“Soliq-servis” soliq toʻlovchilar uchun qanday imkoniyatlarni hozirlamoqda?

15:10 02 Noyabr 2018 Iqtisodiyot
1459 0
Illyustrativ foto

Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan coliq toʻlovchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida respublikamizning 14 ta hududida “Soliq-servis” DUKning hududiy markazlari tashkil etildi.

Davlat soliq qoʻmitasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot boʻlimi davlat soliq katta inspektori Akmal Nazarovning aytishicha, hozirda mazkur hududiy markazlarda 238 nafar xodim faoliyat yuritib, ular orasidan viloyatlarning har bir tumani boʻyicha tayinlangan bittadan vakil ushbu tumanlardagi soliq toʻlovchilar bilan doimiy asosda ishlaydi va soliq majburiyatlarini bajarishda xoʻjalik subyektlariga koʻmaklashadi.

Qolaversa, Davlat soliq qoʻmitasining interaktiv xizmatlar tizimini takrorlamaydigan qoʻshimcha interaktiv xizmatlar ishlab chiqish, xususan, fermer xoʻjaliklari va kichik korxonalar uchun “onlayn buxgalteriya” yaratish kabi zamonaviy xizmatlar koʻrsatiladi.

Shu bilan birga, shaxsiy kabinetlar orqali elektron tarzda soliq toʻlovchilardan kelib tushadigan murojaatlarni individual ravishda koʻrish va har biriga javob berishga qaratilgan “soliq toʻlovchilarga xizmat koʻrsatish” maxsus boʻlimi tashkil etildi.

Aholi va xoʻjalik subyektlariga axborot xizmatlarini koʻrsatish maqsadida “call-markaz” maxsus servisi ishga tushirilgan. Aholi va xoʻjalik subyektlari tomonidan soliq majburiyatlarini bajarishda sohaga oid yoki buxgalteriyasini yuritishga doir masalalarda axborot-maslahat xizmatlariga zarurat tugʻilsa, “Soliq-servis”ga (71) 202-32-82 yoki 1198 qisqa raqami orqali murojaat etishlari mumkin.

“Call-markaz” murojaatlarni qabul qilishda aloqa sifatini yuqori darajada taʼminlaydigan xorijning eng zamonaviy texnologiyalari va asbob-uskunalari bilan jihozlanmoqda. Shuningdek, kelib tushayotgan murojaatlar bilan ishlashning yagona elektron tizimi va zarur dasturiy taʼminotlari yaratiladi. Bu esa yaqin kelajakda ushbu maxsus aloqa xizmatini 24 soat davomida uzluksiz ishlash imkonini beradi.

Har bir davlat soliq inspeksiyalarida maxsus infokiosklar joylashtiriladi. Bu infokiosklar orqali soliq toʻlovchilar “Soliq-servis” tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar, soliq stavkalari va sohadagi yangilik hamda oʻzgarishlar xususida umumiy maʼlumotlarni olishlari mumkin.

Joriy yilning 1 avgustidan 1 oktyabriga qadar “Soliq-servis”ga soliq toʻlovchi yuridik va jismoniy shaxslardan 1 700 dan ortiq telefon orqali murojaat kelib tushgan boʻlsa, shuning aksariyati joriy yilning sentyabr oyidan ish boshlagan “call-markaz” orqali qabul qilingan va ularga tezkor javoblar qaytarilgan. Bundan tashqari, shu qisqa muddat ichida toʻlaqonli, asosli yozma javob olish maqsadida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan “Soliq-servis”ga 21 marotaba murojaat qilingan hamda ularning barchasiga asosli yozma javob xatlari yoʻllangan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?