Soxta tadbirkorlik va yarador zamin yoxud Chirchiq daryosining kechagi hamda bugungi ahvoli xususida

07:52 28 Fevral 2019 Jamiyat
546 0

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Chirchiq daryosining suvi zilol va musaffoligi bilan alohida ajralib turgan. Gʻarbiy Tyan-Shan togʻlaridagi qor hamda muzliklardan toʻyingan Chotqol, Koʻksuv va Pskom daryolari nihoyatda shoʻx, toshdan-toshga urilib oqib, Chorvoq suv omboriga quyilgach, tin oladi. Mahalliy aholi togʻ daryolari suvini “pishgan”, deya shifobaxshligini eʼtirof etishining boisi ham shundadir, balki. Ana shu suv va keyinchalik qoʻshiladigan tezoqar Ugom daryosi Chirchiqning asosini tashkil qiladi. 

Manbalarda keltirilishicha, uning uzunligi 454 kilometr, havzasining maydoni 14 ming 240 kvadrat kilometr. Tabiati ham goʻzal. Flora va faunasi boy. Xalq orasida havoning tozasi, suvning ziloli, oʻtning shirini, deb taʼriflangan zamin Chirchiq daryosining sohillari boʻlsa, ajab emas. Bugun-chi?!

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Bugun Chirchiq daryosi sohillarida boʻlgan kishi bu goʻzal taʼriflarga ishonqiramay qolishi turgan gap. Nega desangiz, daryo oʻzani, sohillari tanib boʻlmas darajada oʻzgarib ketgan.

— Bu yerlarda qush va baliqlar, yovvoyi hayvonlarning yuzga yaqin turlari boʻlar edi, — deydi qibraylik havaskor ovchi Zokirjon Shukurov. — Hozir ular kamayib, butunlay yoʻqolib ketish arafasida.

— Sohilga boqqan kishining dili yayrab, koʻzi quvnar edi, — deydi chirchiqlik mahalla faoli Mahmud Mirzayev. — Tabiat goʻzalligi, aytish joiz boʻlsa, soxta tadbirkorlik qurboni boʻldi. Bugun sohillar yarador zaminni eslatadi.

— Bizning Jaloir qishlogʻimiz daryo sohiliga yaqin joylashgan, — deydi yana bir suhbatdoshimiz, Oʻrta chirchiqlik pensioner Mahmud Raimboyev. — Yillar davomida artezian quduqdan suv ichib kelganmiz. Daryodan qum va shagʻal olinavergach, suvimiz tortilib ketdi.

— Bugun daryoga obihayot manbai emas, tosh va shagʻal manbasi, yaʼni kon sifatida qaralmoqda, — deydi chinozlik ekolog Odilxon Isaxonov. — Shu bois uning egasi yoʻqqa oʻxshaydi. “Meniki” va “Bizniki” degan iboralar oʻrtasida juda katta farq bor, axir.

— Chirchiq suvini ichib katta boʻlganmiz, — deydi gʻazalkentlik Ortiqjon aya Xoltoyeva. — Endi esa qoʻl chayging ham kelmaydi.

Suhbatdoshlarimizning har biri oʻz fikrini yoqlab, koʻplab dalillar keltirdi. Buni aniq tahlillar ham koʻrsatib turibdi.

Nima isteʼmol qilyapmiz?

Chirchiq Toshkent shahri va viloyati aholisini ichimlik suvi bilan taʼminlaydigan asosiy manba hisoblanadi. Shunday ekan, isteʼmol qilinayotgan suv sifati qanday? 

