​​​​​​​Soliq konsepsiyasi: u fuqaroga, biznesga, jamiyatga nima beradi?

18:36 01 Avgust 2018 Iqtisodiyot
757 0
Illyustrativ foto

2018 yil 29 iyun nafaqat soliq tizimi, balki butun mamlakat hayotida so‘nggi yillardagi eng muhim voqealardan biri bo‘ldi. Aynan shu kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida”gi tarixiy Farmonga imzo chekdi. Ushbu hujjat oddiy fuqarolar daromadida, ish bilan band bo‘lishiga ko‘rsatadigan kuchli ta’siri orqali ularning turmush tarzida bevosita aks etishi bilan ahamiyatli. Qolaversa, kichik biznesni respublika iqtisodiyotining real sektori uchun tom ma’nodagi tayanchga aylantirib yuborishi, davlat uchun esa yillar davomida eskirgan va mamlakat taraqqiyotiga har tarafdan to‘g‘anoq bo‘layotgan murakkab va og‘ir soliq tizimini tubdan yangilash sari yo‘l ochib berishi bois ham tarixiydir.

Bir yillik mehnat samarasi, yuzlab bahs-munozaralar, maslahatlashuvlar, o‘rganish va tadqiqotlar natijasi bo‘lmish ushbu hujjatning chindan ham “boshqacharoq” ekanligi uni ishlab chiqish jarayonidayoq ma’lum bo‘lgan edi. Konsepsiyani tayyorlashga muhim iqtisodiy-moliyaviy organlar bir yoqadan bosh chiqarib kirishdi. Rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlardan mashhur ekspertlar taklif etilib, muhokamalarga biznesda muvaffaqiyat qozongan bir qancha tadbirkorlar jalb qilindi. Keng jamoatchilik va tadbirkorlardan kelib tushgan 800 ga yaqin taklif va mulohazalar, Facebook, Telegram singari ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan minglab fikrlar o‘rganildi. Va tabiiyki, bularning bari milliy soliq siyosatimiz misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar davriga yaqinlashayotganidan dalolat berardi.

Ekspert fikri.

Iqtisodiyot vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari David SHAULOV:

— Soliq konsepsiyasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida umumxalq muhokamasiga qo‘yilgach, butun mamlakatimiz bo‘ylab qizg‘in muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Hujjat bir necha oy davomida TV, radio, gazetalarda, internetda keng muhokama qilindi. Parlament qo‘mitalari hamda hukumatning soliq tizimiga aloqador iqtisodiyot va moliya organlari tomonidan joylarda maxsus uchrashuvlar, bahs-munozaralar tashkil etildi. Loyihani ishlab chiqish, respublika iqtisodiyotidagi real holatni xolis baholash va tahlil qilishda ikkita xalqaro missiya faol ko‘maklashdi. Bular — Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki mutaxassislaridir.

Xalq bilan muloqot, tadbirkorlar ishtirokidagi munozaralar chog‘ida olingan fikr va takliflarning ko‘pchiligida, avvalo, soliq siyosatining barqaror bo‘lishi, har yili kutilmaganda e’lon qilinadigan turli qarorlar tufayli o‘zgarib ketmaydigan, adolatli, tushunarli, eng muhimi, muvozanat saqlangan soliq tizimini shakllantirish masalasi ko‘tarildi.

Xo‘sh, bu konsepsiyaning sizu biz, tadbirkorlar, savdogarlar va ishlab chiqaruvchilar, davlat byudjeti, umuman olganda, Vatan taraqqiyotida nechog‘lik o‘rni bor? Qanday o‘zgarishlar yuz berdiki, ushbu hujjat “olamshumul islohot” deya ta’riflanmoqda? Bu islohotlarni muvaffaqiyatli ro‘yobga chiqarish va ko‘zlangan maqsadlarga erishish uchun nimalar qilmog‘imiz kerak? Keling, shu savollarga javob izlashga harakat qilaylik.

