Sogʻlom turmush tarzi: Muammo va kamchiliklarni bartaraf etish zarur 

18:52 09 Avgust 2019 Jamiyat
213 0

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Toshkent viloyati Kengashi tashabbusi bilan Quyichirchiq xalq taʼlimi va tuman tibbiyot birlashmasi hamkorligida tumandagi 33-umumiy oʻrta taʼlim maktabida “Sogʻlom turmush tarzi yoʻlida birlashaylik” loyihasi doirasida davra suhbati oʻtkazildi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, partiya Markaziy apparati xodimlari, partiyaning viloyat, tuman va shahar Kengashlari raislari hamda faol aʼzolari, shuningdek, jurnalistlar ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, sogʻliqni saqlash sohasi faoliyatini tashkil etishda soʻnggi yillarda toʻplanib qolgan tizimli kamchilik va muammolar fuqarolarning sogʻligʻini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan vazifalarni samarali hal etishga toʻsqinlik qilmoqda. Xususan, tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, bolalar stomatologiyasi sohasida hal qilinishi lozim boʻlgan bir qator muammolar oʻz yechimini kutyapti. Negaki, maktab va oʻsmir yoshidagi bolalar biror kasallikka chalinganida ularning oʻz vaqtida davolanmasligi noxush oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Chunonchi, xalq deputatlari Quyichirchiq tumani Kengashi deputatlik guruhi tomonidan umumtaʼlim maktablarning stomatologik xonalari bilan taʼminlanganlik darajasi oʻrganilganda, tumandagi mavjud 50 ta umumtaʼlim maktabdan 7 tasida stomatologiya xonalari mavjud boʻlsa-da, aksariyatida xonalarning jihozlanish holati talab darajasida emasligi aniqlandi.

— Kariyesdan saqlanish uchun farzandlarimizga sogʻlom turmush tarzini bolalikdan oʻrgatishimiz, ularning, birinchi navbatda, tibbiy madaniyatini shakllantirishimiz lozim, — deydi 33-umumiy oʻrta taʼlim maktabi stomatolog shifokori Gʻofur Turdibayev. — Bu birgina tibbiyot xodimlarining ishi emas. Kelajagimiz egalariga sogʻlom hayot kechirish, avvalo, oʻzimizga bogʻliqligini tushuntirib borish zarur.

— Aytish joizki, bolalar oʻrtasida stomatologik kasalliklarning oldini olishda hali muammolar talaygina, — deydi Quyichirchiq tumani tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Zuhra Dostonova. — Maktab va oʻsmir yoshdagi bolalar kasalligining oʻz vaqtida davolanmasligi nogironlikka olib kelishi mumkin. Shundan kelib chiqqan holda, umumtaʼlim maktablarida stomatologiya xonalarini tashkil etish, kariyes bilan ogʻrigan bolalarga tizimli tibbiy muolajalar qilish orqali sifatli tibbiy koʻriklar tashkil etish muhim. Bu, albatta, har bir bolaning salomatligiga, uning bilim olishi va barkamol avlod boʻlib ulgʻayishiga xizmat qiladi.

Tadbirda Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari,partiya faollari tomonidan partiyaning “Sogʻlom turmush tarzi yoʻlida birlashaylik” loyihasi doirasida har bir hudud soha yoʻnalishida hamkor tashkilotlar bilan mavjud muammolarni oʻrganish va bartaraf qilish orqali xalq ishonchi va saylovchilar eʼtiboriga sazovor boʻlishi hamda ularning islohotlarning faol ishtirokchisiga aylanishi muhimligi taʼkidlandi.

Qizgʻin savol-javoblarga boy tarzda oʻtgan davra suhbati yakunida ishtirokchilarga kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berildi.

Fotima SATTAROVA,

Oʻzbekiston “Adolat” SDP
Toshkent viloyati Kengashi
matbuot kotibi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?