Afsuski, bu borada ijobiy fikr bildira olmaymiz. Chunki daryoning viloyat hududidan oqib oʻtuvchi qismidan 2018 yilda olingan laboratoriya tahlillari shuni koʻrsatmoqdaki, Chirchiq shahrining “Oqqovoq” MFY hududidan boshlab Rohat koʻligacha boʻlgan oraliqdagi daryo suvi tarkibida azot ammoniy miqdori belgilangan meʼyor (0,39)ga nisbatan 5,3 baravargacha ortganligi kuzatilgan. Xuddi shu oraliqda azot nitrat moddasi ham belgilangan meʼyor (0,02)ga nisbatan 25 baravargacha koʻpaygani haqida maʼlumotlar bor. Temir moddasi miqdori esa Qibray tumani Baytqoʻrgʻon qishlogʻidan Rohat koʻligacha boʻlgan oraliqda 27 marta ortib ketgan.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Shuningdek, Toshkent shahri hududidan oqib oʻtuvchi Chirchiq daryosida azot nitrat moddasi Bektemir tumanidagi Bektemir suv tozalash inshooti atrofidan boshlab Sergeli tumanidagi yangi koʻprikkacha boʻlgan masofada meʼyoridan 1,5 baravar ziyodni tashkil etmoqda. Shu koʻprikkacha masofada muallaq moddalar 3,2 baravar, mis 14 baravar ortganligi aniqlangan. Ana sizga yuqorida zilol suvliyu noyob tabiatli, deya taʼrif berganimiz — yirik daryoning bugungi ahvoli!

Yana bir jihati, viloyat ekin maydonlarining 70 foizidan ortigʻi mazkur daryodan, undan ajralib chiqadigan kanallardan suv ichadi.

Tabiiyligini yoʻqotib bormoqda

Masalaning eng ayanchli tomoni shuki, Chirchiq sohillari kun sayin, aniqrogʻi, soat sayin tabiiyligini yoʻqotib bormoqda. Undan har kuni toʻgʻri va egri yoʻllar bilan minglab mashinalarda tosh hamda shagʻal olib chiqib ketilyapti. Darvoqe, sohilga oʻqtin-oʻqtin yuk bilan kirayotgan mashinalarni ham uchratish mumkin. Bu yuk — qurilish va maishiy chiqindilar. Daryo sohilining ayrim hududlari sunʼiy chiqindixonaga aylantirib yuborilgan.

Daryoga “hujum” shu qadar qaqshatqich ravishda uyushtirilmoqdaki, ayrim hududlarda daryo oʻzanining kengligi 2 kilometrdan oshib ketgan. Bu tabiiy holatdan 3-4 barobar koʻpdir.

Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 7 apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasidagi suv omborlari va boshqa suv havzalari, daryolar, magistral kanallar va kollektorlarning, shuningdek, ichimlik suvi va maishiy suv taʼminotining, davolash va madaniy-sogʻlomlashtirishda ishlatiladigan suv manbalarining suvni muhofaza qilish zonalari haqidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 49 va 50-moddalari talablari buzilishiga yoʻl qoʻyilgan.

Qirgʻoqlar eroziyasining oldini olish, uni mustahkamlash ishlari eʼtibordan chetda qolib ketmoqda.

Vaholonki, bu ishlar uchun mamlakatimizda qulay shart-sharoitlar yaratilgan. Yaʼni Prezidentimizning 2017 yil 25 sentyabrdagi “Suv obyektlarini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining 1-bandiga koʻra, daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining sel, toshqin va yer koʻchkisi xavfi boʻlgan tumanlarda qirgʻoqni mustahkamlash, himoya qilish va tiklash ishlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan muhandislik-texnik otryadlari tashkil etilgan. Toshqin va sel oqimlarini xavf-xatarsiz oʻtkazib yuborishni taʼminlash, qor koʻchish va yer koʻchki hodisalari xavfini kamaytirish boʻyicha Hukumat komissiyasining qarorlariga asosan, boshqa tashkilotlar tomonidan faqatgina toshqin suvlari va sel oqimlarini oʻtkazib yuborishning imkoniyatsizligi bilan bogʻliq salbiy oqibatlarning oldini olish maqsadida amalga oshirilishi belgilab qoʻyilgan.

Bunga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 dekabrdagi “Daryolar oʻzanlarini tozalash ishlariga tadbirkorlik subyektlarini elektron onlayn-auksion orqali jalb qilish tartibini joriy etish toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi hamda Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tomonidan zaruratga koʻra olib borilgan oʻrganishlar natijalari boʻyicha daryolar oʻzanlarida qum-shagʻal materiallari toʻplanib qolgan va tozalanishi lozim boʻlgan uchastkalar roʻyxati shakllantirildi.

