Sogʻliqni saqlash vazirligi yangi ogʻu deya muhokama qilingan tropikamid preparati haqida maʼlumot berdi

10:56 14 Iyun 2019 Jamiyat
362 0

Turli ijtimoiy tarmoqlarda Tropikamid dori vositasini Tramadol, Lirika oʻrniga kelgan yangi bir ogʻu sifatida talqin etilayotgani haqida chiqishlar Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan oʻrganib chiqilib qoʻyidagilar maʼlum qilinadi, deya xabar bermoqda vazirlikning Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.

– Tropikamid dori vositasi oftalmoskopiyani oʻtkazishda va refraksiyani aniqlashda tashxis qoʻyish uchun (shu jumladan, qorachiqni kengaytiruvchi boshqa preparatlarga yuqori sezuvchanlik boʻlganida), koʻzning yalligʻlanish kasalliklarini majmuaviy davolashda sinexiyalarni rivojlanishini oldini olish uchun qoʻllanadi, – deydi Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi Farmakologiya qoʻmitasi raisi Zikrilla Tadjixanov. – Ushbu dori vositasi Sogʻliqni saqlash vazirligining “Retseptsiz beriladigan dori vositalari roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 2018-yil 22-oktyabrdagi 50-son buyrugʻiga koʻra, shifokor retsepti asosida berilishi belgilangan.

– Tropikamid dori vositasi koʻzga tomizish uchun moʻljallangan boʻlib, qorachiqlarni kengaytirish xususiyatiga ega, koʻz kasalliklarida foydalaniladi. Undan qoidaga xilof ravishda foydalanib, inyeksiya qilinganda qon tomirlari kengayishi tufayli sarxushlik holati yuz beradi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Azamat Yusupov. – Ammo Tropikamidni Lirika va Tramadol kabi psixotrop dori vositalari bilan tenglashtirib boʻlmaydi. Tropikamidda narkotik moddalar mavjud emas. Ushbu dori vositasi resseptsiz berilsa, turli noxush vaziyatlar ehtimoli koʻpayishi mumkin. Shu bois yuqorida qayd etilganidek, Tropikamid faqatgina shifokor retsepti asosida berilishi shart.

Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 27-oktyabrdagi “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzida oʻtkazish tartibini, shuningdek, ularning muomalada boʻlishi yuzasidan nazoratni takomillashtirish toʻgʻrisida” 2015-yil 12-noyabrdagi 330-son qaroriga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qarorida tasdiqlangan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar roʻyxatlariga Tropikamid dori vositasi nomlanishi boʻyicha kiritilmagan. Shu bilan birga, Birlashgan Millatlar Tashkilotining 1961-yilgi giyohvandlik moddalari toʻgʻrisidagi Yagona konvensiyasi va 1971-yilgi psixotrop moddalar toʻgʻrisidagi konvensiyasi talablariga muvofiq tasdiqlangan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar roʻyxatlariga ham kiritilmagan.

– Tibbiyot amaliyotida ishlatishga ruxsat etilgan Tropikamid dori vositasi Davlat Reyestridan “Midaks”, “Tropikamid” nomlari bilan oʻtkazilgan. Sertifikatlashtirish organlarining maʼlumotiga koʻra, Tropikamid dori vositasi respublikamizga 2018-yil davomida 562 256 oʻram, 2019-yil 1-maygacha 447 110 oʻramda keltirilgan, – deydi Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi Narkotiklar nazorati qoʻmitasi raisi Ismatjon Azizov. – Ushbu dori vositasi bilan bogʻliq noqonuniy xatti-harakatlar yuz bergan holatlarda, Sogʻliqni saqlash vazirligiga huquq-tartibot organlari tomonidan kelib tushayotgan murojaatlar asosida, Narkotiklarni nazorat qilish Davlat komissiyasi tomonidan roʻyxatga kiritilishi toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqiladi.

Yana bir bor eslatib oʻtamiz, Tropikamid dori vositasi dorixonalardan faqat shifokor retsepti asosida berilishi belgilangan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?