Sogʻliqni saqlash vazirligi: Oʻzbekistonda oʻn uchinchi vaksina milliy emlash kalendariga kiritildi

19:49 12 Mart 2019 Jamiyat
322 0

Foto: Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan “Oʻzbekistonda papilloma virusiga qarshi yangi vaksinaning tatbiq etilishi: maqsad va kutilayotgan natijalar” mavzuida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Sogʻliqni saqlash vazirligi, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, YUNISЕF va YUNFPAning Oʻzbekistondagi vakolatxonalari masʼullari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. 

Matbuot anjumanida aytilishicha, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, har yili dunyo miqyosida 370 mingdan ortiq ayolda bachadon boʻyni saratoni birinchi bor qayd etiladi. Ulardan 190 mingtasi ushbu kasallik oqibatida vafot etadi. Dunyoda boʻlgani kabi Oʻzbekistonda ham bachadon boʻyni saratoni barcha yoshdagi ayollar oʻrtasida koʻkrak bezi saratonidan keyingi oʻrinda turadigan va keng tarqalgan saraton xastaligi hisoblanadi. Kasalliklardan oʻlim koʻrsatkichi boʻyicha esa, bachadon boʻyni saratoni barcha yoshdagi ayollar oʻrtasida koʻkrak bezi va oshqozon saratonidan keyin uchinchi oʻrinda va tugʻish yoshidagi ayollar (15 — 44 yosh) orasida esa bachadon saratonidan oʻlim koʻrsatkichi boʻyicha ikkinchi oʻrinda turadi.

Maʼlumotlarga koʻra, har yili Oʻzbekistonda 1600 nafardan ziyod ayol bachadon boʻyni saratoni kasalligiga chalinmoqda. Odam papillomasi virusiga (OPV) qarshi emlash esa ayollarda uchraydigan bachadon boʻyni saratonining oldini olishning samarali usullaridan biri hisoblanadi. Oʻsmir yoshdagi qizlarni rejali emlash kelgusida 1100 ta kasallanish holati va bachadon boʻyni saratoni kasalligidan yuzaga keladigan oʻlim holatining oldini olishga yordam beradi. OPVga qarshi rejali emlash 92 davlatda, ular orasida JSST Yevropa mintaqasidagi 36 davlatda ham qoʻllanib kelinmoqda. Emlashning bachadon boʻyni saratonini kamaytirishdagi yuqori samarasi klinik sinovlar davrida, shuningdek, ushbu vaksina koʻp yillardan beri qoʻllanib kelinayotgan davlatlar (Avstraliya, Kanada, Daniya, Irlandiya, Shvetsiya, Finlyandiya, Yangi Zelandiya, Shotlandiya, AQSH) misolida koʻringan.

Milliy emlash kalendari boʻyicha yurtimizda bolalar 12 ta boshqariladigan infeksiyaga qarshi davlat hisobidan profilaktik emlanadi. OPVga qarshi vaksinaning 13-emlash sifatida joriy qilinishi esa yana bir ogʻir kasallik — bachadon boʻyni saratoni xastaligining oldini olishga xizmat qiladi. Joylarda Global vaksina va immunizatsiya alyansi yordamida qurilayotgan muzlatkichli omborlarda vaksinalar sifatli saqlanadi va tarqatiladi. Vaksinalar joriy yilning birinchi yarmida yurtimizga olib kelina boshlaydi. Oktabr oyidan boshlab esa 400 ming nafarga yaqin 9 yoshli qizlar maktablarda va tibbiyotning birlamchi boʻgʻinlarida emlanadi. 2020 yil aprelida ular ikkinchi marta emlanadi.

— 2010 yilda mamlakatimizning bir necha viloyatlaridan 8000 nafar qiz ushbu vaksina bilan emlandi va ular diqqat bilan kuzatildi. Hozirgi paytda ayrimlarining oilasi va farzandlari bor. Oʻtgan davrda ularning reproduktiv salomatligida emlashning hech qanday nojoʻya taʼsir yoki asorati kuzatilmadi, — deydi Sogʻliqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologiya nazorati bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Dilorom Tursunova. — Joriy yildan boshlab ushbu vaksina milliy emlash kalendariga kiritiladi va qizlar davlat hisobidan bepul emlanadi. Natijada, Oʻzbekistonda 2060 yillarga borib ayollarning bachadon boʻyni saratoni bilan kasallanish holatlariga barham beriladi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?