Odamlarning daromadi

“Bu dunyoda aql bovar qilmaydigan eng qiyin tushuncha — soliq shkalasidir” degan edi zamonaviy fizika asoschilaridan biri Albert Eynshteyn bundan bir asr avval. Ha, aynan shunday. Mamlakatimizda jismoniy shaxslar daromadiga solinadigan soliq tartibi murakkablashib, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘sha nisbiylik nazariyasini ishlab chiqqan olimning ham tafakkuri yetmaydigan shaklga kelib qolgandi.

Maoshingiz eng kam ish haqining bir baravaridanbesh baravarigacha bo‘lsa 7,5%, besh baravaridan o‘n baravarigacha oralig‘ida 16,5%, undan yuqori miqdorda oylik olsangiz, 22,5% soliq ushlanar, bu soliqlar miqdorining o‘zi ham o‘sib boruvchi shkala bo‘yicha kishini chalkashtirib yuboradigan darajada murakkablashib ketardi. Qo‘shimchasiga, ish haqidan davlatdan tashqari pensiya jamg‘armasi uchun 8 foizlik majburiy sug‘urta to‘lovi undirilardi.

Hozirgacha amalda bo‘lgan tartibga ko‘ra, ish haqidan olinadigan soliq yukining kattagina qismi ish beruvchilar — xususiy biznes, kichik korxonalar, tadbirkorlar zimmasiga ham tushadi. Deylik, xodimga yozilgan 1 million so‘m oylikdan 300 — 450 ming so‘mgacha miqdorda soliq olinadi. Oqibatda, haddan ziyod og‘ir soliq yuki ish beruvchilarni yangi ish o‘rinlarini yaratishdan ham, mavjud xodimlarga, o‘zi istaganidek, katta miqdorda maosh to‘lashdan ham qaytarmoqda. Ular bu to‘lovlardan qochish maqsadida oylikni “konvertda”, naqd to‘lash, real xodimlar sonini yashirish, o‘z korxonasining asosiy faoliyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan, xususan, tozalash, axborot texnologiyalari, qo‘riqlash, logistika, marketing singari yo‘nalishlarni shartnoma asosida autsorsing xizmatlariga berib yuborish yo‘liga o‘tdilar.

Ahvol shu darajaga yetdiki, 13 milliondan ziyod mehnatga yaroqli aholisi bor respublikamizda ish haqidan qonuniy soliq to‘laydiganlar soni 4,6 millionni tashkil qilmoqda. Pul topib, oila boqayotgan, biroq hech qayerda rasmiy ishlamayotgan qolgan millionlab yurtdoshlarimiz esa ana shunday yashirin iqtisodiyot soyasida qolib ketgan. Ular kasaba uyushmalari muhofazasidan foydalanolmaydi, ipoteka krediti ololmaydi, kelajakda pensiyaga ega bo‘lmaydi, mehnat qonunchiligidagi imtiyozlar bu xodimlarga daxl qilmaydi. Eng yomoni, olinmagan soliq ko‘rinishida davlat byudjetiga ham milliardlab so‘m zarar yetmoqda.

Yangi soliq konsepsiyasiga ko‘ra, endi vaziyat tubdan o‘zgardi: soliq yuki keskin kamaytirilib, sodda, shaffof, muhimi, ish beruvchi uchun ham, ishlovchi uchun ham birdek adolatli stavka belgilandi.

Ekspert fikri.

Axmadjon Suyunov, Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i:

— Yangi soliq konsepsiyasida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘ycha yagona — 12 foizlik stavka belgilandi, holbuki, jahon bo‘yicha ushbu soliqning o‘rtacha darajasi 20 foizga teng. Daromad solig‘ining bunday soddalashtirilgan tartibi iqtisodiyoti rivojlanayotgan, keng qamrovli islohotlar olib borilayotgan bizning kabi davlatlar uchun eng maqbul variantdir. Birgina misol, 2001 yili Rossiya soliq tizimining progressiv shkala tartibidan soddalashtirilgan daromad solig‘i tartibiga o‘tishi bir yildayoq katta muvaffaqiyat keltirdi va mehnat fondidan olinadigan soliq bazasini 50 foizga oshirdi.

