Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida yangi tayinlov

17:45 05 Iyul 2019 Jamiyat
849 0

Prezidentimizning 2019-yil 6-maydagi “Tibbiyot va farmatsevtika taʼlimi va ilm-fani tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida tibbiyot sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash, shifokorlarning malakasini oshirish, taʼlim va ilm-fan jarayonlarini tibbiyot amaliyoti bilan integratsiya qilish borasida keng qamrovli vazifalarni amalga oshirish belgilab berilgan edi. Jumladan, Toshkent tibbiyot akademiyasining birinchi, ikkinchi va uchinchi klinikalari negizida zamonaviy tibbiyot taʼlim klasterini yaratish orqali ushbu oliy taʼlim muassasasining Koʻp tarmoqli klinikasini tashkil etish belgilangandi.

Ayni paytda mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida koʻp tarmoqli klinika tashkil etildi. Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli buyrugʻi bilan tibbiyot fanlari nomzodi Dildora Rustamova taʼlim, amaliyot va ilm-fan integratsiyasini taʼminlashga ixtisoslashgan ushbu yangi Koʻp tarmoqli klinika direktori etib tayinlandi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

D. Rustamova 1992-yilda Toshkent tibbiyot akademiyasida va 2009-yil Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasida tahsil olgan. Shu vaqtgacha u Toshkent tibbiyot akademiyasi 3-klinikasi bosh shifokori lavozimida faoliyat koʻrsatib kelayotgan edi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?