Soxta pulni aslidan qanday ajratish mumkin?

11:25 07 Noyabr 2018 Jamiyat
1575 0

Endigina 22 yoshga kirgan Ziyovuddin Ilhomiddinov hali oila qurib, roʻzgʻor tashvishi gardaniga tushmasidan yengil pul topish payini koʻzlab, eng qabih yoʻllardan birini tanladi. Doimiy ishi va daromadi boʻlishiga qaramay xomxayollarga berilgan Ziyovuddin 50 ming soʻmlik kupyurani kompyuter hamda rangli printer yordamida qalbakilashtirishga urinib, qaysidir maʼnoda buning uddasidan ham chiqdi.

Ammo tez orada Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent viloyati boshqarmasi Ohangaron shahar boʻlimi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor xatti-harakatlar natijasida soxta pul yasagan shaxsning noqonuniy faoliyatiga chek qoʻyildi.

— Uyimdagi kompyuter va printer yordamida taxminan 1,5 mln. soʻm atrofida 50 ming soʻmlik kupyurani tayyorladim, — deydi Z. Ilhomiddinov. — Olmaliq shahriga borib, doʻkonlarga oʻtkazdim. Keyin Farrux Tojiboyev ham mendan pul soʻradi, unga ham ikkitasini berdim.

Yolgʻonning umri qisqa, harom esa halolga yaramaydi. Ziyovuddin buni koʻp oʻtmay sodir boʻlgan bir voqea sabab anglab yetdi.

— Bir kuni mashinada avtohalokatga uchradim, — deydi u. — Shundan soʻng qilgan ishimning xatoligini tushundim va yarim tunda yonimda qolgan barcha kupyuralarni yoqib yubordim.

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki departamenti direktori Fazliddin Bozorovning soʻzlariga koʻra, soxta pulni haqiqiysidan ajratib olish oson. Jumladan, puldagi suv belgisi, qiyalik burchagiga qarab harakatlanadigan himoya ipi, tasvirlarning boʻrtib turishi va arkaning tagida oq rangli boʻyoqda bosilgan Oʻzbekiston Respublikasining xaritasi orqali tezda aniqlab olish mumkin. Banknotning pastki qismidagi naqshda yashirin tasvir mavjud boʻlib, bu lotin yozuvidagi UZ soʻzidan iborat. Bu ham maʼlum qiyalik burchagida bemalol koʻrinadi. Kompyuter va printer vositasi orqali ushbu elementlarni koʻrsatish imkoniyati mavjud emas.

Yuqorida qayd etilgan holat yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqbuzarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 176-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Ushbu moddaga koʻra, oʻtkazish maqsadida qalbaki bank biletlari (banknotlar), metall tangalar, aksiz markalar, shuningdek, qimmatli qogʻozlar yoxud chet el valyutasi yoki chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlar yasash yoki ularni oʻtkazish ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilab qoʻyilgan.

Joriy yilning oʻtgan 10 oyi davomida esa pullarni qalbakilashtirish bilan bogʻliq jami 51 holat aniqlangan boʻlib, huquqbuzarlardan 5000 AQSH dollari, 5000 Rossiya rubli va 5 million 356 ming soʻm soxta pullar daliliy ashyo sifatida olingan. Qalbaki pul tayyorlash bilan bogʻliq holatlarning aksariyati Toshkent shahri va viloyatiga toʻgʻri kelmoqda — jami 33 ta holat. Shuningdek, Samarqandda 6 ta, Namanganda 5 ta, qolgan viloyatlarda esa bittadan shu kabi jinoyatlar aniqlangan.

Mamlakatimizda qonun ustuvor. Shu bois bu borada huquqbuzarliklarni sodir etganlarning barchasi jinoiy javobgarlikka tortildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazi materiallari asosida

R. OTAMURODOV tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?