Yana bir jihat. Amaldagi kodeksda soliq stavkalari aniq belgilanmagani sababli qonunosti hujjatlari orqali tartibsiz ravishda amalga kiritilgan imtiyozlarda chalkashliklar mavjud. Shunday yengilliklar yordamida bir xodimning daromad solig‘i ba’zan 5 foizgacha kamaysa, undan kam mehnat qilmaydigan boshqa bir soha vakili 18-20 foiz soliq to‘lamoqda. Konsepsiyada belgilab qo‘yilganidek, tamomila yangicha mazmunda ishlab chiqilayotgan Soliq kodeksida xodimlar uchun ko‘zda tutilgan turli-tuman, gohida bir-biriga zid imtiyozlar ham tartibga keltiriladi.

Biznesning manfaati

Eng ko‘p yangiliklar aynan xususiy tadbirkorlar, kichik biznes faoliyati misolida ko‘zga tashlanadigan bo‘ldi. Konsepsiyadan ko‘zlangan bosh maqsad ham, aslida, biznesga tushayotgan soliq yukini keskin kamaytirish orqali mamlakatda ishlab chiqarish va investitsiyaviy muhitni rivojlantirish, pirovardida, davlatning soliq bazasini kengaytirishdir. Bu yerda asosiy urg‘u kichik va yirik korxonalar uchun birdek adolatli soliq tizimini yaratish, ular o‘rtasidagi nomutanosiblikni bartaraf etishga qaratiladi. Hozir bizda xususiy tadbirkorlar uchun ikki xil soliq tartibi amal qilmoqda: soliq to‘lashning umumbelgilangan tartibi va soddalashtirilgan tartib. Biroq o‘ta baland stavkalar va murakkabliklar bois yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan 351 ming soliq to‘lovchining 2,7 foizigina umumiy, ya’ni ko‘pchilikka mo‘ljallangan soliq tartibida ishlaydi, 97 foizi esa soddalashtirilgan tartibda soliq to‘lamoqda.

So‘nggi 10-15 yil mobaynida aslida, sartaroshxona, do‘koncha, ustaxona singari kichkina subyektlar uchun mo‘ljallangan bu sodda tartib o‘ziga xos “imtiyoz” ko‘rinishini olib, o‘sha 2,7 foiz soliq to‘lovchidan tushayotgan mablag‘ qolgan 97 foiz korxonalar to‘layotgan soliqdan ikki yarim baravar ko‘payib ketdi. Korxonalarning yiriklashishga intilmasligi, hisob raqamida milliardlab mablag‘i bo‘la turib, “mikrobiznes” shaklida yuraverishi ana shunday sog‘lom aqlga zid holatni vujudga keltirdi.

Endi, yangi soliq konsepsiyasiga binoan, xususiy korxonalarga avvalgidek xodimlar soniga qarab emas, balki yillik aylanma mablag‘iga asosan soliq tartibi qo‘llanadi. Ya’ni aylanma mablag‘i 1 milliard so‘mdan past subyektlar (bunga aynan yuqorida aytib o‘tilgan mikrobiznes vakillari kiradi) yagona soliq to‘lash tartibida qoladi, uning stavkasi esa 5 foizdan 4 foizga tushiriladi. Qolganlar umumiy o‘rnatilgan tartibda soliq to‘laydi.

Konsepsiyada tadbirkorlik subyektlari uchun ko‘plab yengilliklar ko‘zda tutilmoqda. Ularning eng muhimlarini ko‘rib chiqsak:

Majburiy to‘lovlar bekor qilindi. Xususiy korxonalarning yillik aylanma mablag‘idan 3,2 foiz miqdorida davlat maqsadli fondlariga o‘tkaziladigan majburiy to‘lovlar tadbirkorlar gardanidagi juda katta yuk bo‘lib turgan edi. Chunki ular foyda qiladimi-yo‘qmi, yil oxiriga borib katta summaga aylanib ketadigan ushbu soliqni to‘lashga majbur edilar. Iqtisodiyot vazirligining tahlillariga ko‘ra, bu to‘lovlar tadbirkorlar daromadining o‘rtacha 20 foizini “yeb qo‘yardi”.

