Soʻx tumani uchun alohida soliq imtiyozlari tatbiq etildi

17:05 13 Avgust 2020 Jamiyat
433 0

Fargʻona viloyatining Soʻx tumanida tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash va iqtisodiyot tarmoqlarining uzluksiz ishlashini taʼminlash, aholini ijtimoiy himoyalash maqsadida bir qator soliq imtiyozlari joriy etildi.

Bu Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yil 8-avgustda imzolangan “2020-2021-yillarda Fargʻona viloyatining Soʻx tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida aks etdi.

Qarorda tatbiq etilishi nazarda tutilgan soliq imtiyozlarini 2 toifaga ajratish mumkin.

Birinchisi, bu bevosita Soʻx tumanidagi barcha oilalarga yoki xonadonlarga taalluqli deyish mumkin. Yaʼni, soʻxliklar 2020-yilda toʻlanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi va mol-mulk soligʻini toʻlashdan ozod etiladi.

Ushbu ikki soliq turi boʻyicha berilgan imtiyozdan tumandagi 14 300 nafar mol-mulk va yer soligʻi toʻlovchilari foydalanadi. Natijada, Soʻx xalqi ixtiyorida 2020-yil uchun yillik hisobda qariyb 3 milliard 300 million soʻm miqdoridagi mablagʻlar qoladi. Bundan 2 milliard 100 million soʻm yer soligʻi, 1 milliard 200 million soʻm mol-mulk soligʻiga toʻgʻri keladi.

Bunda imtiyoz Davlat soliq qoʻmitasi maxsus dasturiy mahsulotlariga tegishli oʻzgartirish kiritilgan holda, markazlashgan tartibda barcha mulk egalariga birdek tatbiq etiladi.

Mazkur imtiyozdan foydalanish uchun fuqarolardan hech qanday hujjatlar yoki soliq idorasiga murojaat qilish talab etilmaydi.

Ikkinchisi, bevosita tadbirkorlik bilan bogʻliq imtiyoz.

2020-yil 1-avgustdan 2021-yil 31-iyulga qadar tumandagi yakka tartibdagi tadbirkorlar (YATT) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini amaldagi qatʼiy belgilangan soliq summasini 50 foizga kamaytirgan holda toʻlaydigan boʻldi.

Endi Soʻx tumanida chakana savdo bilan shugʻullanadigan YATT 2021-yil 31-iyulga qadar har oyda 200 ming soʻm oʻrniga 100 ming soʻm qatʼiy belgilangan summasida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi toʻlaydi. Boshqa faoliyat turlari bilan shugʻullanuvchilar esa atigi 25 ming soʻm toʻlaydi.

Ushbu soliq imtiyozlaridan tumanda 400 dan ortiq YATT foydalanishi mumkin. Yillik hisobda ushbu qatʼiy soliq summasi qariyb 500 million soʻmni tashkil etadi.

Bundan tashqari, alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqini beradigan ruxsat guvohnomasini olish uchun yigʻimni toʻlashdan ozod qilindi.

Alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqini beradigan ruxsat guvohnomasini olish – Toshkent shahri uchun 1 200 000 soʻm, Nukus shahri va viloyat markazlari 1 000 000, boshqa shaharlar 800 000, boshqa aholi punktlari (shu jumladan, Soʻx tumani) uchun 600 000 soʻm. Bundan buyon soʻxlik tadbirkorlar mazkur toʻlovdan ham ozod etilmoqda.

Albatta, soʻxliklarga berilayotgan bunday soliq imtiyozlari aholini ijtimoiy himoya qilishga, turmush farovonligi yuksalishiga, tadbirkorlik subyektlarini iqtisodiy tomondan yana-da qoʻllab-quvvatlashga va yakunda, albatta, iqtisodiyot tarmoqlarining uzluksiz ishlashiga xizmat qiladi.

Shukurullo NISBATXONOV,
Fargʻona viloyati davlat soliq boshqarmasi boshligʻi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?