Soxta maʼlumotga oʻrganganlar tilini tishlab qoldi

18:04 23 Yanvar 2019 Iqtisodiyot
907 0

Illyustrativ foto.

“Xalq soʻzi ONLINE”. Ahad Muhammadiyev/Qashqadaryo. Qishloq xoʻjaligida qoʻshib yozish, aslida bajarilmagan rejalarni bajarildi, deb hisobot berish yoki soxta maʼlumot orqali javobgarlikdan qutulishni oʻylaydiganlar tez-tez uchrab turadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 3699-sonli qaroridan keyin bunday soxtakorlar faoliyatiga chek qoʻyilmoqda.

Ushbu qaror asosida oʻtgan yilning 1 avgustidan ish boshlagan Bosh prokuratura huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan sohadagi har bir holat sinchkovlik bilan oʻrganilib, mansabdor shaxslarga tegishli qonuniy baho berilmoqda.

Xususan, Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 sentyabrdagi “2019 yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlari navlarini joylashtirish va boshoqli don yetishtirishning prognoz hajmlari toʻgʻrisida”gi 775-sonli qarori ijrosi ustidan oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida urugʻ qadalgan maydonlarni koʻpaytirib koʻrsatish yoki soxta maʼlumotlarni kiritish viloyatda odatga aylanganligi aniqlandi.

Maʼlum boʻlishicha, Qashqadaryoda 2019 yil hosili uchun 9409 ta fermer xoʻjaligi tomonidan jami 141 ming 800 gektar yer maydonida, shundan 117 ming 300 gektar gʻoʻza qator orasiga, 24 ming 500 gektar ochiq maydonga kuzgi boshoqli ekin ekilib, jami 376 ming tonna don jamgʻarilishi rejalashtirilgan.

Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi organlari tomonidan olib borilgan nazorat tadbirlarida esa viloyat qishloq xoʻjaligi boshqarmasi tomonidan 2019 yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekishning borishi haqida oʻtgan yilning 1 noyabr holatiga koʻra berilgan maʼlumotlarda viloyatda 126,7 ming gektar maydonga boshoqli don ekinlari ekilganligi koʻrsatilgan. Biroq amalda jami 117,8 ming gektar maydonga boshoqli don ekilganligi yoki 8,9 ming gektar yer maydoniga boshoqli ekinlar qadalgani haqida soxta maʼlumotlar kiritilganligi aniqlandi.

Xususan, Yakkabogʻ, Shahrisabz, Qamashi va Chiroqchi tumanlarida gʻalla ekilmagan maydonlarga gʻalla ekildi deb maʼlumot berilgan. Mazkur tumanlar qishloq xoʻjaligi boʻlimi boshliqlariga nisbatan intizomiy javobgarlik toʻgʻrisida ishlar qoʻzgʻatildi.

Inspeksiyaning viloyat boshqarmasidan taqdim etgan axborotga koʻra, masʼul idoralar rahbarlari nomiga qonunbuzilishi, uning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida 23 ta taqdimnoma kiritilgan, 12 ta protest keltirilgan. 56 nafar mansabdor shaxs qonunbuzilishiga yoʻl qoʻymaslik xususida yozma ravishda ogohlantirilgan, 25 ta intizomiy va 157 ta maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?