Daromad solig‘i pasaytirildi. Yuridik shaxslar uchun stavka 14 dan 12 foizga, tijorat banklari uchun esa 22 dan 20 foizga tushirildi. Respublika Moliya vazirligi bergan ma’lumotlarga qaraganda, ushbu yengillik tadbirkorlar va banklarga 249 milliard so‘mni tejash imkonini beradi. Umuman, 2019 yil 1 yanvardan kuchga kiradigan yangi stavkalar hisobiga biznes zimmasiga tushayotgan soliq yuki 5 trillion so‘mdan ziyod miqdorda kamayadi.

Dividendlardan olinadigan soliq 10 foizdan 5 foizga tushirilib, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston jahondagi eng past soliq stavkaga ega bo‘lgan davlatlardan biriga aylandi. Bu qarordan ko‘zlangan maqsad tadbirkorlarni bo‘sh turgan mablag‘larni omonatlarga qo‘yishga rag‘batlantirish, mamlakatda fond bozorini rivojlantirishdir.

Mulk solig‘i 5 foizdan 2 foizga tushirildi. Biroq, endi katta maydonlarga egalik qilib, undan foydalanmayotgan yoki ko‘p miqdorda suv ishlatuvchi subyektlar ham ushbu soliqni to‘laydigan bo‘ldi.

Tadbirkor fikri.

Nodirbek RAHIMOV, “Nodirshoh qurilish” xususiy korxonasi rahbari (Namangan viloyati):

— Yangi konsepsiya tufayli yuz beradigan o‘zgarishlar ichida xodimlar maoshidan olinadigan soliqlarning kamaygani biz uchun haqiqiy sovg‘a bo‘ldi, deya olaman. Korxonamiz qurilish, ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullanadi. Hozir viloyatimizda ulkan obodonchilik ishlari amalga oshirilayotgani bois bog‘chalar, ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash bo‘yicha buyurtmalar ko‘paygan. Turli ixtisoslikdagi 28 nafar quruvchimiz bor. Ammo, yirik obyektlardan buyurtma bo‘lsa, kuchimiz yetmay qoladi, albatta. Qo‘shimcha xodimni ishga olish uchun esa soliqlar yuki balandlik qiladi. O‘zingiz o‘ylang, masalan, bitta payvandchini yollab, unga 1 million so‘m maosh to‘lash uchun korxona hisob-raqamidan kamida 1 yarim million so‘m pul chiqib ketadi. Pensiya jamg‘armasi, yagona ijtimoiy to‘lov, sug‘urta badallari degan narsalar ishchilarni qiziqtirmaydi — ular uchun qo‘liga qancha tegishi muhim.

Natijada biz yirik obyektlarda ishlash uchun boshqa firmalar bilan kelishishga, ba’zan esa boshni og‘ritmay, oylikni naqdda berishga majbur bo‘layotgandik. Endi amalga kiritiladigan, yengillashtirilgan, muhimi, hisob-kitobi aniq soliq tartibi bilan istagancha xodim yollashimiz mumkin.

Zafar HOSHIMOV, korzinka.uz supermarketlar tarmog‘i asoschisi:

— Yangi tizimda sanab o‘tish mumkin bo‘lgan ijobiy jihatlar ko‘p va ular biz — tadbirkorlar faoliyatida muhim ahamiyatga ega. Jumladan, yagona ijtimoiy to‘lovning keskin kamaytirilishi, pensiya jamg‘armasi va maqsadli jamg‘armalarga yig‘imlarning bekor qilinishini alohida ta’kidlagan bo‘lardim. Butun xususiy sektorga yoyilgan salbiy holat — hammaning yagona soliq to‘lovchi bo‘lishga intilishiga chek qo‘yish uchun amaliy choralar ko‘rilganini asosiy yutuq deb bilaman.

