Soxta pasport tufayli afsonaviy futbolchi Ronaldinyo qamalishi mumkin

20:34 07 Mart 2020 Sport
945 0

Braziliyalik afsonaviy futbolchi Ronaldinyo Paragvayda hibsga olindi. Bu uning bir hafta davomida ikkinchi marta ushlanishidir. “Barselona”ning sobiq oʻyinchisi birinchi marta 5-mart kuni qoʻlga olingandi. Chunki u yashayotgan mehmonxona tintuv qilinganda, soxta pasportlar topilgan. Biroq keyinchalik qoʻyib yuborildi.

6-mart kuni esa Paragvay huquq-tartibot organlari prokuratura talabi bilan Ronaldinyoni yana ushlab, maʼmuriy qamoqqa olishdi. Ushbu choralar mashhur charm toʻp ustasi mamlakat hududida soxta hujjat bilan kirib kelgani bilan bogʻliq.

ABC Color manbasi xabariga koʻra, ayni paytda Roni va uning akasi hamda agenti Roberto Paragvay poytaxti Asunson shahridagi milliy politsiya maxsus qabulxonasiga olib kelingan. Braziliyalik sobiq yarim himoyachiga nisbatan qanday sanksiyalar qoʻllanilishi keyinroq maʼlum boʻladi. Har holda shu ish bilan shugʻullanayotgan sudya qoidabuzarlarni qoʻyib yuboradimi yoki ish koʻrib boʻlinmaguncha, qamoqda saqlaydimi, hozircha aniq emas.

Gap shundaki, “Oltin toʻp” sohibi 5-mart kuni Asunsonga oʻzi haqidagi “Genio de vida” (“Hayot boʻyicha geniy”) kitobini taqdim etish hamda Paragvay bolalariga bepul tibbiy xizmat koʻrsatish xayriya dasturi taqdimotida nutq soʻzlash uchun tashrif buyurgan edi. Uning tashrifi mazkur mamlakatda ajiotaj bilan kutib olindi. Aeroportga muxlislar oqib keldi, uning sharafiga koʻplab tantanali marosimlar oʻtkazildi, oʻzi “Asunson faxriy fuqarosi” unvoniga sazovor boʻldi.

Ammo shundan soʻng hammasi teskarisiga aylanib ketdi. Toʻxtagan hashamatli mehmonxonasida u qoʻlga olindi. Chunki mahalliy prokuratura olgan maʼlumotlarga koʻra, Ronaldinyo Paragvayga soxta pasport bilan uchib kelgandi. Bu esa mamlakat qonunchiligiga koʻra javobgarlikka sabab boʻladi.

Qiziq tomoni, sportchiga tegishli hujjatning haqiqiyliga shubha aeroport xodimlaridayoq paydo boʻlgan ekan. Lekin ular shov-shuv va mojaro koʻtarishni istashmagan. Mamlakat ichki ishlar vazirligini esa mehmonning obroʻsi ham, maqomi ham qiziqtirib oʻtirmadi. Mahalliy politsiya aka-ukalar va ularning tanishi Vilmondesh Souza joylashgan lyuks xonada tintuv oʻtkazishdi. Natijada huquq-tartibot idoralari taxmini toʻgʻri boʻlib chiqdi. Ulardan soxta pasportlar topildi. Ushbu hujjatlarda braziliyaliklar Paragvay fuqarosi deb koʻrsatilgan edi. Vaholonki, bu haqiqatga mutlaqo zid edi.

Shunday qilib pasportlar noqonuniy yoʻl bilan olingani va mehmonlar ham oʻz vatanlari, ham Asunson aeroporti chegara nazorati xizmatlarini aldashgani ayon boʻldi. Avvaliga ular mehmonxonadan hech qayerga chiqarilmay, ushlab turildi.

Shunday paytda uni argentinalik afsona Diyego Maradona qoʻllab-quvvatlab chiqdi.

“Xavotir olma, doʻstim! Haqiqat hamisha gʻalaba qozonadi. Seni quchoqlab qolaman, chempion!”, — deb yozadi Maradona oʻzining Instagram akkauntiga braziliyalik futbolchi bilar birgalikda tushgan suratini joylashtirib.

Oradan bir kun oʻtib ular qoʻyib yuboriladi. Bu Ronaldinyo Paragvayda qonunga qarshi hech qanday ish qilmagani bilan izohlanadi.

“Mijoz politsiya vakillariga oʻzining Braziliya pasporti va shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarini taqdim etdi. Agar u nimanidir yashirmoqchi boʻlganida, bunday qilmagan boʻlardi. Ronaldinyo va uning akasi barcha huquq va erkinliklarga ega, ammo sud qarori chiqqunga qadar ular Paragvayda qolishlariga qaror qilindi. U oʻziga nisbatan ayblov eʼlon qilinishi mumkinligini biladi, ammo u hech qanday jinoiy harakatlar sodir etmagan”, — deya sportchining advokati soʻzlaridan iqtibos keltiradi Globoesporte.

Yuqorida aytib oʻtganimizdek, 6-mart kuni mehmonlar yana qayta hibsga olin

Qayd etish joiz, 2002-yilgi jahon chempionida oʻz vatanida soliq organlari bilan bogʻliq katta muammolari bor, shuning uchun undan Braziliya va Ispaniya fuqaroligi pasportlari, shuningdek, mamlakatdan chiqish imkoniyati olib qoʻyilgandi. 2015-yilda Roni Guayba koʻli yaqinida baliq ovlash platformasi va omborxona qurgani uchun jarimaga tortilgandi. Chunki ushbu hudud qoʻriqxonaga tegishli boʻlgan. Oʻshanda qurilish qilib, ekologiyaga zarar yetkazgani uchun Ronaldinyoga 2,4 mln. dollar toʻlash majburiyati qoʻyilgandi.

Biroq futbolchi buni qilmadi va shundan soʻng 2018-yilda davlat unga tegishli 57 ta koʻchmas mulk obyektini bloklab, har ikki pasportini ham olib qoʻygandi.

Xullas, Paragvayga kelish uchun noqonuniy yoʻlni tanlab, soxta hujjatlar olishga qaror qilgan. Gʻarb ommaviy axborot vositalari xabariga koʻra, afsonaviy futbolchi jarima tortilishi ham, yoki qamalishi ham mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?