Sogʻliqni saqlash vazirligi: Tibbiy madaniyat shifokorga nisbatan munosabatdan boshlanadi

17:54 10 Iyun 2019 Jamiyat
793 0

Dunyoda Yaratgan tomonidan ato etilgan ikkita kasb bor: birinchisi — oʻqituvchilik, ikkinchisi — shifokorlikdir. Oʻzining olijanob kasbiga sodiq shifokor har kuni barchamizga oliy insonparvarlik maqsadlariga xolis xizmat qilishning yorqin namunasini koʻrsatadi. Shunga qaramay, tibbiyot xodimlari bilan bogʻliq noxush vaziyatlarning tez-tez uchrayotgani, ularni ijtimoiy himoyalash barobarida, huquqiy manfaatlarini taʼminlash ham ayni paytda dolzarb vazifa ekani takror va takror oydinlashmoqda. Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Oʻzbekistonda yana bir shifokorga tahdid qilingan video tarqaldi” sarlavhali materialda aks etgan holatni olaylik.

– Tibbiy madaniyatning birlamchi belgisi shifokorga nisbatan munosabatdan boshlanadi. Minglab, millionlab insonlar dardiga malham boʻlishga bel bogʻlagan tibbiyot xodimlari bemorning qarindoshlari tomonidan haqorat qilinishi, ayrim hollarda esa, hatto, tan jarohati yetkazilishini qanday baholash mumkin? Bundan holatlar shifokorlar ruhiyatiga salbiy taʼsir qilishi, shuningdek, yoshlarning ushbu kasbga nisbatan qiziqishining soʻnishiga sabab boʻlishi mumkin. – deydi Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Elmira Basitxanova. – Jamiyatimizda fuqarolarning shifokorlarga tajovuz qilish kabi holatlarning koʻpayib ketayotganini hisobga olib, ushbu illatning oldini olishni eng samarali yoʻllaridan biri sifatida tibbiyot xodimiga nisbatan sodir etilayotgan noqonuniy xatti-harakatlar uchun qatʼiy javobgarlikni kuchaytirish, huquq-tartibot organlari tomonidan zarur choralar koʻrilishi lozim, deb hisoblaymiz.

Aniqlanishicha, 2019-yil 16-yanvar kuni soat 23:00 larda Navoiy viloyati Navbahor tuman tibbiyot birlashmasi qabul boʻlimida shoshilinch tibbiy yordam boʻlimi navbatchi terapevt shifokori A.E.ga Navbahor tuman “Arabxona” MFYda yashovchi fuqaro I.E 4 oylik farzandining bezovta boʻlganligi sababli navbatsiz kirib keladi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

Shifokor A.E. homilador ayolni tibbiy koʻrikdan oʻtkazayotgan boʻlishiga qaramay, bolasini koʻrishini aytadi. Haqoratli soʻzlar bilan poʻpisa qilib, shifokorga tahdid qilgan va hattoki urmoqchi boʻlgan. Shifokor A.E. pediatr shifokor emasligi hamda pediatr shifokor boʻlimda boshqa, ogʻir ahvoldagi bolani tibbiy koʻrikdan oʻtkazayotganini tushuntirishga qaramay, fuqaro I. E. janjal qilgan va bolasini shifokorlarga koʻrsatmasdan uyiga olib ketgan. Bola bugungi kunda sogʻlom, rejali emlashlarni oʻz vaqtida olib kelmoqda hamda hudud shifokorlarining doimiy nazoratida turibdi.

Ayni paytda ushbu holat yuzasidan Navbahor tuman ichki ishlar boʻlimi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

– Maʼlumotlarga koʻra, birgina Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududlardagi filiallarida 2018-yil va 2019-yilning oʻtgan uch oyi davomida 40 dan ziyod tibbiyot xodimlariga bemor va bemor qarindoshlari tomonidan tan jarohati yetkazish bilan bogʻliq holatlar qayd etilgan. Ularning aksariyati boʻyicha huquq-tartibot organlari tomonidan tegishli choralar koʻrilgan boʻlsada, hamon yetarli chora koʻrilmagan holatlar ham mavjud. Jumladan, Markazning Surxondaryo viloyat filiali pediatriya boʻlimida shifokor G.M.ni tibbiy yordam koʻrsatilayotgan bemorning onasi urgan. Shuningdek, Xorazm viloyat filialida 103 chaqiruvida bemor koʻrigi vaqtida shifokor T.Q.ni bemorning otasi mast holda urgan. Har ikki holat boʻyicha tegishli organlarga xabar berilgan boʻlsa-da, hozircha chora koʻrilgani yoʻq. Bu kabi misollarni yana koʻplab keltirish mumkin. –deydi Sogʻliqni saqlash vazirligi yuridik boʻlimi boshligʻi Ruslan Muhammadiyev. – Afsuski, yuqoridagi kabi illatlar yoʻqolish oʻrniga koʻpayishda davom etmoqda. Quvonarlisi, biz ichki ishlar, prokuratura idorasi yoki sud xodimiga nisbatan bunday tajovuz boʻlganini juda kam eshitamiz. Bunga nima sabab? Sababi bitta. Qonunni bunday shaklda buzmoqchi boʻlgan fuqaro qilmishi uchun oyogʻini yerga tekkizmay olib borib, qamab qoʻyishlari mumkinligini biladi. Bu esa bugungi kunda yaxshi profilaktik samara bermoqda. Ular kabi jamiyat va xalqqa xizmat qilayotgan tibbiyot xodimiga nisbatan tajovuz qilganlik uchun koʻzda tutilgan jinoiy jazolar esa birmuncha liberal. Oqibatda esa hech bir aybi boʻlmagan tibbiyot xodimining sogʻligʻiga tiklab boʻlmaydigan zarar yetkazgan shaxslar ham ayrim hollarda amalda hech qanday jazo oʻtamasdan qolib ketayotganligini achchiq alam bilan qayd etib oʻtmasdan ilojimiz yoʻq.

Nima boʻlganda ham Sogʻliqni saqlash vazirligi tibbiyot xodimlarining huquqlari himoya qilinishini taʼminlash, ularni har qanday noqonuniy xatti-harakatlardan asrash boʻyicha qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlar doirasida bundan buyon ham tegishli choralarni koʻrib boradi. Shifokorlarimizdan esa bu kabi har qanday noxush vaziyat yuzaga kelib qolganda kechiktirmasdan huquq-tartibot organlariga murojaat etishlarini soʻrab qolamiz.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?