Soxta DXX xodimi ushlandi

16:29 01 Iyun 2020 Jamiyat
145 0

Illyustrativ foto

DXX xodimlarining prokuratura va ichki ishlar organlari vakillari bilan Qarshi shahrida oʻtkazgan tezkor tadbiri davomida fuqaro Furqat Ochilov firibgarlik yoʻli bilan Nishon tumani ichki ishlar boʻlimi profilaktika inspektoridan 200 AQSH dollarini olayotgan vaqtida ushlandi.

Aniqlanishicha, F.Ochilov profilaktika inspektoriga qoʻngʻiroq qilib, oʻzini DXX xodimi deya tanishtiradi va unga nisbatan Nishon tumanidagi dehqon bozori hamda tuman xokimligi oldidagi 2 ta holat boʻyicha videoyozuv borligini aytib, aldaydi. Agarda 200 AQSH dollari bersa goʻyoki profilaktika inspektorining noqonuniy xatti-harakatlari tasvirlangan ushbu videoyozuvlar bilan bogʻliq muammoni hal qilib berishini bildiradi.

Tezkor tadbir davomida Kitob tumanida tugʻilgan F.Ochilovning yonidan DXX Chegara qoʻshinlarining soxta guvohnomasi va bir nechta fuqarolarning pasport nusxalari hamda fotosuratlari topildi. Shuningdek, u vaqtinchalik yashab kelgan Nishon tumani “Ulugʻbek” MFYdagi uydan leytenant unvonidagi DXXning harbiy kiyimi ashyoviy dalil sifatida olindi.

Taʼkidlash lozimki, mazkur shaxs muqaddam firibgarlik bilan bogʻliq jinoyat sodir etganligi uchun unga nisbatan ichki ishlar organlari tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qidiruv eʼlon qilingan.

Hozirda tergov harakatlari doirasida F.Ochilovga soxta guvohnomani kim tayyorlab bergani va undan jabr koʻrgan yana boshqa fuqarolarni ham aniqlash boʻyicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?