Sogʻlom yashab, yuzdan oshaylik. Uzoq umr koʻrishning siri nimada?

17:44 25 Sentyabr 2018 Jamiyat
361 0
Illyustrativ foto

Har bir inson keksayib qolganida ham uzoq yashash, sogʻlom va bardam boʻlish haqida oʻylaydi. Buning iloji bormi?

Rasmiy maʼlumotlarga qaraganda, mamlakatimizda yuz yoshlik dovondan oʻtganlar soni sakkiz ming nafardan ortadi. Unchalik ham farovon deb boʻlmaydigan — fuqarolar va Ikkinchi jahon urushi, ochlik, qahratonlar, vayronagarchiliklar davrida umrguzaronlik qilgan bu insonlarning uzoq umr koʻrish siri nimada?

Bunday nuroniylar bilan suhbatlardan ayon boʻlishicha, ular mehnat faoliyati tufayli shunday ulugʻ yoshlarga kirishga muvaffaq boʻlganlar. Ularning hayoti doimiy jismoniy harakat bilan toʻlgan. Bunday odamlar hamisha harakatda boʻlganlar, bu esa tibbiyot vakillarining aytishicha, organizmni mustahkamlaydi va chiniqtiradi, immunitetni oshiradi.

— Hozirgi kunda hayotimizning mazmunini tashkil etuvchi asosiy narsa — sport. Tabiiyki, u bilan shugʻullangan har kim ham chempion boʻlib ketavermaydi, ammo barcha bosh sovrin — salomatlik, unga bogʻliq ravishda koʻtarinkilik, bardamlik va farovonlik, uzoq umrni qoʻlga kiritadi, — deydi Andijon olimpiya zaxiralari maxsus maktab-internatining voleybol boʻyicha murabbiyi Farida Xarutdinova. — Qoʻshimchasiga, sport bizni jismonan chiniqtiradi, iroda va chidamlilik, jamoaviy sport turlarida esa doʻstlik hamda masʼuliyat singari koʻplab insoniy xislatlarni tarbiyalaydi. Ammo turli gadjetlar, kompyuterlar, avtomat oʻyinlarning paydo boʻlishi bilan yosh avlod orasida jismoniy faollikning oʻta past darajasi kuzatilmoqda. Masalan, oʻspirinlar, ayniqsa, shaharlik bolalar toʻpni haqiqiy futbol maydonida emas, balki kompyuter monitorida tepishga, chiroyli burilish harakatlarini poyga mototsiklida yoki kartingda emas, kompyuter oʻyinchoqlarida bajarishga oʻrgandilar. Jismoniy rivojlanishning yoʻqligi oqibatida 20 — 25 yoshga borib bunday virtual sportchilarda kasalliklarning butun boshli “guldastasi” yuzaga chiqadi, ruhiyat buziladi.

Bolalar va oʻsmirlar sogʻliqniyoshlikdan asrash naqadar muhim ekanini doim ham bilmasligi mumkin, ammo yoshi ulugʻ odamlarning ham oʻz salomatligiga bepisand munosabatini tushunish qiyin. Koʻp ovqatlanish, chekish, spirtli ichimliklarga berilish, kamharakat hayot tarzi, asabbuzarlik holatlari — mana shular insult hamda infarkt, qandli diabet, onkologik va boshqa yomon xastaliklar sababchisi. Bunday holatda hatto eng zamonaviy tibbiy sharoitlar yaratib berilsa-da, uzoq yashash va sogʻliq haqida orzu qilish ham befoyda.

Yaratgan bizga ato etgan umrni uzaytirish, sogʻligʻimizni asrash haqida biz koʻpincha dard tutganda va shifokorga borish, dori hamda davolanish uchun oilamiz byudjetidan pul sarflashga toʻgʻri kelgan paytdagina oʻylaymiz. Afsuski, bu xarajatlarni hisob-kitob qilib koʻrib, nega aynan men bemor boʻlib qoldim, deya oʻziga savol beradiganlar koʻp emas. Axir hammasi oddiy. Kasal boʻlish — oʻz salomatligimizga beparvo munosabatda boʻlganimiz uchun toʻlanadigan tovon.

