Sohibqiron tavalludining 683 yilligiga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi (fotojamlanma)

15:34 09 Aprel 2019 Jamiyat
283 0

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Yoshlarda qanday buyuk allomalar, olimu mutafakkirlar davomchilari, qanday betakror meros va ulugʻ zotlarning vorisi ekanidan faxrlanish tuygʻusini kuchaytirish yuksak maʼnaviyatli va vatanparvar avlodni kamolga yetkazishda muhim omildir.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Shu maʼnoda, Amir Temur betakror shaxsiyati, ibratli hayot yoʻli, bebaho moddiy va maʼnaviy merosi bilan xalqimizning gʻurur-iftixorini oshiruvchi, gʻayrat-shijoat bagʻishlovchi, yuksak maʼnaviy kuch beruvchi beqiyos timsoldir.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Ulugʻ ajdodimiz tavalludining 683 yilligi munosabati bilan 9 aprel kuni poytaxtimizdagi Amir Temur xiyobonida oʻtkazilgan tantanali tadbirda bu jihatlar alohida taʼkidlandi. Unda parlament aʼzolari, vazirlik va idoralar vakillari, yozuvchi-shoirlar, olimlar, talaba-yoshlar, keng jamoatchilik, yurtimizda faoliyat koʻrsatayotgan diplomatik korpus vakillari qatnashdi.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Qayd etilganidek, buyuk sarkarda oʻzining beqiyos azmu shijoati, jasorati bilan oʻz davrida xalqimizni qaramlik iskanjasidan xalos etgan, mustaqil va qudratli davlatga asos solgan. Shu bilan birga, tarixiy ilmiy asarlarda, solnomalarda sohibqironning bunyodkorlik, adolat, insofu diyonatni oʻzi uchun shior bilib, xalq dardu tashvishi bilan yashagani, ilm-fan, madaniyat va maʼnaviyat homiysi boʻlgani haqida oʻqiymiz. 

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Shu bois mamlakatimizda Amir Temur va temuriylarning milliy davlatchilik, ilm-fan, madaniyat, bunyodkorlik va boshqa sohalardagi ulkan merosi keng miqyosda oʻrganilmoqda. Yurtimizda va xorijda temuriylarning dunyo sivilizatsiyasi ravnaqiga qoʻshgan ulkan hissasiga oid koʻplab badiiy, publitsistik asarlar yaratilmoqda, ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilyapti.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

— Ulugʻ ajdodimiz haqidagi qomusiy asarga ehtiyoj har doim yuqori boʻlgan, — deydi Amir Temur xalqaro xayriya jamoat fondi raisining birinchi oʻrinbosari Toʻlqin Hayit. — Shuni hisobga olgan holda fondimiz tomonidan mamlakatimiz va dunyo temurshunos olimlari hamkorligida, turli ishonchli manbalar, adabiyotlar asosida “Sohibqiron Amir Temur qomusi”ning birinchi jildi nashrga tayyorlandi va uni shu yilning oxirigacha nashr chop etish niyatidamiz.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Prezidentimiz tashabbusi bilan joylarda “Temurbeklar maktabi” faoliyati yoʻlga qoʻyilgani yoshlarimizni mardlik, azmi qatʼiylik, jasorat, vatanparvarlik, adolatparvarlik ruhida voyaga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Harbiy qismlar, shu yoʻnalishdagi taʼlim muassasalarida “Temur tuzuklari”ning oʻqitilayotgani sohibqiron bobomizga munosib avlodni tarbiyalashga xizmat qilyapti.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti kursantlari tomonidan harbiy mashqlardan namunalar namoyish etildi.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Mumtoz kuy va qoʻshiqlar yangradi. Sohibqiron haykali poyiga gullar qoʻyildi.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.
Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.
Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.
Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.
Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?