Soʻxda qanday oʻzgarishlar boʻladi?

16:19 13 Avgust 2020 Jamiyat
283 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan “2020 -2021-yillarda Fargʻona viloyatining Soʻx tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qaror imzolandi.

Mazkur hujjat chorak asrdan buyon turli sinovlarni boshidan kechirib kelayotgan, qiyinchiliklarni oʻz fidoiyligi va chidamliligi bilan yengib oʻtayotgan Soʻx xalqining hayot tarzini tubdan yaxshilashni nazarda tutadi. Bu esa oʻz navbatida yangilanayotgan Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan har qanday islohotlar avvalambor inson manfaatlariga xizmat qilayotganligining yana bir bor isbotidir.

Soʻx anklav ekanligi bois, ichki va tashqi omillar taʼsirida uzoq yillar davomida tuman atrofida “muammolar zanjiri” paydo boʻlgan. Soʻxliklar esa uning girdobida qolib ketavergan. Buning natijasida shu yilning may oyida Soʻx tumanida mojaro yuzaga keldi va bu noxush vaziyat barcha muammoni toʻla-toʻkis namoyon qildi.

Soʻx masalasida qaror qabul qilishda Oʻzbekiston hukumati birinchi navbatda masalani yechishda chuqur tahlil va oʻrganishlarga tayandi. Eʼtiborli jihati shundaki, muammolarni yuzaga kelish sabablari joyida, xalq bilan yelkama-yelka turgan holda muhokama qilindi.

Xususan, vaziyatni oʻrganish maqsadida Prezident Sh.Mirziyoyevning topshirigʻiga asosan, Soʻx tumaniga Oʻzbekiston Respublikasi bosh vaziri A.Aripov va uning oʻrinbosarlari tashrif buyurdi. Keyinchalik hukumatning deyarli barcha vakillari tumanga tashrif buyurib, oʻzlarining yoʻnalishlariga doir muammolarni oʻrganishdi, xalq bilan bevosita muloqot qilishdi.

Eʼtiborli jihati shundaki, Soʻx hududida mavjud qiyinchiliklar va ular sababli yuzaga kelayotgan muammolarga yechim shu mahalliy aholi istak va xohishlaridan kelib chiqqan holda ularning taklif va mulohazalari asosida ishlab chiqildi. Ushbu fikrlar esa yakunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “2020-2021-yillarda Fargʻona viloyatining Soʻx tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarorida oʻz aksini topdi.

Taʼkidlash joizki, ushbu hujjat keng qamrovli masalalarni oʻz ichiga olgan boʻlib, aholini uzoq yillardan buyon qiynab kelayotgan ijtimoiy muammolarni hal etish, hamda soʻxliklar hayot sifatini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etadi. Jumladan Qarorda quyidagi vazifalar qoʻyilgan:

Birinchidan, muhandislik-kommunikatsiya va transport infratuzilmasini rivojlantirish. Hukumat oldiga aholini elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz, ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimi bilan taʼminlash vazifasi qoʻyilgan.

Bundan tashqari, tuman aholisini Fargʻona viloyati yoki Oʻzbekistonni boshqa hududlariga erkin borib kelishlarini taʼminlash maqsadida Soʻx-Fargʻona aviaqatnovi yoʻlga qoʻyilmoqda. Ushbu maqsadda tumanda samolyot va vertolyotlar uchun uchish-qoʻnish maydonchalari tashkil etiladi. Bu loyihalarning bajarilishi bir tomondan hudud aholisining kundalik turmushida qulaylik yaratsa, ikkinchi tomondan tuman investitsion jozibadorligini oshirib, chet el sarmoyalarining kirib kelishi va yangi korxonalar ochilishiga zamin yaratadi.

Ikkinchidan, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash. Jumladan, Soʻx tumani aholisiga yangi uy-joy qurishlari uchun ipoteka kreditlari ajratish, jismoniy shaxslarni yer va mol-mulk soligʻidan ozod etish hamda aholining bir qismini Toshkent shahrida yirik obyektlarda amalga oshirilayotgan qurilish-taʼmirlash ishlariga tizimli ravishda jalb qilinish moʻljallangan. Bu oʻz navbatida uzoq yillar davomida saqlanib kelayotgan soʻxliklarni uy-joy bilan bogʻliq muammolarini bartaraf etishga, shuningdek, ishsizlikni kamaytirishga olib keladi.

Uchinchidan, taʼlim sohasini rivojlantirish. Xususan 2020/2021 oʻquv yilida respublika oliy taʼlim muassasalari bakalavriatining kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha soʻxlik yoshlar uchun 500 ta davlat granti asosida qoʻshimcha qabul kvotasi belgilandi. Bu oʻz navbatida tuman yoshlari orasida oliy maʼlumotlilar sonini koʻpaytirib, kerakli kadrlar tayyorlashga zamin yaratadi. Kelgusida ushbu kadrlar tumanda oʻz faoliyatini davom ettirib, Soʻxni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga oʻz hissalarini qoʻshishadi.

Toʻrtinchidan, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish. Qarorda tumanda tadbirkorlikni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida imtiyozli kreditlar berilishi koʻzda tutilgan.

Bundan tashqari, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi amaldagi qatʼiy belgilangan soliq stavkasining 50 foizi miqdorida belgilandi. Tadbirkorlik va biznesni rivojlantirish birinchi navbatda aholi turmush tarzini yaxshilashga, yangi ish oʻrinlari yaratilishiga va tumanni eksport salohiyatini oshirishiga olib kelishi muqarrar.

Shu bilan bir qatorda, Soʻx tumani aholisi uchun Fargʻona viloyatining Yozyovon, Qoʻshtepa, Bagʻdod, Rishton va Buvayda tumanlari hududida dehqonchilik qilish uchun ekin yer maydonlari ajratiladi. Bu esa oʻz navbatida Soʻx aholisining moddiy farovonligining oshishiga olib keladi.

Umuman olganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning ushbu qarori nafaqat Fargʻona viloyatining Soʻx tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, balki Qirgʻiziston va Oʻzbekiston oʻrtasida chegaraviy savdo-sotiq munosabatlarini rivojlantirish va doʻstona qoʻshnichilik aloqalarini yana-da mustahkamlash uchun dastur amal boʻlib xizmat qiladi.

Bekzod Rajabov,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi 
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti 
yetakchi ilmiy xodimi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?