Sogʻliqni saqlash vazirligiga Loyson qishlogʻi fuqarolaridan ochiq xat

15:30 20 Iyun 2019 Jamiyat
911 0

Foto: "Xalq so'zi"

Toʻgʻrisi, maqola shu nomda boʻlishini qishloq faollari iltimos qilishgan. Ularning aytishicha, sarlavha orqali mutasaddilarining quyida bayon qilinadigan muammolariga yetarlicha eʼtibor qaratishi ehtimoli kuchli emish. Xullas, loysonliklar bayon qilinajak masalaning ochiq xat tarzida qabul qilinishidan umidvor!

Foto: "Xalq so'zi"

Fargʻona viloyati Qoʻshtepa tumanidagi 4 ming sonli Loyson aholisi 2014-yildan buyon Qishloq oilaviy punktining uzoqdaligidan aziyat chekishadi. Shifokor koʻrigidan oʻtish, farzandlarini emlashga olib borish uchun har bir fuqarodan oʻrtacha bir kun vaqt sarf etiladi. Faollarning saʼy harakatlari bilan hududda qishloq oilaviy poliklinikasining filialini tashkil qilishgan boʻlsada, bu tashabbus muammoning mukammal yechimi boʻla olgani yoʻq. U yerda faqat favqulodda birinchi tez yordam koʻrsatiladi xolos...

Foto: "Xalq so'zi"

MAVZUGA CHUQURROQ YONDASHAMIZ

1985-1991-yillar davomida Loyson qishlogʻi Mulkobod koʻchasining 19-uyida sobiq jamoa xoʻjaligi yordami va hashar yoʻli bilan qishloq vrachlik ambulatoriyasi bunyod etilgan. Qoʻshni Dehqonobod qishlogʻi bilan birga shifoxona 22 yil davomida 7 ming aholiga xizmat koʻrsatgan. Vaqt oʻtishi bilan sogʻliqni saqlash tizimidagi talablar oʻzgardi. 2014-yilda esa vrachlik punkti binosi foydalanishga yaroqsiz, deb topilib faoliyati toʻxtatildi. Qishloq faollari aholining sarson boʻlmasligi maqsadida 46-maktabgacha taʼlim muassasasidan joy olib oʻrnatilgan tartib asosida vaqtincha shifoxona faoliyatini yoʻlga qoʻyishadi. 2017-yilda esa tuman tibbiyot birlashmasining 49-sonli buyrugʻiga bilan oʻz faoliyatini toʻxtatadi.

Foto: "Xalq so'zi"

Abdusattor USMONOV, Loyson MFY jamoatchilik nazorati, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish komissiyasi kengashi raisi:

Eski bino oʻrniga yangi zamonaviy qishloq vrachlik punkti bino inshootini Davlat manzilli dasturiga asosan qurib ishga tushirilishi yuzasidan tuman, viloyat, yuqori davlat organlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputatiga ogʻzaki va yozma ravishda 2014-yildan buyon takliflar va ariza bilan murojaat qilib kelyapmiz. 2015-yil 4-fevralda tasdiqlangan Manzilli Dasturda Loyson QVP ni yangitdan qurish uchun 400 mln. soʻm mablagʻ ajratilishi va shu yilning 3 choragida foydalanishga topshirilishi koʻzda tutilgan edi. Lekin bunday boʻlmadi. Qogʻozlarda bitkazib yuborildimi, bunisi bizga qorongʻi. Biz umidimizni uzmadik. Qaytadan joylarga murojaat qildik. Va nihoyat Fargʻona viloyat hokimligi, viloyat Sogʻliqni saqlash, moliya, iqtisodiyot boshqarmasi tomonidan 2016-yilda tasdiqlangan dasturga asosan 2017-yildan Loyson QVP qurilish loyihasi Manzilli Davlat dasturiga qayta kiritilib 500 mln. soʻm mablagʻ ajratish belgilandi. Dasturga asosan, Qoʻshtepa tuman hokimining 2016-yil 18-iyul kungi 688- sonli qarori ham qabul qilingan. Ogʻzi kuygan qatiqni ham puflab icharkan. Bizda shunday boʻldi. Koʻnglimiz joyiga tushmay qurilajak yangi binoning arxitektura hujjatlari, texnik shartlar hujjatlar toʻplamini ham oʻzimiz yelib-yugurib tayyorlab berdik. Muhim joylarga taqdim qildik.

