Sogʻliqni saqlash vazirligi: Tadbirkorlar tomonidan davlat tibbiyot muassasalari hududida noqonuniy qurilish va faoliyat tashkil qilish taqiqlanadi

15:45 25 Oktyabr 2019 Jamiyat
193 0

Mamlakatimizda har qanday davlat tibbiyot muassasasi hududida tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilish amaldagi qonun va qonunosti hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 6-oktyabrdagi 279-sonli “Davlat mulki obyektlarini xususiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqidagi”gi qaroriga asosan balansda saqlovchi va mahalliy davlat hokimiyati organining birinchi rahbari tomonidan imzolanadigan hamda muhr bilan tasdiqlanadigan xulosasini taqdim etish tartibi joriy etilgan.

Shuningdek, Prezidentimizning 2018-yil 7-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining 11-bandida Sogʻliqni saqlash vazirining roziligisiz davlat tibbiyot muassasalarining yer uchastkalari va koʻchmas mulklari begonalashtirilishi taqiqlanganligi belgilangan.

— Afsuski, shunga qaramasdan bugungi kunda ayrim tadbirkorlar tomonidan Sogʻliqni saqlash vazirligining ruxsatini olmasdan turib, davlat tibbiyot muassasalari hududida noqonuniy qurilish ishlarini olib borish holatlari ham uchrab turibdi, — deydi vazirlikning Qurilish va moddiy texnik taʼminotni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻi Akmal Norbekov. — Masalan, Samarqand viloyati Bulungʻur tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli “Navbahor” qishloq vrachlik punkti hududining 0,10 yer maydonida hammom va savdo majmuasini qurish uchun fuqaro Z.Aliboyevga yer ajratish boʻyicha Sogʻliqni saqlash vazirligining roziligisiz 2018-yilda Bulungʻur tuman hokimining qarori qabul qilingan. Ushbu holat yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga Bulungʻur tumani hokimining qarori ustidan protest keltirilib, Bulungʻur tumani hokimining qarori bekor qilingan. Buning natijasida qurilishi boshlangan binolarni buzish ishlari amalga oshirilmoqda. Shunday ekan, davlat tibbiyot muassasalari xududidan noqonuniy ravishda foydalanish, bino va inshootlarni buzish yoki qurish hamda davlat mulki obyektlaridan noqonuniy foydalanish qatʼiy taqiqlanganligini unutmasligimiz kerak.

Shuningdek, 2017-yilda Surxondaryo viloyati teri-tanosil kasalliklari dispanseri hududidagi 300 kvadrat metrdan iborat yer maydonini “Shifokor Valijon Surxon” xususiy korxonasiga ajratish boʻyicha Termiz shahar hokimining qarori qabul qilingan.Ushbu yer maydonining tadbirkorga berilishi va mahalliy hokimlik balansiga olinishi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 25-fevraldagi 54-son qarori talabiga zid ravishda Sogʻliqni saqlash vazirligining rozilik xati olinmagan. Mazkur holat boʻyicha Surxondaryo viloyati teri-tanosil kasalliklari dispanseri yer maydonini qaytarish maqsadida Termiz shahar hokimining qarori ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga protest keltirilib, Termiz shahar hokimining qarori bekor qilingan hamda noqonuniy qurilishi boshlangan binolarni buzish ishlari amalga oshirilgan.

Xulosa oʻrnida aytganda, davlat tibbiyot muassasalari hududida tadbirkorlik subyektlari tomonidan qonun hujjatlariga asosan, Sogʻliqni saqlash vazirligining ruxsati olingan holda faoliyat amalga oshirilsa maqsadga muvofiq boʻladi. Tadbirkorlar ushbu masala bilan bogʻliq barcha savollariga vazirlikning (71) 239-44-81 telefon raqami orqali javob olishlari mumkin.

Sogʻliqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?