Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida yangi lavozim tayinlovi amalga oshirildi

14:41 06 Dekabr 2018 Jamiyat
221 0

Foto: Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot xizmati

Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida yangi lavozim tayinlovi amalga oshirildi.

Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori lavozimiga Azamat Farxadovich Yusupov tayinlandi.

Unga, avvalo, aholiga sifatli va xalqaro talablar asosida ixtisoslashtirilgan, yuqori texnologik tibbiy yordam koʻrsatish, diabetik retinopatiya, tugʻma katarakta kabi qator kasalliklar profilaktikasi boʻyicha strategiya ishlab chiqish, bolalar oftalmologiyasini rivojlantirish, shu jumladan, ularda sunʼiy gavhar implantatsiyasini keng yoʻlga qoʻyish, shuningdek, koʻz kasalliklarini erta aniqlash, diagnostikasi va davolash standartlarini yangilash, ixtisoslik boʻyicha kasalliklarga tashxis qoʻyish hamda oldini olishda samarali yondashuvlardan unumli foydalanish kabi vazifalar yuklandi.

Bundan tashqari, oftalmologiya sohasida yetakchi xorijiy tibbiyot muassasalari bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish, muvaffaqiyatli tajribalar va aniq innovatsion modellarni tatbiq etish, yosh malakali kadrlarni tayyorlashga alohida eʼtibor qaratish, hududlardagi ixtisoslashtirilgan muassasalarda zarur profilaktik ishlarni oʻtkazishda koʻmaklashish hamda mahorat darslarini muntazam oʻtkazib borish singari vazifalarga ham masʼul etib belgilandi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot xizmati xabariga koʻra, 49 yoshli tibbiyot fanlari doktori A. Yusupov Buyuk Britaniya va Amerika Qoʻshma Shtatlarining nufuzli universitetlari klinikalarida oʻqib, malaka oshirgan. Ingliz va turk tillarini mukammal biladi.

A. Yusupov ayni paytga qadar “Sihat koʻz” MCHJ xususiy klinikasida bosh shifokor lavozimida ishlab kelayotgan edi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?