Soliq tizimi shakl-shamoyili ham, mazmuni ham o‘zgaradi

10:30 27 Iyun 2018 Iqtisodiyot
865 0
Foto: “Xalq so‘zi”

Davlat g‘aznasini to‘ldirishni soliqlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Chunki bozor tamoyillariga asoslangan iqtisodiyotning negizini, Davlat byudjetining daromad qismini soliq yig‘imlari tashkil etadi.

Mamlakat soliq tizimining barqaror faoliyati esa yurt hamda xalq farovonligi bilan chambarchas bog‘liqdir.

Yurtimizdagi soliq tizimini isloh qilish borasida ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ammo bugungi shiddatli davr har qanday sohaga yangicha yondashuvni, eski ish uslubidan voz kechgan holda, samarali mexanizmni tatbiq etishni kun tartibiga olib chiqmoqda. Xususan, davlat g‘aznasi butligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan soliq organlarining ish tutumi bugungi kun talablarga javob bermay qo‘ydi.

Joylardagi soliq organlarining soliq yig‘uvlari masalasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashuvi sohada talon-torojlik, korrupsiya, qing‘ir ishlarga yo‘l ochib berdi. Oxir-oqibat bu tizimni tubdan qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish lozimligini ko‘rsatdi.

Prezidentimizning “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mavjud muammolarni bartaraf qilish barobarida, sohani tubdan isloh etish, samarali tizimni ishga solishga turtki berishi, shubhasiz. Boisi, qarorga binoan, soliq tizimining ustuvor vazifalari hamda funksiyalari, ish uslubi va tashkiliy tuzilmasi ham butunlay o‘zgaradigan bo‘ldi. Mamlakat soliq ma’murchiligi tizimini takomillashtirishning muhim yo‘nalishlari belgilab berildi.

— Endilikda soliq organlari soliq to‘lovchilarning biznes hamkori hamda maslahatchisi bo‘lib, “Soliq xizmati — insofli soliq to‘lovchilarning ishonchli hamkori” tamoyili asosida ishlaydi, — deydi Davlat soliq qo‘mitasining boshqarma boshlig‘i Xolbo‘ta Ismatov. — Aynan ushbu maqsadlarni to‘la-to‘kis amalga oshirish maqsadida, birinchi navbatda, 2019 yil 1 yanvardan boshlab har bir soliq to‘lovchiga “shaxsiy kabinet” ochiladi va barcha tadbirkorlik subyekti, yuridik shaxslarga soliq xizmatlari ayni shu kabinet orqali ko‘rsatiladi. Shuningdek, 2018 yil 1 oktyabrdan e’tiboran soliq tushumlarining nazorati ham kuchaytiriladi. Ya’ni tovar yoki realizatsiyasidan tushumlarni hamda xodimlar sonini kamaytirib ko‘rsatish soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash sifatida malakalanadigan bo‘ldi.

Hujjatga asosan, davlat soliq xizmati organlari faoliyati samaradorligini baholashning asosiy mezonlari ham belgilanmoqda. Unga ko‘ra, endilikda soliq idoralari faoliyati davlat soliq xizmati organlari ishining sifatini qoniqarli baholovchi soliq to‘lovchilar va ularning harakatlari ustidan shikoyatlar soni, kameral nazorat natijasida undirilgan soliqlar hamda boshqa majburiy to‘lovlarning umumiy summasi, xronometraj va ko‘zdan kechirish natijalari bo‘yicha aniqlangan Davlat byudjeti daromadlarini oshirish zaxiralari summasi hamda ularni undirish darajasi, hisoblangan soliq va boshqa majburiy to‘lovlar undirishning to‘liqligi, davlat soliq xizmati organlari bilan o‘zaro munosabatlarida “shaxsiy kabinet”dan foydalanish darajasi, elektron hisobvaraq-fakturalarni hisobga olish hamda onlayn nazorat-kassa mashinalarini qo‘llayotgan soliq to‘lovchilarni qamrab olish darajasi kabi qator mezonlar asosida baholanadi.

Bundan tashqari, soliq organlarining huquqlari kengaytirilmoqda. Xususan, endilikda yuridik shaxslar tomonidan soliqlarni to‘lashdagi hisobotlar o‘z vaqtida taqdim etilmaganda, soliq idoralariga ularning hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish, davlat ulushlari bo‘yicha dividendlarning va davlat unitar korxonalarining sof foydasidan Davlat byudjetiga ajratmalarning to‘g‘ri hisoblanishi hamda undirilishini ta’minlash, soliq to‘lovidagi axborotning ishonchliligini tekshirish maqsadida joyiga chiqqan holda, tematik va ekspress-o‘rganishlar o‘tkazish, soliq qarzdorligini jismoniy shaxslarning plastik kartalaridan yechib olish huquqlari berilmoqda.

Yangiliklardan yana biri shuki, Davlat soliq qo‘mitasining “Respublika axborot-maslahat markazi” hamda “Soliq deklaratsiyalarini qayta ishlash markazi” davlat unitar korxonalari tugatilib, uning negizida “Soliq-servis” davlat unitar korxonasi, shuningdek, Moliya vazirligi huzurida Soliq to‘lovchilar va davlat soliq xizmati organlari o‘rtasidagi soliq nizolarini sudgacha hal qilish kengashi ish boshlaydi. Qo‘mita tarkibidagi Soliq akademiyasi esa Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi malaka oshirish markazi sifatida qayta tashkil etiladi.

Soliq organlari xodimlarining mehnatini munosib rag‘batlantirish masalalari ham e’tibordan chetda qolmagan. 2018 yil 1 avgustdan boshlab mahalliy byudjetlarning daromad bazasini kengaytirish hamda korrupsiya holatlarining oldini olish maqsadida davlat soliq xizmati organlari xodimlarining lavozim maoshlariga tarif koeffitsiyenti 1,7 baravar oshirilgan miqdorda qo‘llaniladi.

Qisqasi, mamlakatimiz soliq tizimining shaklu shamoyili va mazmuni tubdan o‘zgaradi. Endi soliq organlari faqat soliq yig‘uvchi emas, balki soliq to‘lovchiga yaqin ko‘makchi sifatida ham faoliyat olib boradi. Bu tamoyil qo‘llanilishining asosiy maqsadi — yangi tizimni xalqimiz hamda tadbirkorlarga yanada yaqinlashtirishdan iboratdir.
Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil
multimedia markazi materiallari asosida
R. ShЕRQULOV tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?