Foto: "Xalq so'zi"

97-Qoʻshtepa saylov okrugidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik palatasi deputatligiga saylangan Umidjon Sulaymonov ham bu yechimtalab masalaga tomoshabin boʻlib turmadi. Maqsadli dasturga kiritilishida amaliy yordam berdi. Hatto mahalliy gazetalardan biriga bergan intervyusida “...bir paytlar hashar yoʻli bilan qurilgan Loyson, Kattaboltakoʻl qishloq vrachlik punktlari tegishli joylarga deputatlik soʻrovlari yuborilib, holati bir muncha yaxshilangani va yaxshilanishiga kirishilganida... hissam borligidan mamnunman”, deydi. Biroq Respublikada qishloq vrachlik punktlarini maqbullashtirish va yangi poliklinikalar tashkillanayotganligi tufayli negadir qurilish loyihasi yana toʻxtatib qoʻyildi. Ustiga ustak, tuman hokimi va kengashining qaroriga asosan, Loyson QVP faoliyati tugatilib Qashqar QVP negizida 86-sonli QVP tashkil etildi va 4 ming sonli Loyson aholisi qoʻshib yuborildi. Sobiq Loyson QVP esa boʻsh qolganligi bois tuman hokimligi zaxirasiga olinib elektron auksion savdolariga qoʻyib yuborildi.

Foto: "Xalq so'zi"

Tohirjon HAYDAROV, mahalla faoli:

Murojaatlarimizga kelgan yana bir javob xatda tor soha mutaxassislari va 12 turdagi labarator tahlillar topshirishga moʻljallangan 86-son oilaviy poliklinikaga biriktirilgansizlar, deyiladi. Axir, Loysonda yangi poliklinika qurilsa, shu sharoitlarni bizda ham yaratib olish mumkinku. Qishlogʻimizdan borib kelish juda noqulay boʻlgan oilaviy poliklinakaga borgandan, yonginasidagi Margʻilon shaharga tushib qoʻygan yaxshi emasmi?! Yanayam soddaroq aytganda, 4 ming sonli oddiy fuqarolar, yosh bolalilar, keksa va nogironlarni qishning sovuq, yozning jaziramasida qiynab uzoqdagi poliklinikaga borishga majbur qilgandan, tor doiradagi mutaxassis shifokorlar va labaratoriyani qishloqqa olib kelgan yaxshi emasmi. Shunda qoʻshni Dehqonobod qishlogʻidagi aholi ham uzoqqa qatnamay, Loyson QOP ga biriktirib qoʻyilardi. Menimcha maqbullashtirishda tumanimizdagi deputatlar va hokimlik vakillari mana shunday takliflarni komissiya aʼzolariga aytishmagan.

Foto: "Xalq so'zi"

Ilhomjon JALILOV, Umumiy amaliyot shifokori:

Loyson qishloq fuqarolari yigʻini binosida xalqning talabi va faollar tashabbusi bilan 4 dona xona ajratilib, hashar yoʻli bilan taʼmirlangan va bu yerda 86-oilaviy poliklinikaning shoxobchasi tashkil etilgan. Hozirda bu filialda 10 xodim ishlaydi. Biroq biz bu yerda faqatgina birinchi yordamni koʻrsatishimiz va konsultativ maslahatlar berishimiz mumkin xolos.