Sogʻligʻi haqida qaygʻuradigan, uzoq va baxtli hayot kechirishni istaydigan inson bu maqsadga albatta erishadi. 110 yoshni koʻrgan buxorolik yurtdoshimiz Mustafo Buxomiddin hayotida ilk marta haydovchilikka tibbiy komissiyadan oʻtish uchun 1983 yilda — 105 yoshida shifoxonaga kelgan ekan. Oʻsha vaqtlardagi gazetalarda yozilishicha, bu insonning salomatlik va uzoq umr koʻrish siri juda oson. Mustafo yoshligidan jismoniy mehnatda ulgʻaygan, koʻp piyoda yurib, transportdan kamdan-kam foydalangan, chekmagan, toʻgʻri ovqatlangan.

Butun umri sport va pedagoglik faoliyati bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan qoraqalpogʻistonlik 82 yoshli Yuriy Kulakovning hayotini ham zamondoshlarimiz uchun namuna qilib koʻrsatish mumkin. Yuriy Ivanovich dardga chalingan paytlari aslo taslim boʻlmaslik haqida oʻziga soʻz bergan ekan. Oyogʻidagi ogʻriqni yengib, u Qoraqalpoq davlat universitetidagi ish joyiga qatnashdan toʻxtamagan. Bu dargohda u joʻshqin jarayonlar, talabalar bilan munozara va muloqotlar, shogirdlarning muvaffaqiyatlari tufayli his etiladigan yorqin kechinmalar qurshovida boʻlgan. Oʻz suyukli jamoangning raqib ustidan gʻalabasi nashidasiga hech qanday qaynoq hislar tenglasholmaydi. U insonga hayotiy kuch va quvvat baxsh etadi. Ana shularning barchasi dardni yengib oʻtishga yordam bergan. Endi esa, gazetamizning mintaqadagi muxbirining aytishicha, mazkur oliy oʻquv yurtining birorta sport tadbiri ham, respublika miqyosidagi musobaqalar ham Kulakov ishtirokisiz oʻtmaydi. Bundan 12 yil avval Kulakovning 70 yillik tavalludiga bagʻishlab chiqarilgan “Hayot — bu sinov” kitobida quyidagi soʻzlar bor: “...uning hayot tarzi — yoshlar hali uzoq vaqt oʻrganadigan katta bir sanʼatdir”. Bu fikrga qoʻshilmaslikning iloji yoʻq.

2017 yilda Iqtisodiy tadqiqotlar markazi mutaxassislari tomonidan oʻtkazilgan monitoring natijalari shuni koʻrsatdiki, poytaxtda yashovchi aholining deyarli koʻpchiligida ovqatlanish ratsioni bir meʼyorda emas. Oqibatda ularning uchdan bir qismi ortiqcha vazndan aziyat chekyapti. Toshkentliklarning 60 foizidan ziyodi kamharakat hayot tarzida yashaydi va koʻpi bilan kuniga 20 — 30 daqiqa piyoda yuradi. Butun dunyoda ilm-fan va texnikaning shiddatli rivoji bilan gipodinamiya, kamharakatlilik, skelet mushaklari va yurakka tushayotgan yukning pasayishi ommaviy koʻrinish oldi.

Ilgarilari iqtisodiyotning turli sohalarida jismoniy mehnat 90 foizdan ziyodni tashkil etgan boʻlsa, XXI asrga kelib ushbu koʻrsatkich koʻplab davlatlarda deyarli bir foizgacha qisqarib ketdi. Biz ish joyida boʻlib turib, faqatgina klavish va tugmachalarni bosish bilan kifoyalanamiz, qolganini robotlar va mexanizmlarning oʻzi qilyapti, kerakli manzilga avtomobilda yetib olyapmiz, uyga kelib, qulay oʻrindiqqa joylashib olamiz. Zamonaviy odam hatto idish-tovoqni ham oʻzi yuvmayapti. Uning uchun bu ishni idish yuvuvchi mashina bajarmoqda. Xullas, umuman jismoniy mashgʻulotlarsiz turmush tarzi. Axir hayot, bu — harakat emasmi?! Usiz esa inson organizmi erta qarishi ham ayni haqiqatdir.

