Soliq organlari tomonidan ekspress-oʻrganishlar amalga oshiriladi

17:56 03 Dekabr 2018 Iqtisodiyot
256 0

Illyustrativ foto

Hukumat qarori bilan Davlat soliq xizmati organlari tomonidan mavzuga oid va ekspress-oʻrganishlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Nizom kameral nazorat boʻyicha soliq toʻlovchi taqdim etgan axborotning ishonchliligini hamda soliq toʻlovchilarga soliq va bojxona imtiyozlarini qoʻllashning qonuniyligini tasdiqlash uchun joyiga borgan holda mavzuga oid va ekspress-oʻrganishlarni amalga oshirish tartibini belgilaydi.

Quyidagilar mavzuga oid va ekspress-oʻrganishlarni amalga oshirish mezonlari hisoblandi:

davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan subyektlarning sof foyda va dividendlar toʻgʻrisidagi, shuningdek, unitar korxonalarning sof foydasidan Davlat byudjetiga 30 foiz ajratmani aniqlash toʻgʻrisidagi hisobotida hamda soliq organlaridagi maʼlumotlar oʻrtasida tafovutlar mavjudligi;

kameral nazorat natijasida bank hisob raqamlarida pul mablagʻlarining tahlilida tovar-moddiy boyliklar, ishlar va xizmatlarning hajmi, nomenklaturasi va summasi oʻrtasidagi tafovut;

valyutaga oid aniqlangan qonunbuzarliklar, import va eksport qilinadigan tovarlar narxining oshirilishi va pasaytirilishi.

Nizomga muvofiq, soliq toʻlovchi noqonuniy hamda mavzuga oid va ekspress-oʻrganishga aloqasi boʻlmagan hujjatlar va talablarni bajarmaslik, shuningdek mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari ustidan shikoyat berish huquqiga ega.

Shuningdek, soliq organlarining mansabdor shaxslari soliq toʻlovchiga soliq organining mavzuga oid va ekspress-oʻrganish tayinlanganligi toʻgʻrisidagi buyrugʻidan koʻchirma nusxasini topshirishi va soliq siriga rioya etishi shart.

Mavzuga oid va ekspress-oʻrganishlarni amalga oshirish muddati besh ish kunidan oshmasligi kerak. Mavzuga oid va ekspress-oʻrganish natijasi boʻyicha qonunbuzilishlar aniqlangan taqdirda maʼlumot tuziladi va unga quyidagilar ilova qilinadi:

oʻrganish uchun asos boʻlgan mezonlar koʻrsatilgan hujjatlarning nusxalari;

oʻrganish davomida olingan hujjatlar nusxalari.

Soliq toʻlovchilar oʻrganish yakunlangunga qadar soliqqa oid huquqbuzarlikni bartaraf etishga haqli.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?