Sogʻlom hayotga qadam tashla

12:41 17 Iyun 2019 Jamiyat
141 0

“Boʻston” mahalla fuqarolar yigʻinidagi futbol maydonida boshlangan Salomatlik kuni “Salomatlik maydonchalari”, “Sogʻlom ovqatlanish yarmarkasi”, “Jismoniy tarbiya mashqlarni bajarish”, “Besh kilometrga faol yugurish” kabi bir necha mustaqil tadbirlarni oʻz ichiga oldi. Salomatlik kuniga bir vaqtning oʻzida Boʻka tumanining boshqa sektorlarda ham start berildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-dekabrdagi “Yuqumli boʻlmagan kasalliklarning profilaktikasi, sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan bir qator tadbirlar amalga oshirilayapti. Joriy yilning har shanbasida ommaviy salomatlik tadbirlari mamlakatimizning turli hududlarida muntazam ravishda oʻtkazilmoqda.

– Tumanimizda boʻlib oʻtgan mazkur tadbirga 4 mingdan ortiq aholi ishtirok etdi, – deydi tuman hokimining oʻrinbosari, tuman Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Marhabo Abdulazizova. – Besh kilometrga oʻtkazilgan yugurish marafonida 7 yoshdan 70 yoshgacha boʻlgan odamlarni koʻrish mumkin edi. Eʼtiborlisi shundaki, marafonda start berilganda uning ishtirokchilari ming kishi boʻlgan boʻlsa, uning yakunida esa ular 4 mingdan oshib ketdi.

Tuman markaziy oʻyingohi, 7-oilaviy poliklinika va 15-Mehribonlik uylarida yakunlangan ommaviy gimnastika va sogʻlom turmush tarzini taqdim etish boshqa aksiyalar Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbus doirasida tashkil etildi. Boʻka tumanida tashkil etilgan “Sogʻlom hayotga qadam tashla” aksiyasi ommaviyligi bilan ajralib turdi.

Rahmatilla Sheraliyev, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?