Sogʻliqni saqlash vazirligi: Jiddiy choralar koʻrilmasa, 2030-yilga borib dunyoda qandli diabetga chalinganlar 550 million nafardan oshishi mumkin

16:00 08 Avgust 2019 Jamiyat
373 0

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga koʻra, hozirgi kunda dunyoda 400 million nafardan ziyod qandli diabet xastaligiga chalingan bemor bor. Tahlillarga koʻra, ushbu koʻrsatkich 2030-yilga borib 550 milliondan oshishi mumkin. Oʻzbekistonda ushbu kasallik bilan 220 ming nafar kishi roʻyxatga olingan. Raqamlardan koʻrinib turibdiki, endokrinologiya sohasini rivjlantirish dunyo miqyosida dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Shundan kelib chiqqan holda yurtimizda soʻnggi yillarda aholiga tibbiy, shu jumladan, endokrinologik xizmat koʻrsatish sohasida katta oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-iyundagi “2017 – 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga ixtisoslashgan tibbiy yordam koʻrsatishni yanada rivojlantirish choralari toʻgʻrisida”gi hamda 2019-yil 19-apreldagi “2019 — 2021-yillarda respublika aholisiga endokrinologiya yordami koʻrsatishni takomillashtirish boʻyicha Milliy dasturni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorlari soha rivojida muhim ahamiyat kasb etdi.

Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan “Oʻzbekiston Respublikasida endokrinologiya holati” mavzusida matbuot anjumanida qayd etildi.

Unda taʼkidlanganidek, sohadagi mavjud muammolarni hal qilish va endokrin kasalliklarni oldini olish, erta tashxislash va davolash maqsadida Milliy dastur, chora-tadbirlar kompleksi, “Yoʻl xaritasi” bilan birgalikda Milliy dasturning 2019 – 2023-yillarga moʻljallangan asosiy masalalari ham belgilab olingan.

Shu asosda Akademik Yo. X. Toʻraqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi olimlari va yetakchi mutaxassilari tomonidan inson salomatligi va jamiyat rivojiga salbiy taʼsir etuvchi bunday kasalliklarning oldini olish va bemorlarga tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Soʻnggi ikki yil ichida hududlarda endokrinologiya sohasini komleks rivojlantirish, moddiy-texnik bazasini mutahkamlash, tibbiy yordam sifatini oshirish borasida olib borilgan saʼy-harakatlar natijasida viloyatlardan poytaxtimizga kelib murojaat qiluvchilar qariyb 3 barobarga qisqardi. Ayni paytda yurtimizda boʻylab 650 nafardan ziyod endokrinolog shifokorlar samarali faoliyat yuritishayapti.

Eʼtiborli jihati, Sogʻliqni saqlash vazirligining 2018-yil 25-oktyabrdagi tegishli buyrugʻiga asosan, pilot viloyatlarda 45 yoshdan oshgan axoli orasida qandli diabet skriningi oʻtkazilmoqda. Bundan tashqari, qandli diabetning surunkali asoratlarini kamaytirish, ularni yuzaga kelishini kechiktirishga va bemorlarning hayot sifatini yaxshilashga yoʻnaltirilgan onlayn registr ishlab chiqilmoqda.

Endokrin kasalliklarni erta tashxislash va davolash monitoringini oʻtkazish uchun barcha viloyat endokrinologik dispanserlarini oʻz vaqtida, uzluksiz ravishda zarur reaktivlar, xususan, glikirlangan gemoglobin va qalqonsimon bez gormonlari reaktivlari bilan taʼminlash yoʻlga qoʻyildi. Har bir viloyat endokrin dispanserida oʻz-oʻzini nazorat qilish maktablarida endokrin kasalliklari bor bemorlar va ularning oila aʼzolari professional instruktor tomonidan oʻqitilmoqda.

Matbuot anjumanida aytib oʻtilganidek, sohada olib borilayotgan islohotlar natijada aholiga ixtisoslashtirilgan endokrinologik tibbiy xizmat koʻrstashda yetakchi chet el davlatlarining endokrinologiya sohasida erishilgan yutuqlarni amaliyotda joriy etish, bemorlarga ixtisoslashtirilgan yuqori malakali tibbiy yordam koʻrsatish imkonini yaratadi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?