Soʻxlik yoshlar oliy taʼlim muassasalariga imtiyozli qabul qilinadigan boʻldi

19:25 25 Iyul 2019 Jamiyat
382 0

Fargʻona viloyatining anklav hududi hisoblangan, 76 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladigan Soʻx tumanida 2019-yil 23-iyul kuni viloyat sektor rahbarlari, yaʼni 1-sektor rahbari, viloyat hokimi Sh.M.Gʻaniyev, 2-sektor rahbari, viloyat prokurori S.Turdiyev, 3-sektor rahbari, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi R.Mamatov, 4-sektor rahbari, viloyat Davlat soliq boshqarmasi boshligʻi Yu.Nasimdjanovlar tomonidan ommaviy sayyor qabul oʻtkazildi.

Qabul hududlarda aholini qiynab kelayotgan va koʻplab eʼtirozlarga sabab boʻlayotgan dolzarb muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan aniq choralar koʻrish, fuqarolarning davlat idoralariga boʻlgan ishonchini yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.

Qabul jarayonida barcha viloyat boshqarma va tashkilotlar rahbarlari, prokuratura, IIB va sud organlari hamda tuman sektor rahbarlari ishtirok etdilar.

Qabulda jami 254 nafar fuqarolar qatnashib, ulardan bevosita sektor rahbarlariga 162 ta murojaat kelib tushdi. Jismoniy va yuridik shaxslar vakillarining 28 ta ichimlik suvi va sugʻorish tizimida suv taʼminoti, 16 ta ichki yoʻllarni taʼmirlash, 20 ta qurilish ishlarini olib borish, 10 ta mahalla fuqarolar yigʻini faoliyati va ularning moddiy-texnika bazasi masalasida, 8 ta uy-joy masalasida, 4 ta moddiy yordam koʻrsatish va boshqa masalalarda murojaatlari koʻrib chiqildi.

Oʻtkazilgan qabul natijalari boʻyicha 25 nafar murojaatchilarning masalasi joyida ijobiy hal etildi, 19 nafar murojaatchilarga tushuntirish berildi.

Qabul davomida kelib tushgan murojaatlardan kelib chiqqan holda Soʻx tumani aholisini ijtimoiy-maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash, ularga qulay sharoitlarni yaratish maqsadida mavjud holatni toʻliq oʻrganib chiqish boʻyicha viloyat hokimligi, boshqarma va tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruh tashkil etildi.

Aholi bilan suhbat davomida ular oʻzlarini qiynab turgan muammolarni bayon etdilar. Jumladan, Hushyor qishlogʻidan kutubxonachi boʻlib ishlagan, hozirda pensiyadagi Ikromova Zulfiyaxon opa “Obod qishloq” dasturi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlardan minnatdor ekanligini bildirar ekan, qishloqdagi talabga javob bermay qolgan eski madaniyat uyi binosini buzib, binoni yangidan qurib, bu yerda madaniyat maskani barpo etishni, kutubxona ham ochishni taklif qildi. Masala masʼul rahbarlar eʼtiboriga havola qilindi, topshiriq berildi. Bu kabi koʻplab murojaatlar sayyor qabul davomida bildirildi.

Soʻx tumani Sarikanda qishlogʻi Gulirayhon koʻchasida yashovchi Mamasharipov Oʻlmasjonning “Nogiron qizi uchun nogironlik aravachasi va moddiy yordam berish masalasida”, Soʻh tumani Gʻaznov qishlogʻida yashovchi Mirzoyeva Fayzinisoning “Fuqarolik pasportini olish masalasida”gi va boshqa qator murojaatlar ijobiy hal etildi.

Rovon qishlogʻida yashovchi Ergashev Metinning “Sogʻliqni saqlash sohasida mutaxassislar yetishmasligi sabab viloyat markazidan yetishmaydigan sohalar boʻyicha mutaxassislar yuborish toʻgʻrisida”gi murojaati ijobiy hal etilib, tibbiyot yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalariga imtiyozli qabul qilish uchun viloyat hokimligiga ajratilgan 14 ta kvotadan 10 tasi soʻxlik yoshlar uchun ajratib berildi.

Yangiariq qishlogʻida yashovchi Ibragimov Tolibjonnning tumanda kurash maktabini ochish boʻyicha taklifi yuzasidan viloyat hokimligi tomonidan 400 mln soʻm mablagʻ ajratish rejalashtirildi.

Shuningdek, tumanga kuz-qish mavsumi uchun 5000 tonna koʻmir olib kelinishi, qishga tayyorgarlik ishlari uchun 3 mlrd soʻm pul mablagʻi ajratilgani bildirildi.

Qabul davomida 12 nafar malakali tibbiyot xodimlari tashrif buyurib, ular bir hafta davomida tumanda istiqomat qiluvchi aholini, ayniqsa, ayollar, yoshlar, keksalarni chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazmoqdalar.

Shuningdek, Davlat xizmatlari agentligi Fargʻona viloyati boshqarmasi tomonidan tuman aholisi uchun sayyor davlat xizmatlari tashkil etildi.

Soʻx tumanida oʻtkazilgan qabul davomida koʻplab soʻxliklar ularga berilayotgan eʼtibor, gʻamxoʻrlik va imkoniyatlardan juda koʻplab minnatdorchiliklarini bildirib oʻtdilar. Jumladan, 85 yoshli otaxon, mehnat faxriysi Subhiddin Sharofiddin, “Fidokorona mehnatlari uchun” ordeni sohibi Shahodat Boybolayeva va boshqalar xalq gʻamini oʻylayotgan viloyat rahbarlari, avvalo barcha ijobiy oʻzgarishlar boshida turgan mamlakatimiz Prezidentiga Soʻx aholisi nomidan minnatdorchilik bildirdilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?