Sogʻliqni saqlash vazirligi tibbiy sugʻurta sohasida Koreya Respublikasi bilan hamkorlik qiladi

14:58 03 Dekabr 2018 Jamiyat
592 0

Foto: Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot xizmati

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov Koreya Respublikasi Milliy tibbiy sugʻurta xizmati prezidenti Kim Yeng Ik boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi. Muloqotda sogʻliqni saqlash, jumladan, tibbiy sugʻurta sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga asosiy eʼtibor qaratildi.

Bu haqla Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Alisher Shadmanov Oʻzbekistonda 2025 yilgacha sohani rivojlantirish boʻyicha konsepsiya loyihasida koʻplab yoʻnalishlar, jumladan, tibbiy sugʻurta sohasiga ham alohida urgʻu berilayotganini taʼkidladi. 2021 yildan boshlab yurtimizda majburiy tibbiy sugʻurta tizimini bosqichma-bosqich joriy etish, bunda koʻplab rivojlangan davlatlar qatori, Koreya Respublikasining tibbiy sugʻurta tizimini chuqur oʻrgangan holda, bu boradagi ijobiy tajribalarni yurtimizda ham tatbiq etishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.

Oʻz navbatida, Kim Yeng Ik oʻzaro aloqalarning jadal rivojlanib borayotganidan mamnunligini bildirib, tibbiy sugʻurta sohasiga keng toʻxtalib oʻtdi. Qayd etilganidek, Koreya Respublikasi milliy tibbiy sugʻurta tizimi va tibbiyotning rivojlanishi boʻyicha dunyo miqyosida 4-oʻrinda turadi. 40 yillik tajribaga ega mamlakat tibbiy sugʻurta tizimi xalqaro tamoyillar asosida izchil takomillashib bormoqda. Shu sababdan u xalqaro talablarga toʻliq javob beradi va aholining barcha qatlamlari manfaatlarini himoya qiladi.

Muloqot asnosida Koreya Respublikasining tibbiy sugʻurta tizimini bevosita oʻrganish va yutuqlarini mamlakatimizda tatbiq etish sogʻliqni saqlash tizimining takomillashuviga va aholi salomatligini samarali muhofaza qilish tizimini yaratishga xizmat qilishi eʼtirof etildi.

Uchrashuv soʻnggida Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Korea Respublikasi Milliy tibbiy sugʻurta xizmati oʻrtasida yurtimizda tibbiy sugʻurta tizimini joriy qilishda oʻzaro hamkorlik boʻyicha shartnoma imzolandi.

Delegatsiyaning yurtimizga tashrifi davom etmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?