Soxta dorifurushlar qo‘lga olindi

11:32 14 Mart 2018 Jamiyat
660 0
Foto: narconon.kiev.ua

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Toshkent shahrida tramadol psixotrop preparati kontrabandasida gumon qilinib Qozog‘istonning ikki nafar fuqarosi qo‘lga olindi.

Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari Respublika Bosh prokuraturasi huzuridagi Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda Qozog‘istonning ikki nafar fuqarosi O‘zbekiston fuqarosiga 19 mingta tramadol tabletkasini 39 million so‘m(qariyb 5 ming AQSh dollari)ga sotayotgan paytda ushlangan. Ayni paytda mazkur voqea yuzasidan tergovdan oldingi tekshiruv ishlari olib borilayapti, deyiladi Milliy xavfsizlik xizmati matbuot xizmati tarqatgan xabarda.

Tegishli idoralar tomonidan fosh qilingan sxemaga ko‘ra, bu qing‘irlikda O‘zbekiston fuqarosi ulgurji xaridor, Qozog‘iston fuqarolari esa chopar(kurer) sifatida ishtirok etgan.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, O‘zbekistonda bu kabi noqonuniy yo‘l bilan keltirilgan preparatlarni musodara qilish 2016 yilda 2015 yilga nisbatan 2,7 barobar o‘sgan.

Tramadol kuchli ta’sir etuvchi vosita bo‘lib, O‘zbekistondagi dorixonalarda uni shifokor retseptisiz sotish taqiqlangan. Jismoniy shaxslarga esa davolash kursi me’yoriga rioya etgan tarzda shaxsiy foydalanish uchun shunday preparat upakovkasini ikkitadan ortiq bo‘lmagan holdagina mamlakatimizga olib kirishga ruxsat berilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?