“Soliq-servis” soliq toʻlovchilarning ishonchli biznes-hamkori va maslahatchisi boʻla olyaptimi?

14:35 29 Dekabr 2018 Iqtisodiyot
574 0

Illyustrativ foto

Mamlakatimiz Prezidentining 2018 yil 26 iyundagi “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzurida “Soliq-servis” davlat unitar korxonasi oʻzining hududiy markazlari bilan birgalikda tashkil qilindi.

Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi. Mamlakatimizda ilk bor tashkil etilgan yangi tuzilmaviy xizmat – “Soliq-servis” DUKning asosiy vazifalariga nimalar kiradi?

“Soliq-servis” DUK faoliyatini tashkil etishdan koʻzlangan asosiy maqsad davlat soliq xizmati organlari soliq toʻlovchilarning haqiqiy biznes-hamkori va maslahatchisi boʻlishini taʼminlash, har qanday biznes-rejasini tuzishdan oldin soliq organlaridan kerakli maslahat olishlari uchun barcha imkoniyatlarni yaratishga qaratilgan.

Korxona faoliyatini yoʻlga qoʻyishda rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasi oʻrganildi va biz uchun mos keluvchi jihatlar olindi.

“Soliq-servis” DUK markazlari faoliyati Toshkent viloyatining tuman va shahar davlat soliq inspeksiyalarida ham ish boshlagan. Bugungi kunda birgina ushbu viloyatda joriy yilning oʻtgan davri davomida 502 ta jismoniy va yuridik shaxslarga amaliy-uslubiy yordamlar koʻrsatildi. Bevosita joylarda tashkil etilgan 22 ta seminarda 6,5 mingdan ziyod soliq toʻlovchi qatnashdi hamda soliq tizimi mutaxassislaridan oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi.

Aholi va barcha xoʻjalik subyektlari faoliyatlari davrida yuzaga kelgan savollar boʻyicha (71) 202-32-82 yoki 1198 qisqa raqami orqali “Sall-markaz”ga murojaat qilib, malakali javob olishlari mumkin.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?