta muddati boshlangan kundan boshlab kamida oʻn ikki oydan keyin amalga oshirilishi shart.

Uzoq muddatli hayotni sugʻurtalash shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan va sugʻurtalovchi tomonidan sugʻurtalangan shaxsga sugʻurta mukofoti qisman yoki toʻla qaytarilgan taqdirda, qaytarilgan sugʻurta mukofotining summasi jismoniy shaxsning soliqqa tortiladigan jami daromadiga kiritiladi. Bunda toʻlov manbaidan jismoniy shaxslarning daromad soligʻini ushlab qolish va byudjetga oʻtkazib berish majburiyati sugʻurtalovchiga yuklatiladi.

8. Belgilansinki, tadbirkorlik subyektlariga nisbatan asbob-uskunalar va (yoki) butlovchi buyumlar yetkazib berish boʻyicha import shartnomalari yuzasidan muddati oʻtgan debitor qarzdorlik uchun, agarda asbob-uskunalar va (yoki) butlovchi buyumlarni yetkazib berish muddati ularning texnik xususiyatlari va oʻziga xosligidan kelib chiqqan holda 180 kundan ortiq boʻlsa, moliyaviy jazo choralari qoʻllanilmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi bir oy muddatda asbob-uskunalar va (yoki) butlovchi buyumlar yetkazib berish boʻyicha import shartnomalari yuzasidan muddati oʻtgan debitor qarzdorlik uchun tadbirkorlik subyektlariga moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash tartibini belgilash toʻgʻrisida takliflar kiritsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda 2019-yil 1-oktyabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga qoʻshilgan qiymat soligʻining hisobga olingan summasining uni hisoblanganidan oshgan summasini majburiy qoplab berish tartibini joriy etish boʻyicha takliflar kiritsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat bojxona qoʻmitasi boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda xalqaro moliya institutlari konsultantlari va mustaqil ekspertlarni jalb qilgan holda 2019-yil 1-avgustga qadar bojxona imtiyozlarini berish tartibini tubdan qayta koʻrib chiqish, shuningdek, ilgari berilgan imtiyozlarni bekor qilish boʻyicha quyidagilarga alohida eʼtibor qaratgan holda takliflar kiritsin:

qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga tovarlarni olib kirganda, shuningdek, ish (xizmat)larni import qilganda import qilingan tovarlar (ish, xizmatlar) uchun qoʻshilgan qiymat soligʻidan imtiyoz oʻrniga 120 kungacha boʻlgan muddatga qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashni kechiktirish mexanizmlaridan foydalanishni;

texnologik asbob-uskunalar uchun bojxona imtiyozlarini berish mexanizmini takomillashtirish va optimallashtirishni.

11. 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

13. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — moliya vaziri J. A. Qoʻchqorov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari G. K. Saidova zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                         Sh. Mirziyoyev

Toshkent shahri,

2019-yil 27-iyun


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?