Sogʻlom turmush tarzi yurak-qon tomir, qandli diabet hamda oʻsma kasalliklarining oldini oladi

16:35 27 Iyul 2019 Lifestyle
434 0

Sogʻlom turmush tarzining qaror topishi, jumladan, faol jismoniy harakatda boʻlish, toʻgʻri ovqatlanish hamda zararli odatlardan voz kechish inson salomatligini asrashda muhim oʻrin tutadi. Shu bois ham, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan muntazam ravishda sogʻlom turmush tarziga rioya etish borasidagi ommaviy tadbirlar oʻtkazib kelinmoqda. Shunday tadbirlarning navbatdagisi joriy yilning 27-iyul kuni “Sogʻlom oila – sogʻlom jamiyat” shiori ostida mamlakatimiz boʻylab har bir oilaviy poliklinika oʻz hududidagi mahalla fuqarolik yigʻinlarida guzar, taʼlim muassasasi stadionlaridan foydalangan holda oilalar ishtirokida oʻtkazildi.

Jumladan, poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan “Central park” bogʻida ham oilalar oʻrtasida ommaviy gimnastika va 5 kilometrga faol yurish mashqlari bilan bir qatorda, oilaviy musobaqalar ham uyushtirildi. Qayd etish joizki, dunyo miqyosida qon bosimining oshishi koʻproq yoshlarda uchrayotgani, odamlar yurak-tomir, nafas olish organlari, diabet, saraton kasalliklari bilan koʻproq ogʻrimoqda. Ushbu yuqumli boʻlmagan xastaliklar kelib chiqishining eng asosiy omillaridan biri sogʻlom turmush tarziga amal qilmaslikdir.

Yuqumli boʻlmagan kasalliklar butun dunyoda oʻlim holatlarining asosiy sababchisi hisoblanadi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotlariga koʻra, 2016-yilda dunyo boʻyicha 40 million oʻlim holati yuqumli boʻlmagan kasalliklar tufayli yuz bergan boʻlib, bu barcha oʻlimning 70 foizini tashkil etadi. Oʻlim holatlarining anchagina qismi (dunyo boʻyicha barcha oʻlimning 27 foizi, yuqumli boʻlmagan kasalliklarning esa 38 foizi) barvaqt, yaʼni 30 yoshdan 70 yoshgacha roʻy bergan. Achinarlisi, kelgusida dunyoda bu kasalliklardan vafot etganlar sonining yanada koʻpayishi kutilmoqda. Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotlariga koʻra, sogʻlom turmush tarzi rioya etilsa, 80 foiz yurak- qon tomir, qandli diabetning 2 turi va 40 foiz oʻsma kasalliklarining oldini olish mumkin ekan.

Xoʻsh, nima uchun odamlar yoshligidan yuqumli boʻlmagan kasalliklarga chalinmoqda? Sababi texnologiyalarning rivojlanishi, turmush tarzining oʻzgarishi bilan odamlarning harakatlanishi va jismoniy mehnat bilan shugʻullanishi kamaydi, chekadigan va spirtli ichimlik ichadigan insonlar koʻpaydi, tarkibida yogʻ, qand va tuz miqdori yuqori boʻlgan nosogʻlom oziq-ovqat mahsulotlari isteʼmoli koʻpaydi. Shuningdek, aholining ovqatlanish odatlari oʻzgardi, jumladan, sabzavot va mevalarni yetarli isteʼmol qilmaslik, tuzni meʼyordan ortiq isteʼmol qilish holatlari ham koʻpaydi. Bu esa oʻz navbatida, turmush tarzining oʻzgarishi, tana vaznining ortishi, semizlik, qonda xolesterin miqdorining oshishi va oqibatda, yuqumli boʻlmagan kasalliklarning rivojlanishiga sabab boʻlmoqda.

Globallashuv sharoitida yuqoridagi holatlar dunyo davlatlari qatori yurtimiz uchun ham xos boʻlib bormoqda. Shu bois ushbu vaziyatga davlatimiz tomonidan jiddiy yondashilmoqda. Prezidentimizning 2018-yil 18-dekabrdagi “Yuqumli boʻlmagan kasalliklarning profilaktikasini, sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori yuqumli boʻlmagan kasalliklarning oldini olishga, jamiyatda sogʻlom turmush tarzini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etayotir.

Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilib, odamlar qiziqishiga sabab boʻlayotgan ommaviy salomatlik tadbirlari ham faol jismoniy harakatga chorlab, sogʻlom hayot tarzini targʻib etishda muhim ahamiyat kasb etayapti.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?