Soliq tizimining ikki muhim boʻgʻiniga yangi rahbarlar tayinlandi

17:15 11 Sentyabr 2018 Iqtisodiyot
238 0

Poytaxtimizda noqonuniy tovar aylanmalarining oldini olish, bankdan tashqari pul muomalasini qisqartirish, bozorlar, savdo komplekslari hamda savdo va xizmat koʻrsatish sohalarida soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlashni bartaraf etish, shuningdek, soliq sohasida huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish orqali mahalliy byudjet tushumlarini oshirish maqsadida Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi Soliq sohasida huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimi boshligʻi lavozimiga Abduraxmanov Muzaffar Mirzaraximovich tayinlandi.

M. Abduraxmanov 1988 yilda Toshkent shahrida tugʻilgan. Maʼlumoti oliy, 2011 yilda Toshkent avtomobil yoʻllari institutini, 2016 yilda Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasidan boshlab, turli lavozimlarda faoliyat yuritgan. 2018 yildan “Toshkent shahar Investitsiyalar, innovatsiyalar, turizmni rivojlantirish va xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish boshqarmasi” davlat unitar korxonasining investitsiya loyihalarini amalga oshirish va monitoring qilish boʻlimi boshligʻi lavozimida ishlab kelgan.

Soliq tizimidagi islohotlar jarayonining yana bir muhim yoʻnalishi bu –soha mutaxassislarini tayyorlash tizimini takomillashtirish, soliq xizmati organlarini malakali kadrlar bilan taʼminlashdir. Xususan, Toshkent soliq kollejini zamonaviy taʼlim muassasasiga aylantirish boʻyicha ishlab chiqilgan konsepsiyaga muvofiq, yaqin vaqtlar ichida ushbu kollej respublikamizdagi zamonaviy taʼlim muassasalari qatoridan joy olishi rejalashtirilgan. Bu yoʻlda xorijiy va mahalliy taʼlim muassasalarining ilgʻor tajribasidan keng foydalanish, shu jumladan,“International House Tashkent” xalqaro akademik litseyi bilan hamkorlikda zamonaviy oʻquv modelini joriy etish va uni amaliyot bilan uygʻunlashtirish hamda pirovardida taʼlim sifatini yangi bosqichga olib chiqish maqsad qilingan.

Shu bois InterHouse xalqaro akademik litseyida kadrlar tayyorlash boʻyicha yetarlicha bilim va tajriba toʻplagan Tillayev Firdavs Xasanovich Toshkent soliq kolleji direktori etib tayinlandi.

F. Tillayev 1988 yilda Toshkent shahrida tugʻilgan. Maʼlumoti oliy, 2009 yilda Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutini, 2018 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasini tamomlagan. U sanoat tarmoqlarida turli lavozimlarda faoliyat olib borgan.

Sirasini aytganda, Davlat soliq qoʻmitasida soliq xizmati organlariga malakali kadrlarni adolatlilik va shaffoflik tamoyillari asosida ochiq tanlov orqali ishga qabul qilish boʻyicha joriy etilgan yangicha tizim sohani istiqbolli kadrlar bilan mustahkamlash imkonini bermoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?