Noruda foydali qazilmalar, yaʼni qum-shagʻal aralashmalarini xom ashyo sifatida olishning qonuniy yoʻllari mavjudligiga qaramasdan, Chirchiq daryosi atrofida joylashgan tosh maydalash bilan shugʻullanuvchi baʼzi bir tadbirkorlar shagʻalni boshqa joydan olish yoʻliga oʻtib olishgan. Shu maqsadda ularga baliqchilik xoʻjaligi tashkil etayotgan tadbirkorlar qoʻl kelib qoldi.

Aslida, chavoq tashlanadigan hovuzdan olinadigan shagʻal uning atrofiga tashlanib, daryo hovuzni yuvib ketmasligi uchun damba vazifasini bajarishi kerak. Vaqti-soati kelib, xoʻjalik tugatilganida tosh-shagʻal joyiga tashlanib, hudud rekultivatsiya qilinishi belgilab qoʻyilgan. Lekin “Saksonota” oʻrmon xoʻjaligining Qibray tumani hududida joylashgan “Delta Leasing” MCHJga baliqchilik xoʻjaligi tashkil etish uchun 6 gektar yer maydoni berilgan boʻlib, tadbirkor tomonidan baliqchilik hovuzi kavlanishi jarayonida hosil boʻladigan shagʻal tosh saralash korxonasiga hadya qilib yuborilgan. Oʻziga xos almashuv: tosh korxonaga, hovuz baliqchilik xoʻjaligiga.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Baliqchi bilan suhbatda bir necha marta qancha mahsulot yetishtirgani haqida soʻradik. U esa bankdagi mablagʻini roʻkach qilishdan nariga oʻtmadi. Bu mablagʻ tosh sotib, jamgʻarilganmi yoki baliq sotib toʻplanganmi? Bu bizga hamda bizga hamkorlik qilgan viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi masʼullariga qorongʻiligicha qolaverdi.

Belgilanmagan joylardan noruda foydali qazilmalarni noqonuniy ravishda qazib olish boʻyicha 79 ta holat aniqlanib, aybdor shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan, jami 163 mln. 648 ming soʻm miqdorida jarima hamda 121 mln. 665 ming soʻm miqdorida keltirilgan zarar hisoblanib, undirib olingani bu ishga yanada jiddiy ahamiyat berishni talab etadi, nazarimizda. Chunki aynan nazoratning sustligi tufayli tosh va shagʻal daryo qirgʻoqlaridan olinmoqda. Natijada daryo kengayib, suv oqimi oʻrtasida koʻplab orolchalar hosil boʻlayotir. Suv daryo oʻzanida mutanosib oqmayotganligi, suv yuvish hollarining roʻy berishi sabablari ham shunda.

Sergeli tumanidagi yangi koʻprikning kun sayin nobop ahvolga kelib qolayotganligi bunga yaqqol misoldir. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining “Xavfsiz daryo” korxonasi oʻz ishini yanada takomillashtirishi lozim.

Oʻzan yuvilishi va suv sifati buzilishining yana bir sababi

Toshkent viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasidan olingan maʼlumotlarga koʻra, Chirchiq daryosining Boʻstonliq, Yuqori Chirchiq, Qibray tumanlari hamda Chirchiq shahri hududlaridan oqib oʻtuvchi 50 metrlik qirgʻoq boʻyi polosasida joylashgan obyektlar soni 274 tani tashkil etdi. Shundan ishlab chiqarish korxonalari 4 ta, karyerlar 3 ta, avtotransport korxonalari 2 ta, ekinzor va bogʻlar 4 ta, baliqchilik xoʻjaligi bitta, tomorqalar 5 ta, dala-hovlilar 224 ta, uy-joylar 14 ta, oshxona hamda restoran bitta, suv inshootlari 2 ta, shuningdek, boshqa qurilmalar 14 ta.

“Baliq boshidan...” deganlaridek, eng koʻp obyektlar Boʻstonliq tumani hududida joylashgani yanada taassufli. Jumladan, daryoning shu tuman hududidan oʻtuvchi qismida 157 ta obyekt joylashgan boʻlib, shundan 118 tasi dala-hovli, 14 tasi yashash xonadoni, 4 ta ekinzor va bogʻ, bitta oshxona hamda restoran, 2 tasi suv inshooti obyektidir.