Muqimjon OBIDJONOV, mahalla faoli:

Kimnidir qoralashdan yiroqmiz aslida. Faqat maqbullashtirish xalq xohlaganidek boʻlmagan, toʻgʻri qaror qabul qilinmagan, degan fikrdamiz. Mutasaddilar oilaviy punktdagi sharoitlar va aholi sonini hisobga olishgan, bu yaxshi! Lekin aholining qatnovi, issiq sovuq kunlarini hisobini qilishmagan, bizningcha. Masalan, mening qon bosimim yuqori. Shifokor nazoratida turaman. 86-sonli oilaviy poliklinika bizdan 9 km. uzoqlikda, Loysondan gʻarbda joylashgan. Damas qatnaydigan yoʻlgacha esa 1,5 km. Qishloqqa qaytishda damaslar “toʻla” kelganligi uchun men Loysonga emas, balki qarama qarshi tomon – Margʻilon shahriga borib, boʻsh damasga minib, qayta Loysonga kelishim kerak. Bu yesa bordi keldi masofasi 30 km va 15 ming soʻm xarajat, degani. Har kuni qatnaydiganlar nima qilishadi unda? Masalaning boqa tomoni ham bor. Agar tuman markaziy shifoxonasiga yoʻllanma zarur boʻlib qolsa, birinchi navbatda poliklinikaga hozir aytgan qiyinchiliklarni boshdan kechirib, keyin sharq tomonda joylashgan tuman markaziga qarab yoʻl olishim kerak. Axir poliklinika yoki shifoxonaga qatnaydigan odamning hammasi ham sogʻlom boʻlmaydiku? Shikoyati borligi uchun boradi u yerga. Yosh bolali, nogiron, keksa yoshdagilar, bemorlar shu yoʻnalishda qanchalik qiynalishini tasavvur qilyapsizmi?

Foto: "Xalq so'zi"

Loysonliklar bilan suhbatlashsangiz yuqoriga arz dod qilishdan hafsalasi soʻngan. Ularning deyarli bormagan idorasi qolmadi. Baribir murojaatlar tuman tibbiyot birlashmasiga yuboriladi. Tibbiyot birlashmasi esa 6 yillik plastinkani chaynayveradi, bir hil mazmundagi xatlar kelaveradi, degan fikrda. Masalan, qishloq faoli Abdusattor Usmonov 2019-yil 5-fevral kunida mahalla aholisi nomidan prezident nomiga yozgan arizasiga javob xati shu yil 7-mart kuni tuman tibbiyot birlashmasi boshligʻidan keldi. Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining Fargʻona viloyati xalq qabulxonasiga yozilgan murojaatga ham Qoʻshtepa tumani tibbiyot birlashmasi bosh shifokori javob xati yoʻlladi. 2017-yilda virtual qabulxonaga yoʻllangan arizaga ham tibbiyot birlashmasi “balogardon” boʻldi. “Mening yurtim” telekanaliga yoʻllagan arzga ham tibbiyot birlashmasi tuman boʻlimidan javob yoʻllandi. Quyidan yuqoriga degan tamoyilni asos qilib olsak, quyidan najot boʻlmagandan keyin yuqoriga masala koʻtarishadi ku? Murojaatlar esa, oʻzing hal qil qabilida quyi boʻgʻinga tushirib yuborilavergan. Yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlarini tartibga soluvchi qonun hujjatlariga bu toʻgʻrimikan?!

Foto: "Xalq so'zi"

Mahalla faollarining jon kuydirganicha bor. Ular shu yangi oilaviy poliklinika qurilishi yuzasidan murojaatlar, hujjatlar bilan ishlashga shu qadar tajribali boʻlib ketishganki, hatto ana shu bayon qilingan arizalar, shikoyatlar, kelgan javob xatlari, bino kadastr hujjatlari, manzilli dasturlar...qoʻyinki, barchasini yigʻib kitob shakliga ham keltirib qoʻyishgan. Masala bilan qiziqsangiz faollar bilan suhbatlashish shart emas. Toʻplamga koʻz yugurtirib chiqsangiz kifoya. Barchasi kundek ravshan boʻladi.

Aslida esa, masala juda oddiy: mutasaddilardan belgilangan tartibda eskisining oʻrniga zamonaviy, talablarga javob beradigan yangisini qurib berish va aholining ogʻirini yengil qilib berish soʻralyapti xolos. Biroq negadir masala 6 yildan buyon eski tos, eski hammomligicha qolmoqda.

Biz ham loysonliklar aytganidek, Sogʻlikni saqlash vazirligi mutasaddilari ushbu maqolani ochiq xat sifatida qabul qilishlaridan umidvormiz.

Elyorjon EHSONOV, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?