Qo‘shimcha qiymat solig‘i uchun 20 foiz stavka, fikrimcha, baland. Yana bir fikr. Korxonaning sof foydasidan soliq olish o‘rniga, faqat taqsimlangan, ya’ni dividend qilib olinayotgan foydadan soliq olish to‘g‘ri bo‘lardi. Hozirgi paytda iqtisodiyotimizdagi asosiy muammo investitsiyalar, ayniqsa, ichki sarmoyadorlarning faol emasligidir. Bunday sharoitda soliq siyosati tadbirkorlarni investitsiya hajmlarini oshirish uchun rag‘batlantirishi lozim. Foyda qayta investitsiya qilinadimi-yo‘qmi, bir xilda soliqqa tortilishi korxona egasining daromadni “yechib” olishga moyilligini oshiradi. Boshqacha qilib aytganda, biz iste’molni ko‘proq soliqqa tortib, investitsiyaviy faoliyat, shu jumladan, foydani qaytadan sarmoyaga yo‘naltirishga imkoni boricha ko‘proq yo‘l ochishimiz lozim.

Davlatning ishonchi

Albatta, bu konsepsiya mamlakatimizda soliq islohotlarini boshlash uchun ilk katta qadam. U mazkur islohotlarning bosh yo‘nalishlarini belgilab beruvchi bir strategiya. Ya’ni u hali tugal, yakuniy hujjat emas. Farmonda ta’kidlanganidek, tegishli idoralar, vazirliklarning mas’ul shaxslaridan iborat maxsus komissiya ushbu o‘zgarishlar jarayoni va natijalarini chuqur tahlil qilib boradi, tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar yuzasidan doimiy takliflar kiritadi. Konsepsiyada belgilangan yo‘nalishlar asosida yangi tahrirdagi Soliq kodeksini ishlab chiqadi. Darvoqe, Konsepsiyada davlat byudjeti daromadlarining uchdan birini tashkil etuvchi qo‘shimcha qiymat solig‘ini, uni to‘lovchi baza ortib borar ekan, bosqichma-bosqich pasaytirib borish belgilandi. Ushbu soliqni hisoblash va tekshirish tartiblari ham axborot texnologiyalarini joriy etgan holda to‘liq elektron shaklga o‘tkazilishi mustahkamlab qo‘yildi.

Davlat rahbariyati biz birma-bir ko‘rib chiqqan yengilliklarga jazm etar ekan, aniq maqsadlarni ko‘zlamoqda. Ular ko‘p, ammo ayrimlarini yaqin istiqbolga mo‘ljallangan aniq reja sifatida ko‘rsatish mumkin:

  • Soliq solish tizimini soddalashtirish;
  • Xususiy biznesga soliq yukini pasaytirish orqali ularni soyadan chiqarish;
  • Investitsiyaviy faollikni oshirish;
  • Mehnat fondidan olinayotgan soliqlarni keskin kamaytirish bilan “konvertda oylik to‘lash” illatiga barham berish;
  • Barcha uchun adolatli, shaffof va mutanosib soliq tizimini yaratish kabilar.

Bu maqsadlarga erishish uchun soliq tizimida ulkan yengilliklar yaratildi, stavkalar avval hech qachon bo‘lmagan darajada pasaytirildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va shu yil 29 iyunda imzolangan ushbu yangi Konsepsiya amalga kiritilgach, davlat xususiy biznes va fuqarolar foydasiga 10 trillion so‘mdan ziyod mablag‘dan voz kechmoqda.

Shubhasiz, bunaqasi hali bo‘lmagan! Dastavval eshitganda barcha cho‘chigan, xorijiy ekspertlar esa ishonqiramagan so‘nggi yillardagi o‘sha mashhur yirik tashabbuslarni eslang. Portal tashkil etilib, butun xalq bilan bevosita muloqot o‘rnatilishi beqarorlik keltirib chiqarishi mumkin, degan gaplar bo‘ldi. Amalda esa aksincha, aholining davlatga nisbatan munosabati tubdan o‘zgardi. Qo‘shnilar bilan yaqin aloqa o‘rnatishning imkoni yo‘q deyildi. Ammo bir yillik izchil diplomatiya butun mintaqa uchun ijobiy jarayonlarni boshlab bergan integratsiyalashuvga turtki bo‘ldi. Konvertatsiyaning ochilishi juda xavfli ekanligini ta’kidlashdi. Lekin oltin-valyuta zaxiralarimiz bo‘shab qolmadi, hamma qo‘rqqanidek, dollar narxi “uchib” ketmadi, aksincha, so‘mimiz qadri barqaror ravishda o‘sib bormoqda. Respublikaning investitsiyaviy jozibadorligi esa bir necha barobar kuchaydi.

