Sogʻliqni saqlash vazirligi sogʻlom ozishni jismoniy faollikdan boshlashga chorlamoqda

17:48 13 Aprel 2019 Jamiyat
350 0

Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan sogʻlom turmush tarziga rioya etish borasidagi ommaviy tadbirlarni oʻtkazish anʼanaga aylandi. Joriy yil 13 aprel, shanba “Sogʻlom ozish kuni” ommaviy tadbirlari doirasida 5 kilometr masofaga faol yurish va velosayr tashkil etilgani ham yuqoridagi saʼy-harakatlarning mantiqiy davomidir.

– Darhaqiqat, yurtimizda sogʻlom turmush tarziga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yaqinda Prezidentimiz tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilayotgan yoshlar taʼlim-tarbiyasi uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish, xotin-qizlar bandligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan 5 ta tashabbusning ikkinchisi bevosita yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etish, sport inshootlari quvvatini oshirishga qaratilgani ham fikrimiz tastigʻidir, – deydi Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov. – Jismoniy faollikka targʻib etuvchi ommaviy tadbirlarni oʻtkazishimizdan maqsad ham aholi, jumladan, yoshlarni bevosita jismoniy tarbiya va sportga jalb etish, qiziqishini oshirish barobarida, faollikni kundalik turmush tarziga aylantirishdir. Muhimi, har haftada tashkil etilayotgan ommaviy tadbirlarimizda qatnashuvchilarning soni oshib borayotgani, ularning jismoniy faollikka boʻlgan qiziqishi har qachongidan ham kuchayayotgani koʻzlagan maqsadlarimiz sari tashlangan dastlabki qadamlardir. Bu ham boʻlsa, kasallikka emas, uning profilaktikasiga asosiy eʼtibor qaratayotganimiz samarasidir.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabariga koʻra, tadbirda faol yurish va velosayrga asosiy eʼtibor qaratilgani bejiz emas. Faol yurish orqali yurak qon-tomir kasalliklari, insult, xavfli oʻsmalar, nafas olish aʼzolarining surunkali kasalliklari va qandli diabet kabi yuqumli boʻlmagan kasalliklarning oldini olgan boʻlamiz.
Velosipedda sayr qilish jismoniy faollikning yana bir qulay va zavqli turi hisoblanadi. Velosayr mushak, yurak-qon tomir tizimini mustahakamlaydi, nafas olish ritmini rivojlantiradi. Tizimli harakatlar yogʻlarning erishiga, shu orqali ortiqcha vazndan qutilishning yaxshi usullaridan biridir.

Shu oʻrinda qayd etish kerakki, semizlikka qarshi kurashda sogʻlom ovqatlanish ham muhim oʻrin tutadi. Jumladan, turli xil sabzovot va mevalarni isteʼmol qilishga odatlanish kerak boʻladi. Yogʻli goʻsht mahsulotlarini dukkakli mahsulotlarga, baliq va parranda goʻshti yoki yogʻsiz goʻshtlarga almashtirish, tuz va qandni imkon qadar kamroq isteʼmol qilish, ovqat bilan birga choy ichmaslik, tabiiy sharbatlar yoki qaynatilgan suv ichish kabi oddiy, ammo muhim qoidalarga rioya etgan maʼqul.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tashkil etilgan ushbu ommaviy tadbirlarda Sogʻliqni saqlash vazirligi xodimlari, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va filiallari, respublika va viloyat tibbiyot muassasalari hamda hududlardagi hamkor tashkilotlar vakillari, tibbiyot oliy oʻquv yurtlari va kollejlari talabalari bilan birga maxalla faollari ham ishtirok etishdi.

Eslatib oʻtamiz, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan joriy yil 9 martda “Yurish kuni”, 16 martda “Yurish boʻyicha marafon kuni” va 23 martda “Salomatlik sari qadam” kuni hamda 30 mart kuni “Velosipedda sayr kuni” hamda 6 aprel Butunjahon salomatlik kuni munosabati bilan mamlakatimiz boʻylab 5 kilometr masofaga faol yurish va gimnastrada kabi ommaviy tardbirlar mamlakatimizning barcha hududlarida tashkil etilgan edi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?