Sogʻliqni saqlash vazirligi: Samarqandda ovqatdan zaharlanganlar 26 nafarga yetdi, ularning ahvoli nazoratga olingan

10:31 09 Oktyabr 2019 Jamiyat
105 0

Joriy yil 7-oktyabr kuni soat 14.10 dan 8-oktyabr soat 24.00 ga qadar viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 26 nafar fuqaro koʻngil aynishi, qayd qilish, bosh ogʻrishi, umumiy holsizlanish, ich ketishi, oshqozon sohasida ogʻriq, tana haroratining koʻtarilishi kabi shikoyatlar murojaat qilishgan.

Ular “Ovqat toksikoinfeksiyasi” birlamchi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan boʻlib, bemorlarga malakali shifokorlar tomonidan tibbiy yordam koʻrsatilmoqda.

Mazkur holat boʻyicha Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan oʻtkazilgan birlamchi epidemiologik surishtiruv natijasida quyidagilar aniqlandi.

Shifoxonaga murojaat qilgan fuqarolar joriy yilning 6-oktyabr kuni soat 13.00 va 17.30 oraligʻida Samarqand shahridagi Siyob dehqon bozori hududida joylashgan “Baxtiyor” MCHJga qarashli xot-dog tayyorlash shoxobchasidan xot-dog va shaurma mahsulotlarini isteʼmol qilishgan. Mazkur shoxobcha oʻrganilganda, shoxobcha oʻz faoliyatini toʻxtatganligi va xot-dog mahsulotlari mavjud emasligi aniqlandi.

– Mutaxassislarimiz tomonidan mazkur xot-dog shoxobchasi atrofidagi xonadonlarda xot-dog va shaurma mahsulotlarini harid qilib, isteʼmol qilgan fuqarolarni aniqlash, tibbiy koʻrikdan oʻtkazish maqsadida tibbiyot xodimlarini jalb etgan holda, uyma-uy koʻriklar tashkil etildi, – deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov. – “Baxtiyor” MCHJda bir kunlik muddatda tekshirish oʻtkazish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakiliga tegishli hujjatlar toʻplanib, buyurtma tayyorlandi.

Bemorlarning ahvoli, yakuniy tashxis hamda oʻtkazilgan profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlar toʻgʻrisida qoʻshimcha axborot taqdim etiladi.

Ushbu vaziyat Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan qatʼiy nazoratga olingan.

Sogʻliqni saqlash vazirligi 
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?