Bizning xulosa

Mamlakat rahbariyati birinchi qadamni qo‘ygan ekan, ushbu islohotlarga bosh qo‘shish navbati endi biz, fuqarolarga keldi. Bu shuni anglatadiki, yoshlar o‘zining innovatsion g‘oyalari bilan iqtisodiyotga dadil kirib kelishi, yaratilayotgan imkoniyatlar, imtiyozlar, yengilliklardan maksimal darajada foydalanishi; ota-onalar o‘z farzandlarini izg‘irinlarda qor kurash uchun avtobuslarda olis yurtlarga ishlashga yubormasdan, ularning bilimli bo‘lib kamolga yetishi uchun harakat qilishi, yoshlarni har taraflama qo‘llab-quvvatlashi; mahallamizda oqayotgan ariqqa tiqilib qolgan plastik paketlar tozalanishi uchun “Obod qishloq” dasturi bizgacha yetib kelishini kutmay, o‘zimiz ham jonbozlik ko‘rsatishimiz; xodimlarga oylik to‘lash uchun korporativ plastik kartadagi pulni 80 foizdan naqdlashtirib, qonunni aylanib o‘tish o‘rniga, taraqqiyot bahosi bo‘lgan soliqlarni vijdonan to‘lashga ko‘nikishimiz; milliardlab mablag‘lar, kechayu kunduz qilingan mehnat natijasi bo‘lmish elektr energiyasini, tabiiy gazni, suvni o‘g‘irlamaslikka, uni tejashga o‘rganishimiz kerak. Bular ayni paytda biz qilishimiz mumkin va lozim bo‘lgan ishlarga oddiy misollardir.

Nafaqat soliq islohotlari, balki yurtimiz hayotida ro‘y berayotganulkan o‘zgarishlar biz yashayotgan zamonni shiddatli yangilanishlar davriga aylantirdi. Bizning holatimizni erkin tadbirkorlikni o‘z siyosatining asosi deb e’lon qilgan Margaret Tetcher hokimiyatga kelgan 1979 yildagi Buyuk Britaniya, soliqlarni keskin pasaytirish bilan boshlanib, 30 yilda jahonga “Koreya iqtisodiy mo‘jizasi”ni taqdim qilgan Pak Chjon Xi tashabbuslari, urushdan so‘ng vayronaga aylangan kunchiqar yurtdan 1990 yilga kelib jahon bozorini egallagan “Made in Japan” brendi chiqishiga sabab bo‘lgan Xayato Ikedu islohotlari davriga qiyoslash mumkin.

Soliq konsepsiyasi matbuotda e’lon qilingan kun bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klubda chiqish qilgan O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov islohotlarga baho berar ekan, “Ishonamanki, 5 yil, balki 10-20 yil o‘tib, doktorlik, magistrlik dissertatsiyalari yozayotgan yosh olimlarimiz respublika iqtisodiyotida chuqur iz qoldirgan Farmon sifatida bu hujjatdan iqtiboslar keltiradilar. Bunday islohotlar 100 yilda bir bo‘ladi yoki bo‘lmaydi”, degan mazmunda gapirgan edi.

Xo‘sh, “O‘zbekistonning iqtisodiy mo‘jizasi” yo‘lida fidoyilik ko‘rsatishga, har birimiz qo‘ldan kelgancha — bilimimiz, halolligimiz, sarmoyamiz, mehnatimiz, iste’dodimiz, Vatanga muhabbatimiz bilan davlatga, Prezidentga ko‘makdosh bo‘lishga tayyormizmi? Hozir barcha o‘ziga berishi lozim bo‘lgan eng mas’uliyatli savol ana shu, bizningcha.

Botir G‘OFUROV.
“Xal
q so‘zi” sharhlovchisi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?