Biroq mazkur muammoni sogʻlom turmush tarzini yoʻlga qoʻyib toʻliq hal etish mumkin. Salomatlik va uzoq umr koʻrishning asosiy talabi quyidagi uch omilga rioya qilish hisoblanadi. Buni buyuk alloma Ibn Sino ham oʻz asarlarida eslatib oʻtgan: jismoniy mashgʻulotlar bilan shugʻullanish, ovqat va uyquni meʼyorda ushlashdir.

Hanuzgacha oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan mazkur qoidalarga asoslangan holda jahonning turli mamlakatlarida fuqarolar sogʻligʻini saqlash va mustahkamlashga yoʻnaltirilgan davlat dasturlari amalga oshirilmoqda. Masalan, AQSHda bir vaqtning oʻzida toʻgʻri ovqatlanish, aholini jismoniy madaniyat va sport bilan oshno qilishga qaratilgan qator dasturlar hayotga tatbiq etib kelinmoqda. AQSH Milliy salomatlik instituti hisob-kitoblariga koʻra, profilaktik sogʻlomlashtirish tadbirlariga ajratilgan bir dollar laboratoriya tekshiruvlariga ketadigan sakkiz dollar, kasallikni davolash uchun sarflanadigan 320 dollarni tejab qolar ekan. Daniyada shularni inobatga olib velosportni rivojlantirishga katta sarmoya qilingan, Germaniyada sogʻlom ovqatlanish va faol hayot tarzi tamoyillarini ilgari surish boʻyicha “Bardam boʻl!” loyihasini amalga oshirishga kirishildi.

Mamlakatimizda ham bu yoʻnalishga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilmoqda. Oʻzbekistonda jismoniy madaniyat va sportni rivojlantirish ustuvor vazifa sifatida belgilab berildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev yaqinda jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish masalalariga bagʻishlab oʻtkazgan yigʻilishida mutaxassislarga mamlakatimizda sportni ommalashtirish yuzasidan besh yillik milliy konsepsiya ishlab chiqish boʻyicha topshiriq berdi. Aholini jismoniy tarbiya bilan muntazam shugʻullanib, sogʻlom hayot kechirishga jalb etish, shu orqali kasalliklarning oldini olib, odamlarning umrini uzaytirish konsepsiyaning asosiy yoʻnalishi va natijasi boʻlishi kerakligi taʼkidlab oʻtildi.

Tarixdan uzoq umr koʻrish boʻyicha koʻplab misollar keltirish mumkin. Ularning ayrimlarini aytib oʻtamiz. Jumladan, shotlandiyalik baliqchi Genri Jenkins (1501 — 1670) 169 yil, turkiyalik ayol Fotima Xonim 164 yil, vengriyalik Yanosh Roven 172 yil umr koʻrgan. Butun umr jismoniy tarbiya bilan shugʻullangan gruziyalik Yegor Koroyev 157 yil, ozarbayjonlik qishloq xoʻjaligi ishchisi Mahmud Eyvazov 152 yil yashagan. Uning mehnat faoliyati 130 yildan oshib ketgan. Angliyalik Foma Karne esa cherkov kitoblaridagi qaydlarga koʻra, 207 yil hayot kechirib, 12 qiroldan koʻra koʻproq umr koʻrgan. Afsonalarga koʻra, xitoylik faylasuf Lao Szi 200 yil yashagan ekan.

Demak, har bir inson oʻz hayotini asrga tenglashtirish, baquvvat boʻlib, hayotdan zavqlanib yashash quvvatiga ega. Xullas, har kimda tanlash imkoniyati bor: sport bilan shugʻullanish yoki har kuni juda boʻlmaganda yarim soat jismoniy mashqlarni bajarish va faol boʻlish, turli kasalliklarga nisbatan immunitet hosil qilib, uzoq umr koʻrish. Bizga berilgan ana shu bebaho imkoniyatdan ixtiyoriy ravishda yuz oʻgirish foydalimi yoki yoʻq, buyogʻini oʻzingiz hal eting va xulosa chiqaring.
Sanjar USMONOV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?