Daryoning Chirchiq shahri hududidan oʻtuvchi qismining muhofaza mintaqasida joylashgan noqonuniy obyektlarning 6 tasi avtokorxona, 3 tasi oshxona va restoran ekanligini qanday tushunish mumkin?! Bu hali holva. Daryoning Toshkent shahridan oqib oʻtuvchi 24 kilometrlik qismida 50 metrlik qirgʻoq boʻyi polosasida joylashgan obyektlar 61 tani tashkil etib, shundan 21 tasi ishlab chiqarish korxonasi, 3 tasi karyer, 3 tasi avtokorxona, 4 tasi maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchasi, 7 tasi yonilgʻi quyish shoxobchasi. 250 metrlik muhofaza zonasida esa maktabdan tortib, baliqchilik xoʻjaliklarigacha borligiga nima deysiz? Ularning jami soni 203 tadan iborat. Poytaxtning daryo kesib oʻtadigan tumanlari oʻrtasida Yashnobod va Sergeli tumanlaridan keyin Bektemir tumanida qayd etilgan. Bu obyektlarning barchasi Chirchiq daryosi oʻzanining yuvilishi va oʻzgarishiga, suv sifatining buzilishiga sabab boʻlyapti.

Tartibsizliklar shu darajaga borib yetganki, daryo qirgʻogʻida joylashgan korxona rahbarlarining oʻzi xon, koʻlankasi maydon boʻlib qoldi. Korxona va xoʻjaliklarning iflos oqovalari daryoga oqiziladigan boʻldi. Sohil chiqindixonaga aylandi.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Xususan, Boʻstonliq tumani hududidan oqib oʻtuvchi Chirchiq va Ugom daryolari hamda Chorvoq suv ombori muhofaza zonasida joylashgan 199 ta obyektga ogohlantirish xatlari tarqatilib, suv havzalariga toʻgʻridan-toʻgʻri oqova suvlari tashlanganligi va belgilanmagan joylarga chiqindilar toʻkilganlik holatlari uchun 56 nafar aybdor fuqaroga Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 82/2, 91/1 hamda 72/1 moddalari bilan maʼmuriy bayonnomalar tuzilgan. Bundan tashqari, tumanning “Beshtut” MFY hududidan oqib oʻtuvchi Chirchiq daryosining muhofaza mintaqasida A. Gʻulomov, J. Ashurmatov, X. Ashirov, G. Hakimova hamda B. Rahmonov bogʻ barpo etish uchun ajratilgan yer maydoniga oʻzboshimchalik bilan turli qurilmalar qurib olganligi aniqlangan. Hozirgi kunda 5 ta choʻmilish havzasi buzdirilib, qolganlarini sud orqali buzish boʻyicha toʻplangan hujjatlar tuman hokimligiga taqdim etilgan. Boʻstonliq tumani “Nurchilar” MFY hududidagi 80 ta dala-hovlining oqova suvlarini markaziy kanalizatsiya tarmogʻiga ulash ishlari boshlab yuborildi.

Bular, oʻz navbatida, Toshkent shahrini suv bilan taʼminlovchi yirik inshootlar faoliyatiga ham salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Taʼkidlash joizki, “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 99 va 100-moddalari “Suv va suv obyektlarini chiqit va chiqindilar bilan ifloslantirishdan muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi, “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi kabi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari va boshqa huquqiy hujjatlarda suv obyektlarining muhofaza qilish zonalari, sohilboʻyi mintaqalarida va sanitariya muhofazasi zonalarida, yer osti suvlari hosil boʻladigan hududlarda xoʻjalik faoliyati yuritish taqiqlangan boʻlsa-da, mahalliy hokimliklar tomonidan daryoning muhofaza zonasida turli obyektlar joylashtirilgan.

Imkoniyatlar ishga solinyapti, lekin...

— Chirchiq daryosi nafaqat tabiatimiz koʻrki, balki faxri hamdir, — deydi Toshkent viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshligʻi Feruz Himmatov. — Uni avaylab asrash, qirgʻoqlarini mustahkamlash, noqonuniy obyektlardan tozalash, suv, tosh va shagʻal sarfini tartibga solishda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda bor imkoniyatlarimizni ishga solyapmiz.

