Sogʻliqni saqlash vazirligi qayta tashkil etiladimi?

15:56 24 Avgust 2018 Jamiyat
388 0

Sogʻliqni saqlash vazirligini Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy taʻminot vazirligi etib qayta tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Oʻzbekiston Prezidentining jamoatchilik muhokamasi uchun eʻlon qilingan sogʻliqni saqlash va ijtimoiy taʻminot tizimlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi farmoni loyihasida soʻz boradi.

Vazirlik faoliyatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilar boʻlishi mumkin:

fuqarolar sogʻligʻini saqlash, aholiga toʻliq va oʻz vaqtida tibbiy xizmat koʻrsatish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish;

profilaktik tibbiyot ustuvorligini taʻminlash, sogʻlom turmush tarzini joriy etish, aholining tibbiy madaniyati va savodxonligini oshirish, eng avvalo salomatligi uchun javobgarlik hissini tarbiyalash;

aholining reproduktiv salomatligi va onalar salomatligini muhofaza qilish, millat genofondini yaxshilash maqsadida sogʻlom avlod tugʻilishi va uni tarbiyalash uchun qulay sharoitlarni yaratish, aholi hayoti davomiyligini va sifatini oshirish;

jamoat salomatligi va aholining sanitar-epidemiologik farovonligini rivojlantirish sohasida davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlarini ishlab chiqish;

aholiga koʻrsatilayotgan dastlabki, tez, shoshilinch va ixtisoslashgan tibbiy yordamning hammabopligi va tezkorligi darajasini oshirish;

tibbiyot fanlarini rivojlantirish, ilmiy tibbiy islohotlar samaradorligini oshirish, ilm-fan, texnika va ilgʻor tajribalarini sogʻliqni saqlash amaliyotiga joriy etish, oliy va oʻrta maxsus tibbiy hamda farmatsevtik taʻlimni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va prognozlash;

nogironligi boʻlgan shaxslar, jumladan nogironligi bor bolalar, urush qatnashchilari, veteranlar, yolgʻiz keksalar va aholining boshqa zaif qatlamlariga koʻrsatilayotgan ijtimoiy yordamni tabaqalashtirish va manzilligini kuchaytirishga qaratilgan ijtimoiy siyosat mexanizmlarini takomillashtirish;

nogironlikdan ogohlantirish, keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga manzilli ijtimoiy yordam koʻrsatish, ularga koʻrsatilayotgan ijtimoiy yordam darajasi va sifatini oshirish boʻyicha choralarni takomillashtirish;

keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiylashtirish, tibbiy, ijtimoiy va kasbiy reabilitatsiya uslublarini joriy etish choralarini takomillashtirish;

ishlab chiqarilayotgan protez-ortopedik va texnik reabilitatsiya vositalari sifatini yaxshilash va assortimentini kengaytirish;

dori va dizenfiksion, sanitar-gigiyenik va parfyumer-kosmetik vositalar va tibbiy jihozlar, kuchli taʻsir koʻrsatuvchi va zaharli moddalar, narkotik, psixotrop vositalarni standartlashtirish va sertifikatlash, ularni ishlab chiqarish va ulardan foydalanish ustidan nazoratni taʻminlash va boshqalar.

Farmon bilan 2019−2029 yillarda Jamiyat sogʻligʻini saqlash va fuqarolar salomatligini muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash rejalashtirilmoqda. Hujjat muhokamasi 5 sentyabrga qadar davom etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?