Soxta DXX xodimi va hokimiyat vakilining kirdikorlariga chek qoʻyildi

17:33 01 Aprel 2019 Jamiyat
414 0

Illyustrativ foto

Rustam (ism-familiyalar oʻzgartirilgan) muqaddam bosqinchilik jinoyatini sodir etganligi uchun 14 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinib, jazo muddatini oʻtab chiqqan boʻlsa-da, oʻziga tegishli xulosa chiqarmadi.

Rustamning sinfdosh oʻrtogʻi Ahror Qoʻqon shahar hokimligi Madaniyat boʻlimi bosh mutaxassisi lavozimida ishlab kelib, bunga qadar muqaddam uch marotaba jinoyat sodir etganligi uchun sud hukmi bilan jazo tayinlangan.

Rustam oʻzgalar mulkini firibgarlik va tovlamachilik yoʻli bilan qoʻlga kiritishni oʻziga maqsad qiladi.

U dastlab oʻzini goʻyoki “Davlat xavfsizlik xizmati” xodimi ekanligi haqidagi “311” raqamli soxta xizmat guvohnomasi tayyorlab, ushbu guvohnomaga Qoʻqon shahar hokimligining Madaniyat boʻlimi muhrini bosib oladi.

Shundan soʻng, birin-ketin jinoiy rejalarini amalga oshirishga kirishadi. Rustamning birinchi “oʻlja”si Olimjonga tanishlari orqali haydovchilik guvohnomasini olib berishini aytadi. Natijada pora berishga dalolat qilib, Olimjonning 1.000.000 soʻm pul mablagʻini qoʻlga kiritadi.

Bu ham yetmaganidek, Rustam hamtovogʻi Ahror bilan oldindan til biriktirib, Olimjonga soxta xizmat guvohnomasini koʻrsatib, oʻzini DXX xodimi ekanini aytadi. Shu tariqa Olimjonga yuk avtomashinasi va zamonaviy uylardan birini olib berishini aytib, uning 700 AQSH dollari miqdoridagi pullarini qoʻlga kiritadi.

Rustam va Ahrorlarning keyingi “oʻlja”si Yaypan shahridagi bozorda sut mahsulotlari sotish bilan shugʻullanuvchi Islomjon boʻladi. Islomjonga ham oʻzini DXXda yuqori mansablarda ishlovchi xodim ekanini aytib, yuk avtomashinasi va uy olib berishini aytib, aldab, uning 11.750.000 soʻm pullarini qoʻlga kiritadi.

Shundan soʻng, Rustam va Ahror Namangan shahrida tadbirkorlik bilan shugʻullanuvchi Ixtiyor bilan koʻrishib, unga ham oʻzini DXX xodimi deb tanishtirib, Ixtiyorning rahbarligidagi “Surur teks” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni sotishga va Qoʻqon shahridan bino ajratib berishga hamda MCHJ balansiga “Jentra” rusumli avtomashina olib berishini aytib, aldab, uning jami 17.980.897 soʻm pullarini qoʻlga kiritadi.

Rustam va Ahror sodda xalqimizni aldash uchun turli xil yangidan-yangi nayranglar oʻylab topishadi. Hattoki, Rustam DXX rahbari nomidan Ixtiyorning tadbirkorligi uchun 10.000.000 soʻm pul mablagʻi ajratilganligi toʻgʻrisida soxta sertifikat tayyorlab, ushbu sertifikatni Ixtiyorning farzandlari toʻyi marosimida koʻpchilikning oldida unga taqdim qiladi.

“Olgʻir qahramonlar” endi yangicha usulda boylik orttirishni rejalashtiradi. Rustam, Ahror va Ziyod Rishton tumani markazida joylashgan “Makro” savdo markaziga kelib, u yerdagi Farhod ismli sotuvchi yigitdan 100 AQSH dollarini oʻzbek soʻmiga almashtirib berishini iltimos qilib, u 100 AQSH dollari evaziga oʻzbek soʻmi berayotgan vaqtda, unga oʻzini DXX xodimi deb tanishtirib, goʻyoki “tadbir” boʻlganligini aytib, jinoiy javobgarlikka tortish bilan qoʻrqitadi va Farhodning 1.080.000 soʻm pullarini tovlamachilik yoʻli bilan qoʻlga kiritishadi.

Ushbu jinoyatlari xamirdan qil sugʻurgandek bitganidan xursand boʻlgan ”qahramon”larning navbatdagi ”qurboni” Beshariq tumanida yashovchi Akbarjon boʻladi. Unga ham 100 AQSH dollarini oʻzbek soʻmiga almashtirib berishini iltimos qilib, Akbarjon 100 AQSH dollarini qoʻliga olishi bilanoq, unga nisbatan tadbir oʻtkazilganini aytishib, soxta guvohnomasini koʻrsatib, tovlamachilik yoʻli bilan pul talab qilgan.

Shunda ham nafsi toʻymagan Rustam Qoʻqon shahridagi kafelardan birining ish boshqaruvchisi Ulugʻbek bilan koʻrishib, oʻzini DXX xodimi deb tanishtirib, 5.000.000 soʻm evaziga foydalanilmasdan kelinayotgan savdo doʻkonini Qoʻqon shahar hokimligida ishlovchi tanishlari orqali uni nomiga hujjatlarini rasmiylashtirib berishini aytadi va pora berishga dalolat qiladi. Rustam undan 2.000.000 soʻm pullarni olgan vaqtda Qoʻqon shahar IIB xodimlari tomonidan qoʻlga olinadi va Rustamga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilib, jinoiy harakatlariga shu yerda nuqta qoʻyiladi.

Mazkur jinoyat ishi boʻyicha sud jarayonida sudlanuvchilar, jabrlanuvchilar va guvohlarning koʻrsatuvlari tinglandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?