Sogʻliqni saqlash vazirligi: Qozogʻistonda halokatga uchragan har bir bemor sogʻligʻi alohida nazoratga olindi

13:19 21 Aprel 2019 Jamiyat
257 0

Oldin xabar berilganidek, shu yilning 20 aprel kuni tonggi soat 05:09da Qozogʻistonning Jambil viloyati Korday tumanidagi “Chimkent- Olma-ota” trassasining 181 kilometrida avtobus ishtirokida yoʻl – transport hodisasi roʻy bergan edi. 49 nafar yoʻlovchisi boʻlgan avtobusda 11 nafar kishi yoʻl-transport hodisasi oqibatida halok boʻlgan. Baxtsiz hodisa oqibatida vafot etganlarning 3 nafari hamyurtlarimiz boʻlib, 13 nafari turli darajada jarohatlangan.

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning jabrlanganlarga zudlik bilan tibbiy yordam koʻrsatish va yurtimizga olib kelish boʻyicha bergan topshirigʻiga koʻra, hukumat komissiyasi tuzilib, maxsus samolyot ajratildi. Yoʻl-transport hodisasi natijasida jarohatlangan hamyurtlarimiz ushbu bortda mamlakatimizga olib kelindi. Aviabort bilan Sogʻliqni saqlash vazirligining masʼul xodimlari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori Kozim Mahkamov boshchiligidagi shifokorlar guruhi ham yetib bordi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

— Biz maxsus aviabort bilan yetib borganimizda qozogʻistonlik shifokorlar tomonidan jarohatlangan hamyurtlarimizga tezkor birinchi tibbiy yordam koʻrsatilgan edi, — deydi Kozim Mahkamov. — Shifokorlar guruhi Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari bilan jarohatlanganlarni aviabortga chiqargach, bortning oʻzida ular salomatligi qayta tekshiruvdan oʻtkazildi. Kerakli muolajalar zudlik bilan bajarildi. Oʻzbekistonda bizni maxsus jihozlangan “Tez tibbiy yordam” avtomashinalari kutib oldi va bemorlar zudlik bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yetkazildi.

Jarohatlanganlar orasida qoraqalpogʻistonlik 34 yoshli Omirbek Xaytbayevning jarohati ancha ogʻir edi. Agar unga oʻz vaqtida malakali tibbiy yordam koʻrsatilmasa, hayoti xavf ostida qolayotgan edi. Shifokorlarning shoshilinch ravishda urinishlari natijasida Omirbek Haytbayevda murakkab jarrohlik operatsiyasi muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Hozir bemor oʻzini yaxshi his qilmoqda.

— Avariyadan koʻpchiligimiz oʻzimizni yoʻqotib qoʻydik. Chunki qattiq qoʻrqqan edik, — deydi hozirda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida davolanayotgan qashqadaryolik Abbos Oljabayev. —Shunday paytda kimga xabar berish, kimdan yordam soʻrashni ham bilmay qolar ekansan. Shunda eshitdikki, Prezidentimiz bizni Vatanimizga olib ketish uchun samolyot yuborgan ekanlar. Buni eshitib, hammamiz yigʻlab yubordik. Axir, oʻzga yurtda ogʻir ahvolda turganingda sendan xavotir olib, Prezidentning oʻzi samolyot yuborsa bundan quvonmay boʻladimi...? Barcha gʻamxoʻrliklari uchun davlatimiz rahbariga rahmat. Biz qayerda boʻlmaylik, Vatan himoyasida ekanligimizni his qildik.

Hozirda yurtimizga keltirilgan fuqarolarimizga Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida malakali tibbiy-jarrohlik muolajalari koʻrsatilmoqda. 20 aprel soat 12:00 gacha ularning 2 nafariga murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli oʻtkazilgan boʻlsa, ayni paytda yana 3 nafar bemor operatsiya stoliga olingan.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida halokat oqibatida jabrlanganlarga yuqori malakali tezkor va sifatli tibbiy yordam koʻrsatish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Qoʻshimcha dori-darmon va tibbiy vositalar yetkazib berildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?