Darvoqe, hamkor tashkilotlar soni oʻndan ortiq. Har birining oʻz vazifasi bor. Biroq hamma gap ana shu vazifalarning qanday bajarilayotganligida. Agar ular oʻz masʼuliyatlarini oshirganlarida Chirchiq daryosi oʻzani bugungidek ayanchli ahvolga kelib qolmas edi.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi Toshkent viloyati va Toshkent shahri aholisi sogʻligʻiga zarar yetkazilishining oldini olish, suvning ifloslanishiga barham berish, suv resurslarini tejash va ehtiyotkorona munosabatda boʻlish hamda ichimlik suviga boʻlgan talab ortib borayotganini inobatga olib, bir qator takliflarni ilgari surmoqda. Jumladan, mutaxassislar fikricha, Toshkent viloyati va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan Chirchiq daryosi qirgʻoqboʻyi polosasining 50 metrlik qismida joylashgan ekologik potensial xavfli 335 ta obyektni boshqa joyga koʻchirish masalasini koʻrib chiqish zarur, deb hisoblaydi.

Shuningdek, daryoning 250 metrlik suvni muhofaza qilish zonasidagi obyektlar va (suv xoʻjaligi inshootlaridan tashqari) dala-hovlilarda hosil boʻladigan oqova suvlarni markazlashgan kanalizatsiya tarmogʻiga ulashni atroflicha oʻrganish, 50 metrlik qirgʻoqboʻyi yerlarini oʻrmon xoʻjaliklariga biriktirish va oʻrmonzorlarni barpo etish loyihalarini ishlab chiqish, hokimliklar tomonidan Chirchiq daryosining suv muhofazasi mintaqasida yer tanlash va ajratishni toʻxtatish zarur.

Bundan tashqari, Chirchiq daryosining ifloslanishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida daryo boʻyidagi korxonalardan chiqayotgan oqova suvlar lokal tozalash inshootlarida tozalanganidan soʻng ochiq suv havzasi yoki kanalizatsiya tarmoqlariga tashlanishini vakolatli organlar qatʼiy nazoratga olishi zarur. Aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida daryoning yer usti va yer osti suvlarini ifloslantirmaslik, daryo qirgʻoqlariga chiqindilar toʻkib ketilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida keng tushuntirish ishlarini olib borish kerak.

Bularga qoʻshimcha ravishda daryo oʻzanidan shagʻal va boshqa inert materiallari olishni tartibga solish, qirgʻoq eroziyasi va suv yuvishlarining oldini olish, demakki, daryoni asl holida kelajak avlodga qoldirish masalalari xususida ham oʻylab koʻrish lozim. Qolaversa, daryo oʻzanida baliqchilik xoʻjaliklari tashkil etish nechogʻli maqsadga muvofiq?

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Haddan ziyod isrofgarchilikni koʻrgan mazkur hudud qariyalari “Bu senga Chirchiqning shagʻalimi?..” deya dashnom berishadi. Ularning nazdida daryodagi tosh va qum shu qadar koʻpki, sira ham tugamaydigandek koʻringan. “Yotib yeganga togʻ ham chidamas” deganlaridek, Sirdaryoning qumi tugab bormoqda, Chirchiq shagʻalining ham oxiri koʻrinib qolyapti.

Isrofgarchilikka qarshi oʻylab topilgan “Bu senga Chirchiqning shagʻalimi?..” degan ibora vaqt-soati kelib aynan uning oʻziga qarata ishlatilishi hech kimning xayoliga ham kelmagan boʻlsa kerak.

Yil yilga oʻxshamaydi. Suv koʻpayib, sohillardagi havzalarning yuvilib ketmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Illo, Chirchiqni, qolaversa, mamlakatimizdagi boshqa daryolarni muayyan vazirlik yoki tashkilot tasarrufiga berish masalasini ham oʻylab koʻrish kerakmasmikan?!.

Rahmatilla Sheraliyev, Dilshod Ulugʻmurodov (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?